“Menga otishga buyruq berildi”. Rus harbiysi Ukrainada tinch aholini o‘ldirganini tan oldi

Olam

image

Bugun, 18 may kuni Kiyev sud zalida rossiyalik harbiy xizmatchi Vadim Shishimarin qurolsiz tinch aholi vakilini o‘ldirganini tan oldi. Bu haqda BBC xabar berdi. Bu Rossiya bosqini boshlanganidan beri rus harbiylari ustidan o‘tkazilayotgan birinchi sud jarayonidir.

Prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, 28 fevral kuni Sumi viloyatidagi Kamishi qishlog‘i yaqinida tarkibida 21 yoshli serjant Shishimarin ham bo‘lgan kolonna Ukraina armiyasi tomonidan o‘qqa tutilgan. Chekinish chog‘ida u boshqa to‘rt nafar rus askari bilan chet el mashinasini o‘g‘irlab, chegara tomon harakatlana boshlagan.

Lebedin ko‘chasidagi 52-uy oldida ular telefonda gaplashib turgan 62 yoshli mahalliy aholi vakili – Aleksandr Fedorovich Shelipovni uchratgan. Keyinchalik vafot etgan rossiyalik harbiy Pufakov Shishimaringa bu odam ukrain harbiylariga ular haqida ma’lumot yetkazmasligi uchun uni o‘ldirishni buyurgan. Shishimarin avtomatdan o‘t ochgan. Bu Ukraina tomoni taqdim etgan voqealar versiyasi.

Rossiya Mudofaa vazirligi Shishimarin bilan bog‘liq vaziyat bo‘yicha ma’lumot bermagan. Kreml bu borada yetarli axborotga ega emasligini bildirgan.

“Menga otishga buyruq berildi va men unga qarata o‘t ochdim, u yiqildi. Biz yo‘limizda davom etdik”, deya tushuntirgan Shishimarin.

Voqea sodir bo‘lgandan biroz o‘tib, Shishimarin va yana uch nafar harbiy xizmatchi asirga olingan.

Sudyaning “Shishimarin qotillikda aybini to‘liq tan oladimi?”, degan aniq savoliga u ijobiy javob bergan. Shishimarin “Urush qonunlari va odatlarini buzish” moddasi bilan ayblanmoqda. Unda aybdorga umrbod qamoq jazosi nazarda tutilgan.

Bu 24 fevraldan keyin Ukraina hududida sodir etilgan jinoyat uchun rossiyalik harbiyning sud qilinishi bilan bog‘liq birinchi holatdir.

Shishimarinning advokati Viktor Ovsyannikov ayblovni yumshoqroq moddaga qayta malakalashni talab qilmoqda. Ammo qaysi moddaga o‘zgartirish bo‘yicha taklif bermagan. Advokatning BBC muxbiriga aytishicha, u oqlov talab qilishni rejalashtirmoqda. 

“Prokurorga kuzir bermaslik uchun himoya liniyasini ochiqlamayman. Pozitsiyamni debatda bildiraman”, degan u.

17 maydagi majlis qisqa bo‘ldi – sud jurnalistlar bilan to‘lib ketgani sababli 19 may, payshanba kuniga qoldirildi. Sud jarayoni butunlay ochiq, sud majlisi videotranslyatsiyasini YouTube orqali kuzatish mumkin.

Sudda vafot etgan shaxsning bevasi, Shishimarinning o‘zi va ayblovchi tomonning ikki guvohiga so‘z berish, shuningdek ashyoviy dalillar – avtomatlar va mobil telefonlarni ko‘rib chiqish rejalashtirilgan.

Sud ma’lumotlariga ko‘ra, Shishimarin 21 yoshda, u Irkutsk viloyatining Ust-Ilimsk shahridan, Moskva viloyatidagi 4-Kantemir tank diviziyasida bo‘lim komandiri bo‘lib xizmat qilgan.

18 may kuni Kreml rasmiysi Dmitriy Peskovdan Ukrainada sud qilinayotgan ilk rossiyalik harbiy bo‘yicha izoh berdi. 

“Hali [batafsil] ma’lumot yo‘q, afsuski, u yerda [Kiyevda] diplomatik vakolatxonamiz yo‘qligi tufayli yordam ko‘rsatish imkoniyati cheklangan”, degan u jurnalistlarga Rossiyaning Shishimaringa yordam ko‘rsatishi imkoniyati borasidagi savolga javoban.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

486

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing