AQSHdan O‘zbekistonga dahshatli sanksiya?

Tahlil

AQSH senatorlari Rossiyadan gaz, neft va boshqa resurslar sotib oladigan davlatlarga qarshi “halokatli” sanksiyalar ishlab chiqdi. Bunday davlatlar orasida O‘zbekiston ham bor va uning mazkur ro‘yxatdan o‘rin olmasligini hech narsa kafolatlamaydi.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligining Rossiyada zug‘umga uchrayotgan, muttasil tahqirlanib kelinayotgan migrantlar yuzasidan yuborgan notasi Moskva tomonidan ko‘rib chiqilmoqda.

Dunyo siyosatidagi eng qudratli doiralarni yorib o‘ta olmagan yoki bu ishni qilishni xohlamagan G‘azo blokadasini 22 yoshli qiz Greta Tyunberg kichik kemada buzib o‘tmoqchi bo‘ldi.

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning betobligi haqida chiqayotgan xabarlar Anqara tomonidan rad etildi.

Mask va Trampning “jang sahnasi” yakuniga yetdi. Dunyoning eng boy odami dunyoning eng qudratli davlati rahbaridan uzr so‘radi.

Haftaning o‘rtasiga qadar dunyoda ro‘y bergan muhim voqea-hodisalar tafsiloti bilan QALAMPIR.UZ'ning Midweek dasturi.

AQSH Senati Rossiyaga “sovg‘a” tayyorladi

AQSH Senati esa Rossiya tinchlik muzokaralaridan chiqgudek bo‘lsa, ehtiyot shart sifatida halokatli sanksiyalar tayyorlab qo‘ygani aytilmoqda. Rossiya iqtisodiyotiga kuchli zarba beradigan sanksiyalar loyihasini Janubiy Karolinadan saylangan respublikachi senator Lindsi Grem va Demokratlar partiyasidan bo‘lgan senator Richard Blumental tayyorlagan. Bu loyiha Moskvaga Ukraina bilan tinchlik muzokaralaridan bosh tortgan taqdirda, Rossiya bilan savdo qilayotgan davlatlardan import qilinadigan mahsulotlarga 500 foizlik boj joriy etishni ko‘zda tutadi. Gap asosan Rossiya nefti, uran, gaz, neft mahsulotlari va boshqa xomashyo turlari haqida ketmoqda. “Politico” ning yozishicha, bunday boj joriy etilishi AQSHni yirik jahon iqtisodiyotlaridan, jumladan, Yevropadagi ittifoqchilaridan ham uzib qo‘yishi mumkin. Buni hisobga olgan holda Lindsi Grem agar biror davlat Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatsa, uni sanksiya xavfidan ozod qilishni taklif qilgan. Bu holatda Yevropa Ittifoqi 500 foizlik bojdan mustasno qilinadi. Shunday bo‘lishiga qaramay, mutaxassislar senatorning tashabbusiga shubha bilan qaramoqda.

Ammo loyiha Senatda keng ikki partiyaviy qo‘llab-quvvatlashga ega bo‘lib, 82 nafar qonunchi imzo qo‘ygan. Biroq ayrimlar bu qonun loyihasini tanqid qilmoqda. Masalan, Kentukkidan saylangan senator Pol Rend uni “yaxshi o‘ylab chiqilmagan qonun loyihasi” deb atagan. Senatdagi respublikachilar yetakchisi Jon Tyun Senat ushbu qonun loyihasini joriy yilning iyun oyi oxirida ko‘rib chiqishi mumkinligini aytgan. Respublika partiyasining senatorlari bu masalada Oq uyning roziligini olishni istamoqda. Tramp esa so‘nggi paytlarda Senatdan Rossiyaga yangi sanksiyalar kiritish jarayonini to‘xtatib turishni so‘ragani haqida xabarlar bor. AQSH Prezidenti bu qadam Kreml bilan muzokaralarni barbod qiladi, deb hisoblaydi. Biroq nima bo‘lgan taqdirda ham bu Rossiyaga to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘llanadigan sanksiyalar emas, balki u bilan oldi-berdi qiladiganlar orqali qo‘llanadigan paket. Bunda esa Rossiyaning hozirgi kundagi eng kuchli qurollaridan biri – tabiiy boyliklar asosiy ob’ekt hisoblanadi.

