Putin Grozniyga, Tramp esa Bushga aylanmoqchi – Midweek
Tahlil
−
06 noyabr 5996 9 daqiqa
Putin Rossiyani o‘la-o‘lguncha, bo‘lib ham 100 yoshgacha boshqarishi mumkinligi haqidagi gap-so‘zlar yana urchimoqda.
AQSH esa Venesuelada Iroq ssenariysini takrorlashiga ko‘p qolmagandek tassurot paydo bo‘ldi. Tramp Maduro Prezident sifatida so‘nggi kunlarini yashayotganini aytdi.
Afg‘onistondagi zilzililar Markaziy Osiyoni xavotirga soladigan darajaga chiqib boryapti. Bu safar 7 ball. O‘zbekistonda esa eng ko‘pi bilan 5.
Kim Chen In Putinning bosqin mashinasi uchun yana o‘z xalqini qurbon qilishda davom etishi aytilmoqda. Rossiyaga 5 ming shimoliy koreyalik askar tuxfa qilinishi mumkin.
Hafta o‘rtasiga qadar dunyoda ro‘y bergan muhim voqea-hodisalar tafsiloti bilan QALAMPIR.UZ'ning Midweek dasturida tanishing.
Putin taxtdan 100 dan keyin tushmoqchimi?
73 bahorni qarshilab qo‘ygan Rossiya yetkachisi Vladimir Putin hokimiyat tepasiga kelganiga 25 yil to‘ldi. Ammo u yana shuncha Kreml taxtida o‘tirishni reja qilgan bo‘lishi mumkin. U 2050 yilgacha hokimiyatda qolishni istaydi. Jurnalist Ilya Davlyatchin “Daily Star” nashrida Putinning mazkur rejasi qay yo‘sinda amalga oshirilishi haqida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Iosif Stalindan beri Kremlni boshqa har qanday hukmdordan uzoqroq vaqt boshqargan 73 yoshli Putin 97 yoshgacha hokimiyatni saqlab qolishni istamoqda. Eng qizig‘i, Davlyatchinning prognozida Putin o‘zidan keyin sobiq gimnastikachi Alina Kabayevadan tug‘dirilgan va ismi Ivan deya ishoniluvchi zurriyodiga qoldirishni reja qilayotgani haqida so‘z boradi. Rasman nom-nishonsiz, 2015 yilda tug‘ilgani taxmin qilinadigan bu bola hozirda 10 yoshda bo‘lishi mumkin va 2050 yilda u 35 yoshga to‘ladi. Bu esa Rossiya Konstitutsiyasiga muvofiq Prezident bo‘lish uchun yosh chegarasi masalasi hal bo‘lishini anglatadi.
Bilamiz, Putin va Kabayeva munosabatlari ba’zan haqiqatga yaqin, ba’zan esa haddan ortiq bo‘rttirilgandek tuyuladi. U Putindan o‘g‘il ko‘rgani va odamlardan uzoqdagi maxfiy qasrlarda yashashi haqidagi materiallar asosan sobiq muxolifatchi, marhum Aleksey Navalniyga aloqador platformalar tomonidan e’lon qilinadi.
Putinning vakolat muddatiga qaytadigan bo‘lsak, u vakolatlarini nollashtirish uchun 2020 yilda konstitutsiyani ham o‘zgartirib oldi. Bu esa unga 2036 yilgacha, ya’ni 83 yoshgacha Prezident bo‘lib qolish imkonini beradi. Aslida hukmronlik muddati bo‘yicha Putin allaqachon o‘zining avtokrat o‘tmishdoshlaridan o‘tib ketib bo‘ldi. U 25 yildan buyon hokimiyat tepasida. Masalan, eng qattiq avtokratlar qatorida tilga olinuvchi qator siyosatchilar, jumladan Augusto Pinochet 17 yil, Kim Chen Ir 17 yil, Benito Mussolini, Indoneziya diktatori Suxarto 20 yil, Ruminiyaning sobiq yetakchisi Nikolaye Chaushesku 24 yil o‘z mamlakatlarini boshqargan.
Ulardan allaqachon bu masalada o‘tib ketgan Putin amaldagi konstitutsiya bo‘yicha o‘lmay turib barcha imkoniyatlardan foydalansa, keyingi marralar xususan, 27 yillik Mao Szedundan, 36 yillik Fransisko Franko va Antonio de Salazar, 42 yillik Muammar Kaddafiy, 46 yillik Kim Ir Sen va 49 yillik Fidel Kastrodan o‘tib ketadi. Eng qizig‘i, agarda voqealar rivoji shunday yo‘nalishda ketsa, Putin tarixda 50 yil hukmronlik qilgan Ivan Grozniydan keyin Rossiyaning eng uzoq vaqt hukmronlik qilgan rahbariga aylanadi.
