Mendan keyingi hokimlar bu bog‘ni rasvo qiladi – Ortiqxo‘jayev

Jamiyat

image

Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev agar Toshkent markazidagi “Moviy gumbazlar” xiyoboni bugun obod qilinib, bu yerga mustaqillik stelasi o‘rnatilmasa, o‘zidan keyin uning o‘rnini egallaydigan hokim bu joyni ko‘p qavatli uy yoki mehmonxona qurishga berib yuborishini aytib, aholini ogohlantirdi. Bu haqda hokimning aholi bilan bo‘lib o‘tayotgan uchrashuvidan QALAMPIR.UZ muxbiri Feruza Najmiddinova xabar qildi. 

“Shu yerda bo‘sh turgan joyga mustaqillik siymosini o‘rnatsak, yuz yillab bu bog‘ga hech kim tegmaydi. Men bu yerni o‘z mablag‘imga ta’mirlatdim. Mendan keyingi hokim bu joyni “gostinitsa”ga, “dom”ga beradi. Tushunmaysizlarmi shuni? Men ham sizlarga o‘xshab shu bog‘ni saqlab qolishga harakat qilyapman. Men ikki yil hokim bo‘lamanmi, bir yil hokim bo‘lamanmi, bilmayman. Balki boshqa hokimlar keladi. Bu bog‘ni rasvo qiladi. Mana bunday kafe va restoranlar, o‘z-o‘zidan “butka”, “magazin”lar paydo bo‘ladi. Hech kim himoyaga olmaydi”, deydi shahar hokimi.

Ma’lumot uchun, loyihaga tanlov e’lon qilinganidan ko‘p o‘tmay bir guruh faollar bunga qarshi petitsiya boshladi. Unga 7 mingdan ortiq kishi ovoz berdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahar hokimligining rasmiy veb-sayti hamda ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida O‘zbekiston mustaqilligining 30 yilligiga bag‘ishlab barpo etiladigan “Istiqlol” majmuasi bo‘yicha e’lon qilingan tanlov qizg‘in munozaralarga sabab bo‘ldi.

Bunda asosiy e’tiroz “Istiqlol” majmuasi Toshkentning o‘z tarixiga ega bo‘lgan “Moviy gumbazlar” xiyobonida qurilishiga bo‘lgan. Negaki, majmua qurilishi u yerdagi ko‘p yillik daraxtlarning kesilib ketishiga olib kelishi mumkin edi.

“Bugundan e’tiboran Toshkent shahar Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasi tomonidan “Istiqlol” majmuasi barpo etilishi belgilangan hududdagi barcha daraxtlar xatlovdan o‘tkaziladi va muhofazaga olinadi”, deyiladi hokimlik bayonotida.

Unga ko‘ra, Toshkent shahar Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasi tomonidan “Istiqlol” majmuasi barpo etilishi belgilangan hududdagi barcha daraxtlar xatlovdan o‘tkaziladi va muhofazaga olinadi.

Keyinroq Mass-media fondi Vasiylik kengashi raisi o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva ushbu voqelarga munosabat bildirib, jamoat va shahar aholisining fikrini e’tiborga olmasdan shahar jamoat joylarini tubdan o‘zgartirish mumkin emasligini ta’kidladi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

369

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing