Meta Rossiyada nima uchun ekstremistik tashkilotga aylangani tushuntirildi
Olam
−
28 mart 2022
7188Xabaringiz bor, joriy yilning 21 mart kuni Facebook va Instagram ijtimoiy tarmoqlariga egalik qiluvchi Meta kompaniyasi Moskvaning Tver sudi tomonidan ekstremistik tashkilot deb tan olingan edi. Oradan bir hafta o‘tib, sud qarorning to‘liq matnini e’lon qildi, unda Meta’ni Rossiya Federatsiyasida ekstremistik deb tan olish va uning dasturiy mahsulotlari – Facebook va Instagram’ni bloklash sabablari tushuntirilgan.
“Amerikaning “Meta Platforms Inc.” transmilliy xolding kompaniyasi Rossiya Federatsiyasi hududida Rossiya fuqarolariga qarshi ekstremistik harakatlarga chaqiriqlarni o‘z ichiga olgan materiallarni tarqatadi, Rossiya fuqarolarining huquqlarini buzadi va Rossiya Federatsiyasi konstitutsiyaviy tuzumiga tahdid soladi”, deyiladi qarorda.
Sudya Olga Solopovaning qarorida ta’kidlanishicha, Meta’ga Rossiya qonunchiligini buzganlik uchun jarima shaklida ma’muriy ta’sir ko‘rsatish choralari mamlakatdagi davlat organlari tomonidan uzoq vaqt davomida qo‘llab kelingan, ammo yetarli bo‘lmagan. Natijada, sud va ma’muriy organlarning Meta kompaniyasining axborot resurslarida aniqlangan noqonuniy materiallarni, shuningdek ekstremistik yo‘nalishdagi materiallarni olib tashlash to‘g‘risidagi qarorlari amalda ijro etilmagan.
Sud qarorida, shuningdek, Meta Rossiya Federatsiyasida rossiyaliklarga qarshi zo‘ravonlikka chaqiriqlarni joylashtirish, tarqatish va blokirovka qilish choralarini ko‘rmaslik, shuningdek, konstitutsiyaviy tuzum asoslarini o‘zgartirish nuqtai nazaridan ekstremistik deb tan olingani ta’kidlangan.
Qayd etilishicha, ushbu sud qarori qonun hujjatlarida taqiqlangan faoliyatda ishtirok etmaydigan jismoniy va yuridik shaxslarning Meta dasturiy mahsulotlari – Facebook va Instagram’dan foydalanish bo‘yicha harakatlarini cheklamaydi.
Eslatib o‘tamiz, 21 mart kuni Tver sudi Bosh prokuraturaning da’vo arizasi bo‘yicha Meta internet kompaniyasini ekstremistik tashkilot deb tan olgandi.
LiveBarchasi