Umuman olganda, Putinning o‘zi uzoq yashash haqida so‘nggi paytlarda juda ko‘p o‘ylayotgani ko‘rinib turibdi. Xitoydagi paradda shunday imkoniyat taqdim qilinsa, jon deb foydalanishi mumkin bo‘lgan Si Szinpin bilan shu mavzu haqida gaplashganiga butun dunyo guvoh bo‘ldi. Bundan tashqari, unga yaqin bo‘lgan doiralar Putinning umrini uzaytirish masalalarini faol ravishda ko‘rib chiqmoqda. Chunki Rossiya Sog‘liqni saqlash vazirligiga sentyabr oyida qarishga qarshi kurash bo‘yicha barcha mavjud ilmiy tadqiqotlarni zudlik bilan to‘plash topshirilgan. Shuningdek, Rossiya Ilmiy jamg‘armasi tomonidan so‘nggi besh yil ichida qarish va umrni uzaytirish sohasidagi tadqiqotlarni moliyalashtirishga sakkiz baravar ko‘proq pul tikilgan.
AQSHdan navbatdagi bosqin yaqin
AQSHning Venesuelaga bosqini tobora yaqinlashmoqda. Tramp kun sayin Maduroni tez orada qulatish haqida signallarni ko‘paytiryapti. Joriy yil sentyabr oyidan boshlangan inqiroz mana ikki oy o‘tib haddan ziyod keskinlashdi. Bugungacha AQSH giyohvand moddalar kartellari bilan bog‘liq deb gumon qilingan bir nechta Venesuela kemalarini ular xalqaro suvlarda bo‘lishiga qaramay dahshatli tarzda yo‘q qildi. Qo‘shma Shtatlar giyohvand moddalar savdogarlariga qarshi kurashni e’lon qilib, Venesuela qirg‘oqlari yaqiniga bir guruh kichik harbiy kemalarni, Puerto-Rikoga esa qiruvchi samolyotlarni joylashtirdi. Sentyabr oyi o‘rtalarida rasmiy Karakas Venesuela hududiy suvlarida “Karib dengizi suvereniteti 200” deb nomlangan harbiy mashqlar o‘tkazdi. 7 oktyabrda esa Tramp Venesuela bilan munosabatlarni tartibga solish urinishlaridan voz kechgani haqida xabarlar tarqaldi. Ma’lumotlarga ko‘ra, AQSH mojaroni avj oldirish uchun bir nechta ssenariylarni ishlab chiqqan, jumladan, Maduroni hokimiyatdan majburan chetlatish rejasini ham.
Xullas, bahona nakokartellarga qarshi kurashish, maqsad esa Maduroni ag‘darib, Venesuelada o‘ziga boysunuvchi kuchlarni hokimiyat tepasiga olib kelish ekani borgan sari oydinlashmoqda. Strategik rejaning asosiy qismi bo‘lsa, bu neft va boshqa tabiiy boyliklarga to‘la Venesuelani sirtdan changallash. Dunyodagi deyarli barcha avtokratlar bilan yaxshi chiqishadigan Donald Tramp ular orasida faqat Maduroni umuman xushlamasligi ko‘pchilikka ayon. U AQSH Venesuelaga bostirib kirishi ehtimolini hozircha rad qilayotgan bo‘lsada, ancha oldin Pentagon bu ssenariyni ko‘rib chiqayotgani haqida xabarlar keng tarqalgandi. Biroq Tramp ayni paytda bitta narsaga qattiq ishonmoqda. Ya’ni, unga ko‘ra, Nikolas Maduro Prezident sifatida so‘nggi kunlarini yashamoqda. U bu gapni 2 noyabr kuni CBS News'ga bergan intervyusida yashirib o‘tirmadi.
“Men bunga shubha qilaman. Menimcha, unday emas. Lekin ular bizga juda yomon munosabatda bo‘lishdi, nafaqat giyohvand moddalar bilan – ular biz xohlamagan yuz minglab odamlarni mamlakatimizga olib kirishdi”, deya ta’kidlagan Oq uy rahbari.
