Menga ishonib, Prezident qilib saylasangiz – Mirziyoyev samarqandliklarga qanday va’dalar berdi?
Jamiyat
−
24 Sentabr 2021
18459O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan ko‘rsatilgan nomzod Shavkat Mirziyoyevning samarqandlik saylovchilar bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tmoqda. Samarqand davlat universiteti rektori Rustam Xolmurodov ushbu uchrashuvda moderatorlik qilyapti. Uchrashuvda Mirziyoyev Prezident qilib saylansa, viloyatda qanday ishlar va islohotlar amalga oshirishini ma’lum qildi.
- Samarqand shahrida 20 ming talabaga mo‘ljallangan “Yoshlar shaharchasi” barpo etilib, unda kamida 4 ta xorijiy universitetlarning filial va kampuslari joylashtiriladi;
- Samarqand viloyat eksportchilariga aylanma mablag‘ uchun yiliga 50 million dollargacha imtiyozli kreditlar beriladi;
- Tadbirkorlik jamg‘armasi tomonidan eksportchilarga kompensatsiya va kafolat taqdim etish yana 2 yilga uzaytiriladi;
- Kelgusi besh yilda Samarqand viloyatini rivojlantirish uchun davlat hisobidan 41 trillion so‘m yo‘naltiriladi.
Shuningdek, Mirziyoyev Samarqandda 450 mingta ish o‘rni yaratish orqali kambag‘allikni 2 barobarga qisqartirish – eng ustuvor vazifa ekanini aytgan.
“Kelgusi besh yilda yalpi hududiy mahsulotni 1,4 baravarga oshirib, 90 trillion so‘mga yetkazishimiz zarur. Buning uchun, tadbirkorlikni rivojlantirish va aholini kasb-hunarga o‘qitish orqali 130 mingta ish o‘rinlari yaratiladi. Oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida viloyatga har yili qariyb 1 trillion so‘m imtiyozli kredit ajratiladi”, deydi Mirziyoyev.
- Samarqand shahrida yangi 2 ta tonnel va 2 ta ko‘prik quriladi;
- Samarqand shahri yashash uchun qulay va jozibador “millionli yashil shahar”ga aylantiriladi. Buning uchun, Samarqand, Pastdarg‘om, Oqdaryo va Toyloq tumanlari hududidan 18 ming gektari shahar tarkibiga qo‘shiladi.
Bundan tashqari, Mirziyoyev Samarqandda sog‘liqni saqlash holatini yaxshilash bo‘yicha kelajakda amalga oshirmoqchi bo‘layotgan rejalari bilan tanishtirdi:
- Kattaqo‘rg‘on shahar, Paxtachi, Pastdarg‘om, Payariq va Urgutda perinatal markazlar tashkil qilinadi;
- Bulung‘ur, Urgut, Ishtixon va Paxtachida 4 ta o‘tkir yurak qon-tomir kasalliklari markazlari tashkil etilib, gemodializ xizmati ham yo‘lga qo‘yiladi;
- viloyatda 25 mingdan ziyod tug‘ma nogironligi bo‘lganlar uchun Bolalar tibbiy reabilitatsiya markazi filiali ochiladi;
- viloyat kardiologiya markazida kasalliklarining barcha turlarini davolash imkonini beruvchi zamonaviy jihozlangan kardio-jarrohlik bo‘limi tashkil etiladi;
- kelgusi yilda Tibbiyot instituti klinikasi negizida Mintaqaviy neyroxirurgiya markazi tashkil etilib, 10 dan ortiq jarrohlik amaliyotlari yo‘lga qo‘yiladi;
- Respublika xirurgiya markazi filialida 7 nafar bemorga buyrakni ko‘chirib o‘tkazish operatsiyasi muvaffaqiyatli o‘tkazilgan. Endilikda, jigarni ko‘chirib o‘tkazish amaliyoti ham yo‘lga qo‘yiladi;
- Onkologiya markazining moddiy-texnik bazasi yangilanib, bolalar onko-xirurgiya va kimyo terapiyasi, kaminvaziv xirurgiya amaliyoti joriy etiladi;
- viloyatda ilk bor tug‘ma eshitish nuqsoni bor bolalarni to‘liq davolash yo‘lga qo‘yiladi.
Mirziyoyev, shuningdek, Prezident etib saylansa, eng katta ishni mahallada amalga oshirishini aytgan.
“Agar menga ishonib, Prezident qilib saylasangiz, eng katta ishni mahallada amalga oshiramiz. Byudjet mahallada bo‘ladi. Men tumanda ham, viloyatda ham hokim bo‘lib ishlaganman. Toshkentdagi vaziyatni ham yaxshi bilaman. Ilgari vaziyat og‘ir edi, juda so‘rasangiz ikki kilometr truba berishardi. O‘zim yashagan ko‘chani asfalt qildira olmaganman. Qildirsa bo‘lardi, ammo qo‘shni ko‘cha abgor ahvolda bo‘la turib, o‘z ko‘chamni tekislab olishim noto‘g‘ri edi.
Hozir ko‘ringlar, Toshkentni birorta ko‘chasi qolmayapti, hammasini bir chetdan to‘g‘rilab chiqyapmiz. Biz yurtimizdagi eng og‘ir mahallalarni ham obod qilishimiz kerak”, deydi Mirziyoyev.
LiveBarchasi