Endi esa shu o‘rinda Rossiya O‘zbekiston uchun eng yirik ikki savdo hamkoridan biri ekani, boz ustiga undan import qiladigan gaz hajmi katta ekaniga e’tibor qaratish lozim. Masalan, O‘zbekiston 2023 yilda Rossiyadan 300 million kub metr gaz import qilgan. Ammo o‘sha yil 7 oktyabrda respublikada gaz tanqisligining bir qismini qoplash uchun Rossiyadan O‘zbekistonga Qozog‘iston orqali gaz yetkazib berishga kelishildi. Shartnoma ikki yilga tuziladigan bo‘lib, sotib olish hajmi kuniga 9 million kubometrni tashkil etishini Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudovning o‘zi ma’lum qilgan. Kuniga 9 million kubometr gaz importi yiliga 2,8 milliard kubometr degani. Shuningdek, Rossiya energiya resurslari eksportining qariyb 70 foizi Hindiston va Xitoyga to‘g‘ri keladi. Boj stavkalari bu davlatlarga ham taalluqli bo‘lishi mumkin. Xitoy mahsulotlariga 500 foizlik boj joriy etilishi AQSHning o‘zida narxlarning keskin oshishiga, ta’minot zanjirlarining uzilishiga, ishsizlikning ko‘payishiga olib kelishi mumkin. Shu bois Pekin bu masalada xavotir olmasa ham bo‘ladi. Ammo O‘zbekistonning qo‘lida bunday kuchli karta mavjud emas.

Rossiya O‘zbekistondan olgan notaga munosabat bildirdi

Bir necha kun oldin O‘zbekiston Rossiyaga u yerda mehnat muhojiri sifatida ishlab kelayotgan fuqarolariga nisbatan kuch ishlatar tuzilmalar tomonidan qilinayotgan qo‘pol, inson huquqlariga zid harakatlar yuzasidan nota yuborib, huquq-tartibot organlarining faoliyatiga huquqiy baho berilishini so‘ragandi. Shundan so‘ng, Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarova ular O‘zbekistondan qabul qilingan notadagi ma’lumotlarni diqqat bilan ko‘rib chiqayotgani va vakolatli organlarga yetkazilayotganini ma’lum qildi. Zaxarova olingan ob’ektiv ma’lumotlar belgilangan tartibda Toshkentga uzatilishini ham qo‘shimcha qildi.

“O‘zbekiston elchixonasidan nota olinganligi munosabati bilan undagi ma’lumotlarni sinchkovlik bilan o‘rganmoqdamiz. Huquqni muhofaza qilish va boshqa xizmatlar orqali bizda bevosita aloqa kanallari mavjudligini qayd etmoqchiman. Ittifoqchilar o‘rtasida odat bo‘lganidek, suhbat ochiq va har qanday signal diqqat bilan ko‘rib chiqiladi. O‘zbekiston tomonining yuqorida qayd etilgan murojaati vakolatli organlarga yetkaziladi. Qabul qilingan ob’ektiv ma’lumotlar belgilangan tartibda sheriklarga o‘tkaziladi”, dedi Zaxarova.