Umuman olganda, AQSH Prezidenti so‘nggi kunlarda ancha agressivlashgan. U 31 oktyabr kuni yana o‘sha CBS News'ga AQSHda dunyoni 150 marta portlatishga yetadigan yadroviy quvvat borligini ma’lum qildi. Trampning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya va Xitoy rasmiy ravishda e’lon qilmasdan yadro sinovlarini o‘tkazmoqda. U, shuningdek, bunday sinovlar Shimoliy Koreya va Pokistonda ham amalga oshirilayotganini aytdi. Shu bois Tramp AQSH yadroviy sinov o‘tkazmaydigan yagona davlat bo‘lib qolishini istamayapti. Bundan tashqari, AQSH Prezidenti bu mavzuda Rossiya rahbari Vladimir Putin va Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Szinpin bilan suhbatlashganini ma’lum qildi.
Kreml esa AQSH yadro sinovlari bo‘yicha amaldagi moratoriyni buzgan taqdirda, Rossiya munosib javob berishi haqida ogohlantirgan. Ammo ular bir vaqtning o‘zida xavfsizlik masalalarida muloqotga tayyor ekanini ham bildirgan. Chunki AQSH 1992 yildan beri to‘liq yadroviy qurol sinovlarini amalga oshirmagan. Vashington 1996 yildagi Yadroviy sinovlarni to‘liq taqiqlash to‘g‘risidagi shartnomani imzolagan, ammo ratifikatsiya qilmagan. Shundan beri AQSH Nevada poligonida faqat subkritik yerosti sinovlarini o‘tkazib kelmoqda. Qo‘shma Shtatlarning qiyomat qurolini sinovdan o‘tkazish amaliyotlarini boshlashi, iqlimdan tortib siyosiy masalalargacha zanjirli muammolarni keltirib chiqarishi hech gap emas.
O‘zi shu sharoitda ham AQSH yaqinda o‘tkazilgan “Burevestnik” sinoviga javoban 5 noyabr kuni “Minuteman III” qit’alararo ballistik raketasini sinovdan o‘tkazdi. Raketa Kaliforniyadagi Vandenberg harbiy bazasidan uchirilib, taxminan 6760 kilometr masofani bosib o‘tgani va Tinch okeanidagi Marshall orollari tarkibiga kiruvchi Kvadjaleynga kelib tushgani aytildi. Pentagon ushbu sinovdan ko‘zlangan maqsad qit’alararo ballistik raketa tizimining ishonchliligi va jangovar tayyorgarlik darajasini tekshirishdan iborat, deya bayonot berdi. Ta’kidlanishicha, bu sinov Amerika yadroviy kuchlarining tayyorgarligi va ishonchliligini yana bir bor tasdiqlagan.
Afg‘onistondagi zilzila daxshati
Afg‘onistonda halokatli zilzilalar o‘rtasidagi vaqt oralig‘i keskin qisqardi. Hafta boshida yarim tunda Samangon hududida salkam 7 ballik yer qimirlashi O‘zbekistonga ham yaxshigina ta’sir qildi. Afg‘onistonda buning oqibatida 7 nafar inson halok bo‘ldi va 150 dan ortiq kishi yaralandi. Zilzilaning O‘zbekiston hududida sezilish kuchi Surxandaryo viloyatida 5 ball, Qashqadaryo viloyatida 4 ball, Samarqand, Jizzax, Navoiy, Buxoro, Sirdaryo viloyatlarida 3 ball, Toshkent shahri va Farg‘ona viloyatida esa 2-3 ball atrofida bo‘ldi. O‘zi Afg‘onistonda joriy yil avgust oyi oxiridagi zilzila va kuchli takroriy silkinishlar oqibatida 2 200 dan ortiq odam halok bo‘lib, bu butun dunyo e’tiborini tortgandi.
Tog‘lar bilan o‘ralgan Afg‘oniston turli tabiiy ofatlarga moyil, ammo eng ko‘p qurbonlar baribir zilzilalar oqibatida bo‘ladi. Yer silkinishlarida har yili bu mamlakatda o‘rtacha 560 kishi halok bo‘ladi, uning iqtisodiy zarari esa taxminan 80 million dollarga teng. Tadqiqotlarga ko‘ra, 1990 yildan buyon Afg‘onistonda magnitudasi 5,0 balldan yuqori bo‘lgan kamida 355 ta zilzila qayd etilgan. Chunki Afg‘oniston Yevroosiyo tektonik plitasining chegarasida joylashgan bo‘lib, u Hind plitasi bilan tutashuv zonasini hosil qiladi. Bu plitalar bir-biriga yaqinlashishi yoki yonma-yon siljishi mumkin. Shuningdek, mamlakat janubdan Arab plitasi ta’sirida bo‘lib, bu u joylashgan hududni dunyodagi eng faol tektonik mintaqalardan biriga aylantiradi.
