Merkel BMT mukofoti bilan taqdirlandi
Olam
−
11 Oktabr 2022
2370Germaniyaning sobiq kansleri Angela Merkel BMTning Qochqinlar bo‘yicha Oliy komissarligi boshqarmasi tomonidan qochqinlar manfaati yo‘lidagi faoliyati uchun Nansen mukofotiga sazovor bo‘ldi. Bu haqda “Deutsche Welle” nashri xabar berdi.
Angela Merkel taqdirlash marosimida mukofotni Germaniyadagi 2015 va 2016 yillardagi migratsiya inqirozi davrida suriyalik qochqinlarni qo‘llab-quvvatlagan odamlarga bag‘ishlashini ta’kidlagan.
“Mening fikrimcha, ushbu mukofot birinchi navbatda, o‘sha paytda yordam bergan son-sanoqsiz insonlarga atalgan, ularga vaziyatni yengib o‘tganimiz uchun rahmat aytishimiz kerak”, deydi Merkel.
Shu bilan birga, sobiq kansler qochqinlar huquqlarini hurmat qilishga va ularni ta’qib qilinishi mumkin bo‘lgan mamlakatlarga qaytarib yubormaslikka chaqirgan.
Mukofotga qo‘shib beriladigan 150 000 AQSH dollari miqdoridagi pulni u to‘rtta mintaqaviy laureat, xususan, Afrikada ko‘ngilli yong‘in o‘chirish guruhi “Mbera”, iroqlik shifokor Nag‘am Hasan, Kosta-Rikadagi qochqinlarga 50 yildan buyon yordam berib kelayotgan Visenta Gonsales va Osiyoda “Meikswe Myanmar” gumanitar tashkilotiga teng ravishda bo‘linishiga ajratgan.
Qayd etish kerakki, Merkelning Suriyadagi fuqarolar urushidan qochgan 1,2 million odam uchun chegaralarni ochish qarori Germaniyada hamma tomonidan ma’qullanmagan. Ayniqsa, Germaniya Federativ Respublikasining o‘sha paytdagi Ichki ishlar vaziri Xorst Zeyexoferr va sharqiy federal o‘lka aholisi uni tanqid qilgan.
Ma’lumot uchun, har yili beriladigan Nansen mukofoti 1954 yilda Qochqinlar bo‘yicha Millatlar Ligasining birinchi Oliy komissari, norvegiyalik Arktika tadqiqotchisi va gumanist Fridtof Nansen sharafiga ta’sis etilgan.
LiveBarchasi