MFYlar ishiga noqonuniy aralashganlik uchun jarima joriy qilinadi

Jamiyat

image

Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashganlik uchun jarima jazosi belgilanishi mumkin. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga tegishli o‘zgartirishlarni kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasi muhokama uchun e’lon qilindi.

Qonun loyihasiga muvofiq kodeks quyidagi mazmundagi 1934, 1935, 1936-moddalar bilan to‘ldiriladi:

 “1934-modda. Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashish

Mansabdor shaxslar tomonidan fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashish, ya’ni fuqarolar yig‘inlari xodimlarini ularning vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari bilan bog‘liq bo‘lmagan yig‘ilishlar va boshqa tadbirlarga jalb qilish, ularga taalluqli bo‘lmagan vazifalarni yuklash, ulardan qonun hujjatlarida nazarda tutilmagan ma’lumotnoma, tahliliy material va statistik ma’lumotlarni taqdim etishini talab qilish hamda fuqarolar yig‘inlari balansida bo‘lgan binolarni boshqa shaxslarga biriktirish yoki asossiz ravishda olib qo‘yish, –

bazaviy hisoblash miqdorining uch baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, —

bazaviy hisoblash miqdorining besh baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

1935-modda. Fuqarolar yig‘ini qarorini bajarmaganlik yoki lozim darajada bajarmaganlik

Fuqarolar yig‘inining o‘z vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlarini bajarmaganlik yoki lozim darajada bajarmaganlik, –

fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari, mansabdor shaxslarga esa – uch baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, —

fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining uch baravari, mansabdor shaxslarga esa — besh baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

1936-modda. Fuqarolar yig‘ini raisi faoliyatining kafolatlarini buzish

Fuqarolar yig‘ini raisining ishiga to‘sqinlik qilish, uni o‘z lavozimidan voz kechishga majburlash, fuqarolar yig‘ini raisi faoliyatining kafolatlarini buzish, shuningdek mansabdor shaxslar tomonidan ularning murojaatlarini ko‘rib chiqmasdan qoldirish yoki ularni ko‘rib chiqish muddatlarini uzrli sabablarsiz buzish, –

fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari, mansabdor shaxslarga esa – uch baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, —

fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining uch baravari, mansabdor shaxslarga esa – besh baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi”.

Taklif etilayotgan Qonun loyihasining qabul qilinishi:

birinchidan, fuqarolar yig‘inlari xodimlarini ularning xizmat vazifasiga kirmaydigan qo‘shimcha ishlar va yig‘ilishlarga jalb etishning oldini oladi;

ikkinchidan, fuqarolar yig‘inlari faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashgan yoki uning qarorlarini bajarmagan, shuningdek fuqarolar yig‘ini raisi faoliyatining kafolatlarini buzgan fuqarolar va mansabdor shaxslar ma’muriy javobgarlikka tortiladi;

uchinchidan, aholi tomonidan bildirilgan muammolar o‘z vaqtida bartaraf etiladi;

to‘rtinchidan, fuqarolar yig‘inlarining o‘rni va mavqei mustahkamlanadi;

beshinchidan, fuqarolar yig‘inlari xodimlarining o‘z vakolatlari doirasida faoliyat yuritishlari uchun sharoit yaratiladi.

Ushbu Qonun loyihasini qabul qilish O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan xarajat qilishni talab etmaydi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

119

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing