“Menga qiziq emas”. Sindorov Bibisora bilan munosabatlariga to‘xtaldi
Sport
−
13 aprel 42196 2 daqiqa
Kecha, 12 aprel kuni Kiprda bo‘lib o‘tayotgan shaxmat bo‘yicha Nomzodlar turnirining 12-turi bo‘lib o‘tdi. Unda ishtirok etayotgan o‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindorov AQSHlik Hikaru Nakamura bilan durang o‘ynadi musobaqadagi ochkolari sonini to‘qqiztaga yetkazib oldi.
Ushbu bahsdan so‘ng Sindorov va ikkinchi o‘rindagi Gri Anish bilan oradagi farq ikki ochkoni tashkil qilmoqda va keyingi o‘yindagi durang ham o‘zbekistonlikni turnir chempioniga aylantiradi. Shuningdek, Anish 13-turda mag‘lub bo‘lsa yoki durang o‘ynasa ham Sindorov keyingi ikki turda qanday natija qayd etishidan qat’i nazar Nomzodlar turnirining g‘olibiga aylanadi.
Nakamuraga qarshi bellashuvdan so‘ng Sindorov o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
“Kecha juda muhim o‘yin bo‘ldi va ancha charchadim va bugungi durang yaxshi natija. Hozirgi vaziyatda Hikaru bilan uzoq va og‘ir partiya o‘ynash uchun sabab ko‘rmadim. Shuning uchun imkoni bor joylarda majburiy variantlarni tanladim. Agar u uzun partiya o‘ynashni xohlasa, bunga ham tayyor edim. Lekin u ham ancha ishonchli yo‘llarni tanlashini kutgandim. Hatto, partiyadan oldin tez durang bo‘lishini sezgandim.
Bugun biroz dam olaman. Balki Counter-Strike ham o‘ynarman. Oxirgi turlarda esa iloji boricha ishonchli o‘ynash kerak. Kimdir meni yutishga harakat qilsa va imkoniyat bo‘lsa, albatta foydalanaman, lekin hozir majburan g‘alaba izlashning hojati yo‘q”, deydi Sindorov.
Shuningdek, u oxirgi paytlar o‘zi va qozog‘istonlik Bibisora Assaubayeva haqida ijtimoiy tarmoqlarda yozilayotgan gaplarga e’tibor qaratmayotganini va u uchun bu gaplar qiziq emasligini ta’kidladi.
Ma’lumot o‘rnida, Sindrov 13-tur doirasida 14 aprel kuni ikkinchi o‘rindagi niderlandiyalik Gri Anishga qarshi dona suradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Javohirning blits yo‘nalishida uch karra jahon chempioni qozog‘istonlik Bibisora Assaubayeva bilan tushgan suratlari keng muhokamalarga sabab bo‘lgandi.
Ramazon Usanov
Live
Barchasi