Shuningdek, Rossiya TIV so‘zamoli Toshkent va Moskva mustahkam ittifoqchilik va har tomonlama strategik sheriklik munosabatlariga ega ekanini, ikki tomonlama munosabatlarning barcha masalalariga shu nuqtai nazardan yondashilayotganini ta’kidlagan. Ammo so‘nggi paytlarda Rossiya kuchishlatar tuzilmalarining o‘zbek migrantlarga qilayotgan g‘ayriinsoniy harakatlari buning aksini ko‘rsatmoqda. Migrantlar ular bilan bog‘liq masalalarda huquq chegarasidan chiqish holatlaridan aziyat chekyapti. Bu har holda do‘stlik, sheriklik va ittifoqchilikdan ancha yiroqdagi munosabat. O‘zbekistonlik migrantlarga rus kuchishlatar tuzilmalari tomonidan qilinayotgan tahqirli harakatlarga chetdan nazar tashlansa, ikki mamlakat bir-biriga ittifoqchi ekaniga ishonish qiyin.

Erdo‘g‘anning sog‘lig‘i yomonlashdimi?

Uzoq vaqt hokimiyatda qolgan shaxslar haqida ko‘p uchraydigan xabarlardan biri bu ularning sog‘lig‘i bilan bog‘liq taxminlar yoki mish-mishlardir. So‘nggi paytlarda mazkur xabarlar Checheniston rahbari Ramzan Qodirov atrofida juda ko‘p urchidi. Undan oldinroq esa Vladimir Putin ham qandaydir dardga chalingani, bu jiddiy ekani haqidagi xabarlar tez-tez quloqqa chalinardi. Ayni damda ushbu gap-so‘zlar Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anga nisbatan ham aytilishi ancha ko‘paydi. Ammo Turkiya Aloqa boshqarmasi huzuridagi Dezinformatsiyaga qarshi kurash markazi Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘anning sog‘lig‘i yomonlashgani haqidagi da’volarni rad etdi. Markazga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlar, xususan YouTube kanallarida Prezidentning sog‘ligi yaxshi emasligi haqida xabarlar tarqatilgan. Biroq bu xabarlar haqiqatga zid, Erdo‘g‘anning esa ahvoli yaxshi va u o‘z vazifasini bajarishda davom etmoqda. Shuningdek, Dezinformatsiyaga qarshi kurash markazi Erdo‘g‘anning sog‘lig‘i bilan birga xotirasi ham yaxshi ekani, uning bardam holda qarorlar qabul qilayotganini ham bildirgan. Unga ko‘ra, davlat rahbarlari, siyosatchilar va boshqa rasmiy shaxslar Prezident Erdo‘g‘anning muammolarga chuqur tushunishi, kuchli xotirasi va qat’iy qarorlar qabul qila olishiga guvoh bo‘lmoqda.

Shu o‘rinda bir narsani ta’kidlab o‘tish joizki, Turkiyaning 23 yillik yorqin lideri xasta ekani haqidagi xabarlar birinchi bor chiqayotgani yo‘q. Bundan 2 yil oldin ham prezidentlik saylovi arafasida jonli efir paytida ham uning ahvoli yomonlashib qolganiga ko‘pchilik guvoh bo‘lgan. 2023 yilda jonli efir paytida Turkiya rahbarining ahvoli yomonlashgandi. O‘shanda Erdo‘g‘an jurnalistlarning 14 may kuni bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovi bilan bog‘liq savollariga jonli efirda javob berayotganida efir boshlanganidan bir necha daqiqa o‘tib to‘xtatildi va bu pauza 20 daqiqa davom etdi. Translyatsiya qayta tiklanganidan keyin Prezident jurnalistlarga oshqozoni qattiq shamollaganini aytdi.

“Kecha va bugun saylovoldi ishlari qizg‘in kechdi. Shunday qilib, men oshqozon grippiga duchor bo‘ldim. Men hatto dasturni bekor qilish haqida o‘yladim. Lekin biz va’da bergan edik va keldik. Biz ham vaqti-vaqti bilan shunday muammolarga duch kelamiz, siz va tomoshabinlarimizdan uzr so‘rayman”, degan Erdo‘g‘an.