1900 yildan buyon Afg‘onistonda taxminan 100 ta “katta zarar keltirgan” zilzila qayd etilgan. So‘nggi yillardagi eng halokatli zilzilalardan biri 2022 yilda sodir bo‘lgan 6 balli zilzila bo‘lib, 1 000 kishi halok bo‘lgan. 2023 yilda bir oy ichida bo‘lib o‘tgan bir nechta zilzilada ham 1 000 nafar odam halok bo‘lib, butun qishloqlar vayronaga aylangan. 2015 yilda sodir bo‘lgan 7,5 balli zilzila Afg‘oniston, Pokiston va Hindistonda jami 399 kishining hayotiga zomin bo‘lgan. Eng katta vayronagarchilik esa 1998 yilda ro‘y bergan: uch oy ichida ikki marta zilzila sodir bo‘lib, birinchi zilzilada 2 300, ikkinchisida esa 4 700 kishi halok bo‘lgan.
Diktatorlarning tushligidagi askarlar
Diktaturaga ta’riflar talaygina. Ammo uni bir so‘z bilan inson qadri hayvonchalik bo‘lmagan tizim desa ham bo‘laveradi. Odam qadri itdan ham past bo‘ladi bunday tuzumlarda. Boz ustiga, it bilan bog‘liq diktaturalar ham yo‘q emas. Shimoliy Koreya esa shunchaki zamonaviy dunyodagi eng dahshatli totalitar tizimlardan biri emas, aynan eng dahshatidir. U yerdagi qonun-qoidalar hamda yashash tartibi o‘z o‘rniga. Koreya yarimorolining yuqori qismidagi insonlar taqdiri uni boshqarayotgan qattol diktator uchun sariq chaqalik ham ahamiyatga ega emasligi ortda qolgan bir yil davomida yaqqol namoyon bo‘ldi. Rossiyaning Ukrainaga bosqinida Moskva ixtiyoriga o‘z xalqi ichidan 10 minglab askarni topshirgan Kim bu ishini yana davom ettirishi mumkin.
Razvedka ma’lumotlariga tayanib, Janubiy Koreya Milliy axborot agentligi tomonidan berilgan xabarga ko‘ra, Pxenyan Moskvaga 5 ming askar berishga yaqin. Qayd etilishicha, mazkur harbiylar partiyasi bosqin harakatlari ketayotgan hududda infratuzilmani tiklash ishlarida ishtirok etadi. Bir qarashda urush uchun emasdek ko‘rinadi. Ammo bugun Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi hududlarda uzluksiz tinch sharoitda bo‘lgan hududni topish qiyin. Istalgan paytda dronlar hujumi sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan yerlarda qurilish ishlariga ketadiganlar ham xavf ostida qolishi tabiiy. Ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiyaga taxminan 5 ming shimoliy koreyalik muhandislik qo‘shinlari allaqachon yetkazilgan. Ular buzilgan infratuzilmani tiklash bilan shug‘ullanib kelmoqda. Navbatdagi 5 ming kishilik askarlar guruhi bilan ularning umumiy soni 10 ga yetishi kutilmoqda.
Janubiy Koreya deputatlariga ko‘ra, harbiylar sentyabrdan boshlab bosqichma-bosqich Rossiyaga jo‘natilmoqda. Shuningdek, Seul Shimoliy Koreya tomonidan yana qo‘shimcha harbiylarni tayyorlash va tanlash ishlari davom etayotganini qayd qilmoqda. Hozirda Rossiyada 10 minglab shimoliy koreyalik harbiylar va 1000 sapyor janglarda ishtirok etayotgani aytiladi. Ma’lumotlarga ko‘ra, shu paytgacha KXDR harbiylaridan kamida 600 nafari Ukrainadagi urushda halok bo‘lgan. Ma’lumki, Kim Chen In rejimi ularga buning evaziga faqat xotirlash maydoni qurib berdi, xolos. Deyarli bir yildan buyon Shimoliy Koreya askarlari bu bosqinda ishtirok etib kelmoqda. Ularga 2000 dollargacha maosh to‘langani, ammo bu pullarning katta qismi Pxenyan tomonidan doimiy tortib olingani haqida ham xabarlar chiqqandi. Ortda qolgan davr mobaynida hali bola bo‘lgan shimoliy koreyalik askar tasvirlarini ham ko‘rdik.
Live
Barchasi