Millat qahramonlari: koronavirus davrida tonnalab bepul un tarqatgan tadbirkor bilan suhbat
Intervyu
−
01 aprel 2020
17784Xabaringiz bor, joriy yilning 15 mart kuni O‘zbekistonga ham koronavirus balosi kirib keldi. Ayni vaqtda mamlakatda kshbu xastalikka chalinganlar 167 kishini tashkil etmoqda. 7 kishi virusni kechib o‘tib, sog‘aydi va oilasi bag‘riga qaytdi. Ikki kishi esa bevaqt o‘lim topdi.
Mamlakatda koronavirus COVID-19 infeksiyasi keng tarqalishining oldini olish maqsadida fuqarolarning uyda o‘tirishi tavsiya qilinmoqda. Ayni bugungidek og‘ir kunlarda, odamlar endigina qishdan chiqib, ro‘zg‘orining kamini to‘ldiradigan bir vaqtda o‘zidan avval boshqa insonlarni o‘ylab, yaxshilik qiluvchi sahovatpesha insonlar haqida eshitib turibmiz. Mana shunday insonlardan biri qashqadaryolik tadbirkor Saidali Niyozov bo‘lib, o‘zi tug‘ilib o‘sgan qishlog‘idagi yordamga muhtoj insonlarga tonnalab bepul un tarqatdi.
QALAMPIR.UZ to‘rt farzandning otasi bo‘lgan sahiy tadbirkor bilan suhbat uyushtirdi. Avvaliga Saidali aka yaxshilik qilganingni bir qo‘ling bilsa, ikkinchisi bilmasligi kerakda deya unamadi. Lekin xalqning, davlatning og‘ir kunida o‘zligini saqlagan tadbirkorlar boshqalariga o‘rnak bo‘lishini tushuntirganimizdan so‘ng intervyuga rozi bo‘ldi.
—Avvalo QALAMPIR.UZ sayti bilan suhbat uyushtirishga rozi bo‘lganingiz uchun rahmat. O‘zingiz haqingizda ma’lumot bersangiz.
— 1984 yil Qashqadaryoning Chiroqchi tumanidagi o‘rta maktabni tamomlab, Toshkentga ta’lim olish uchun kelganman. O‘sha vaqtdagi Toshkent xalq xo‘jaligi instituti (hozirgi Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti)ning iqtisodiyot fakultetini tamomlaganman. Iqtisodiy qiyinchiliklar bois kunduzi Toshkent don mahsulotlari korxonasida oddiy ishchi bo‘lib ishlardim, kechasi ta’lim olardim. Keyinchalik diplomni olgach, mutaxassisligim bo‘yicha mazkur korxonaga bosh hisobchi o‘rinbosari etib tayinlanganman. Bir necha yil shu tizimda mehnat qildim. Rahbar lavozimlarda ishladim.
Sog‘lig‘im ko‘tarmagani sabab 2018 yildan boshlab tadbirkorlik bilan shug‘ullana boshladim. Ishlamay yotgan bir korxonani bankdan kredit olib qayta ishga tushirdik. Korxonamiz un va omuxta yem ishlab chiqarishga moslashgan. “Agro savdo holding” MCHJda 2019 yilning o‘zida 40 dan ortiq yangi ish o‘rni tashkil qildik. Iqtisodchi bo‘lganim uchun qo‘shni Afg‘oniston bozori, undagi narxlarni o‘rgandim. Ishlab chiqargan mahsulotlarimizning 80 foizini ekport qildik. 2020 yildan boshlab Olmaliq shahrida korxonamizning yangi filialini ochdik. Hozirda umumiy 56 ta ishchimiz bor.
— Tonnalab tekinga un tarqatish, qiynalganlarga yaxshilik qilish fikri sizga qayerdan keldi?