Shundan so‘ng ba’zi OAVda Erdo‘g‘an miokard infarktini boshidan o‘tkazgani haqida xabarlar tarqaldi. Rasmiy Anqara esa o‘shanda bunday xabarlarni rad qilgandi. Turkiya vitse-prezidenti Fuat O‘qtay o‘zining Twitter’dagi sahifasida Erdo‘g‘anning sog‘lig‘i juda yaxshi ekaniga ishontirdi. Ammo oradan qisqa vaqt o‘tgach, Erdo‘g‘an sog‘lig‘i yomonlashgani haqidagi mish-mishlardan so‘ng “Oqquyu” atom elektr stansiyasining yadroviy yoqilg‘i yetkazib berish marosimida onlayn shakldagina ishtirok etgan.

22 yoshli Greta Isroilga qarshi

22 yoshli ijtimoiy-siyosiy faol, dunyoga esa asosan ekofaol bo‘lib tanilgan qiz Greta Tunberg kichik kema va bir nechta hamrohlari bilan Isroil zulm devorini buzib o‘tmoqchi bo‘ldi. U 1 iyun kuni Ozodlik flotiliyasi tashkiloti nomidan “Madlin” kemasida Sitsiliyadagi Kataniya portidan G‘azo sektoriga yo‘l olgandi. Bortda o‘nga yaqin odam, jumladan, Yevroparlament deputati Rima Hassan ham bo‘lgan. Bu flotiliyaning qisqa vaqt ichida ikkinchi bor G‘azoga yordam jo‘natishga urinishi edi. Jumladan, may oyi boshida ham allaqachon tashkilot Yevropadan G‘azo sektoriga missiya jo‘natmoqchi bo‘lgandi. Biroq Tunberg missiyaga qo‘shilishi kerak bo‘lgan Malta qirg‘oqlari yaqinida kemada to‘satdan yong‘in sodir bo‘ldi. Kema tunda uchuvchisiz samolyotlar tomonidan hujumga uchraganini bildirgan faollar voqeada Isroilni ayblagandi. Bu safargi urinishda esa ular 9 kun davomida suzdi va qirg‘oqqacha yetib keldi.

Isroilning aqldan ozgan Mudofaa vaziri Kats esa “Madlin”ning Falastin hududi qirg‘oqlariga yetib borishiga yo‘l qo‘ymaslik haqida buyruq berdi. Shundan so‘ng Isroil harbiy-dengiz kuchlari G‘azo sektoriga ketayotgan “Madlin” kemasi bortidagi gumanitar yordam va faollarni tutib oldi. Kema harbiylar nazorati ostida Isroil qirg‘oqlariga jo‘natilgan. Isroil TIV “Madlin” yo‘lovchilari o‘z vatanlariga qaytarilishi, bortdagi gumanitar yordam esa “gumanitar kanallar” orqali G‘azo sektoriga jo‘natilishini ma’lum qildi. Ozodlik flotiliyasi ham kema ekipaji hibsga olingani va yuk musodara qilinganini tasdiqladi. Faollar e’lon qilingan videolarda hibsga olinishini odam o‘g‘irlash deb ta’riflagan. Flotiliya o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida kema xalqaro suvlarda hujumga uchraganini yozdi. Unga ko‘ra, kvadrokopterlar kemani o‘rab olishgan, aloqa uzilgan, radioda xavotirli tovushlar yangragan. Shu bilan birga, faollar vakili Xuvaydo Arraf Isroilning xatti-harakatlari xalqaro huquq normalariga zid ekanligini, chunki ular Xalqaro sudning G‘azo sektoriga gumanitar yordamning to‘siqsiz yetib borishi haqidagi avvalgi qaroriga to‘g‘ri kelmasligini ta’kidladi.

