Milliardlar qayerga ketdi? Oliy Majlis Behzod Musayevga parlament so‘rovi yubormoqda
Olam
−
09 fevral 2022
15766Sog‘liqni saqlash vazirligiga 2021 yilda koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish va vaksina sotib olish xarajatlari uchun dastlab 3 trln so‘m, 2021 yil 5 noyabrda qabul qilingan “2021 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartishlar kiritish haqida”gi qonun bilan qo‘shimcha ravishda 1?2 trln. so‘m, jami 4,2 trln so‘m mablag‘ ajratilgan.
Shuningdek, koronavirusga qarshi kurashish tadbirlariga jalb qilingan tibbiyot xodimlarini va boshqa kasbdagi xodimlarni rag‘batlantirish xarajatlariga 1 413,9 milliard so‘m, dori-darmon vositalari, gigiyena va zararsizlantiruvchi vositalar uchun 604,2 mlrd so‘m, bir marotabalik shaxsiy himoya uchun kombinezonlar, qo‘l va yuz niqoblari hamda boshqa xarajatlar uchun 89,5 mlrd so‘m, oziq-ovqat mahsulotlariga 86,6 mlrd so‘m ajratilgan.
Laboratoriya reagentlari, pirometrlar, test tizimlari va boshqa xarajatlarga 113,9 mlrd so‘m, vaksina sotib olish uchun 1 328,8 mlrd so‘m, emlash punktlarini tashkil etishga 9,8 mlrd so‘m, Toshkent shahrida va Namangan viloyatida koronavirusga qarshi kurashish bo‘yicha tibbiyot markazlarini tashkil etish xarajatlariga 270,6 mlrd so‘m va boshqa xarajatlar uchun 174,5 mlrd so‘m ajratilgan.
Ammo Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan 2021 yilning birinchi yarim yilligidagi faoliyat to‘g‘risida taqdim etilgan axborotda, shuningdek, Vazirlar Mahkamasi tomonidan Davlat byudjeti ijrosining borishi yuzasidan taqdim etilgan hisobotlarda, Moliya vazirligi taqdim etgan axborot va materiallarda koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish hamda vaksina sotib olish xarajatlari uchun ajratilgan mablag‘larning ishlatilishiga doir ma’lumotlar o‘z aksini topmagan.
Shuningdek, Qonunchilik palatasi Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasining so‘rovi bo‘yicha ham Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan zarur ma’lumotlar taqdim etilmagan.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida Sog‘liqni saqlash vaziri Bekzod Musayevga “2021 yil uchun O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish tadbirlari uchun ajratilgan mablag‘larning oqilona sarflanishi bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida” Qonunchilik palatasining parlament so‘rovini yuborish haqida qaror qabul qilindi.
LiveBarchasi