— Koronavirus kirib kelishi bilan barcha xarajatlarimizni hisoblab, unimizning narxini 5 foizga tushirdik. Avvallari bir qop sifatli unimizning narxi 160 ming so‘m edi. Hozir uning narxini 152-153 ming so‘mga baholayapmiz. O‘tgan haftaning boshida Chiroqchi tumani Zum qishlog‘idagi bir xonadondan koronavirus bilan kasallangan bemor haqida eshitib qoldim. U yerdagi sharoitni yaxshi bilaman. Odamlar juda qiynalgan. 15-20 kilometr atrofida marketlar yo‘q. Odamlar asosan iste’mol qiladigan mahsulot bu – non. O‘sha qishloqdagi qiynalgan aholining sonini hisoblab, har bir xonadonga 25-30 kilogrammdan, 15 tonna un tarqatishni ko‘nglimga tugdim. Tuman hokimligi rahbarlariga katta tashakkur. Ezgu ishlarimizni amalga oshirishimizga yaqindan yordam berishdi. Alloh ulardan rozi bo‘lsin.
— Siz kabi tadbirkorlarga mana shunday qiyinchilik davrida beradigan tavsiyalaringiz qanday?
— Hozirgi qiyin davr o‘tkinchi. Albatta, yaxshi kunlar keladi. Barchamiz sinovdamiz. Sinovda barchamiz bir-birimizni qo‘llab-quvvatlashimiz kerak. Bunday vaziyatda insonlarning bir-biriga yordam berishi farz amali hisoblanadi. Biz ishlab chiqaruvchimiz. Bizdan savdo do‘konlari vakillari ulgurji narxda un sotib olishadi. Hozir ularga ortiqcha narx qo‘yma, odamlarni o‘yla, qiyinchilikdan foydalanib topgan puling bir umr senga tatimaydi, oxiratingni o‘yla deb aytaman. Hammasini qiyinchilikda vijdonini saqlashga chorlayman.
— Koronavirus davrida tadbirkorlarga davlat tomonidan yaratilgan imkoniyatlarga fikringiz qanday?
— Hozir har bir mamlakatda katta qiyinchiliklar davri ketmoqda. Fuqarolar Hukumat qo‘ygan talablarni bajarib uyida o‘tirsa, bu bilan o‘zi va yaqinlarining hayotini saqlab qolgan bo‘ladi. Shukrki, Davlatimiz rahbari biz kabi endigina o‘zini eplayotgan tadbirkorlarni tashlab qo‘ymadi. Millionlab kreditlar to‘lab kelayotgan edik. Kreditlarni to‘lash muddatini 6 oyga muzlatib berishdi. Bunaqa sharoit ancha-muncha davlatda yo‘q, menimcha. Hech kim nega qarzingni to‘lamayapsan deb kelmayapti. Davlat tadbirkorga shuncha imkon berganda, nega biz narxni oshirishimiz, faqat o‘zimizning cho‘ntagimizni o‘ylashimiz kerak? Bunday qilsak nonko‘rlik hisoblanadi. Odam shunday qiyinchilikda sinaladi-ku axir.
P/S.: Barcha muqaddas dinlarda insonlarning bir-biriga yaxshilik qilishi ulug‘lanadi. Ezgu fazilat sifatida qaraladi. Yaxshilik qiluvchi insonda o‘z hayotidan qoniqish paydo bo‘ladi. Yashayotgan kunlaridan rozi bo‘ladi. Bejizga oluvchi qo‘llar yaxshi yashashi mumkin, lekin beruvchi qo‘llar yaxshi uxlaydi deb aytishmagan. Muqaddas Islom dinida ham yaxshilik qiluvchilarga oxiratda jannatlar va’da qilingan. Qilgan ezguliklari o‘zlariga soyabon bo‘lishi haqida muqaddas oyat-u hadislar mavjud. Ilohim, mana shunday millati, davlatini o‘ylaydigan tadbirkorlar soni ko‘paysin. Barchamiz mashaqqatli davrdan sabr bilan o‘tib olaylik.
LiveBarchasi