Shvetsiyalik ekofaol Greta Tunberg Isroildan deportatsiya qilindi. U dastlab Fransiyaga, so‘ng u yerdan Shvetsiyaga qaytishi kerak edi. Parijga qaytgach, Greta aeroportda intervyu berib u va hamrohlari Isroil harbiylari tomonidan o‘g‘irlab ketilganini aytdi. Ammo u bu bilan to‘xtab qolmaslikni, shunga o‘xshash missiyalar G‘azo blokadasini to‘xtatish uchun yordam berishiga ishonchi komil ekanini ta’kidladi. U bilan hamkorlik qilgan Ozodlik flotiliyasi nodavlat tashkiloti esa 2010 yilda ish boshlagan bo‘lib, tashkilotning rasmiy maqsadi G‘azo sektoriga gumanitar yuklarni yetkazib berishdir. Ozodlik flotiliyasining 2010 yil may oyida G‘azo sektori qirg‘oqlariga suzib borishga birinchi urinishi shu kungacha eng mashhur missiyalardan biri edi. O‘shanda Isroil harbiy-dengiz kuchlari faollar bilan oltita kemani tutib olgan, biroq ulardan birida qarshilikka duch kelgan. To‘qnashuvda 9 nafar faol halok bo‘lgan – ularning barchasi Turkiya fuqarolari edi. 30 yo‘lovchi va 10 dan ortiq isroillik askarlar jarohatlangan.

Mask-Tramp janjali tugadi. Ilon uzr so‘radi

Ilon Mask va AQSH Prezidenti o‘rtasida X va Truth Social platformalarida kechgan “postlar jangi” nihoyasiga yetdi. Mask o‘tgan hafta jamoatchilik orasida shov-shuvga sabab bo‘lgan AQSH Prezidenti Donald Tramp haqidagi so‘zlari uchun afsusda ekanini bildirdi. 11 iyun kuni u X’dagi sahifasida bu juda uzoqqa cho‘zilib ketganini ta’kidladi. Milliarder va Prezident o‘rtasidagi mojaro tadbirkor Hukumat samaradorligi departamenti (DOGE) boshlig‘i lavozimini tark etganidan so‘ng darhol yuzaga keldi. Bunga asosiy sabab esa Trampning Maskka qarashli Tesla kompaniyasi faoliyatiga kuchli ta’sir qiluvchi subsidiyalarni qisqartirish haqidagi loyihasi edi. Ilon Mask Prezident tomonidan imzolangan mazkur loyihani “jirkanchlik” deb atab, uning saylovoldi kompaniyasi uchun sarflagan pullarini minnat qildi. Shundan so‘ng, hammasi tezlik bilan yuz berdi. Mask X’da o‘ziga xos “qo‘zg‘olon” ko‘tardi. U o‘z sahifasida Qo‘shma Shtatlarda “uchinchi siyosiy partiya” tuzish zarurligi bo‘yicha so‘rovnoma ham joylashtirdi. So‘rovnomada qatnashganlarning 80 foizidan ortig‘i bu tashabbusni qo‘llab-quvvatladi. Mask hatto Trampga impichment e’lon qilish masalasini ham o‘rtaga tashladi. Tramp esa bularning barchasiga javoban milliarderni aqldan ozgan deya ta’rifladi.

Shundan so‘ng Oq uy ikki o‘rtada yarashuv tashkillashtirishga harakat qilayotgani haqida xabarlar chiqdi. Ammo Tramp Mask bilan munosabatlarni tiklamaslikka qaror qilgani aytildi. Bu orada milliarderning otasi Errol Mask Rossiyada edi. U o‘g‘li charchagani sababli AQSH Prezidenti Donald Trampga qarshi xato fikrlar aytganini bildirdi. Rossiyaning Sargrad instituti ishtirokida Moskvada tashkil etilgan “Kelajak forumi 2050” anjumanida qatnashishi Errol Mask o‘g‘li anchadan buyon stressda bo‘lganini ma’lum qildi.

“Tramp g‘alaba qozonadi – u Prezident. U Prezident etib saylangan. Ilon esa xato qildi, deb o‘ylayman. U charchagan, stressda. Besh oy davomida tinimsiz stress ostida yashadi”, degan Ilon Maskning otasi. 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing