“Men Prezidentlarning lyuks saroylarda yashashi tarafdori emasman”. Sobiq “hopiz” yana bir murojaat qoldirdi

Jamiyat

Avvalroq sobiq xonanda Jahongir Otajonov O‘zbekiston prezidentligiga o‘z nomzodini qo‘ymoqchi ekanligi haqida xabar bergan edik. Ijtimoiy tarmoqlarda ko‘pchilik foydalanuvchilar Jahongir Otajonov taqdim etgan murojaatni hazil va “piar” sifatida baholadi. Shundan so‘ng, u Prezident bo‘lish niyati jiddiy ekanini ta’kidlab, o‘zining shu mavzudagi ikkinchi videomurojaatini qoldirdi.

Jahongir Otajonov o‘z videomurojaatida Prezident bo‘lish baxt emasligini ta’kidlab, ushbu lavozimni do‘zaxga qiyoslagan. 

“Mening tarafdorlarim ham bor. Prezident bo‘lish bu baxt emas. Prezident bo‘lish – bu do‘zax. Nega do‘zax? Chunki, bu narsani javobgarligi bor. Bir davlatning Prezidenti bo‘lgan odam, o‘sha davlatda qancha odam bo‘lsa, ularning har biri nimaga haqliligini bilmagani uchun qanchalik javob berishini tasavvur qila olmaysizlar. Men kunim o‘tmayotganidan yoki artistlik uchun Prezident bo‘lmoqchi emasman. Men O‘zbekistonni O‘rta Osiyoda har bitta masalada eng zo‘r davlat qilish niyatim bor”, deydi u.

Sobiq hofiz so‘zida davom etar ekan, prezidentlik yo‘llarni yopib qo‘yib ishga borib kelish emasligini aytib, uni “kolxoz”ning raisiga o‘xshatdi. 

“Yana aytaman: Prezident bo‘lish bu baxt emas. Prezident – bu xuddi “kolxoz”ning raisi emas, davlatning raisi. Prezident o‘z fuqarolarining erkinligini ta’minlay oladigan, Konstitutsiyani tan oladigan bo‘lishi kerak. Prezidentlik yo‘llarni yopib qo‘yib ishga borib kelish emas. Barcha Prezidentlar shunaqa: lyuks avtomobillarda yuradi, lyuks saroylarda yashaydi. Balki, bu standartdir, men bu narsani bilmayman va tarafdori ham emasman. Mening xalqqa xizmat qilish niyatim bor. Chunki ko‘ryapmiz, bazi hududlarda xalqimiz qiynalib yashayapti. Balki, men ham Prezident bo‘lib hammaning hayotini yaxshilashga ulgurmasman, lekin mening niyatim shu”, deydi Otajonov.

Shuningdek, u o‘zi xohlagan Prezident qanday bo‘lishi kerakligini aytib, partiya tuzishini va prezidentlikka nomzodini qo‘yishini jiddiy ta’kidlagan.

“Men xohlagan Prezident qanday bo‘lishi kerakligini men o‘zim yaxshi bilaman. U shunday bo‘lishi kerakki, qiyin sharoitda yashayotgan fuqarodan yaxshi yashashni xohlamasligi kerak. Men Prezident bo‘lsam, shunday bo‘laman. Ya’ni o‘zim yaxshi yashashim uchun o‘sha qiyin sharoitda yashayotgan odamning hayotini yaxshilashim kerak bo‘ladi. Mening niyatim jiddiy. Men partiya tuzaman va prezidentlikka nomzodimni qo‘yaman”, deydi sobiq hofiz.

Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 90-moddasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga o‘ttiz besh yoshdan kichik bo‘lmagan, davlat tilini yaxshi biladigan, bevosita saylovgacha kamida 10 yil O‘zbekiston hududida muqim yashayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi saylanishi mumkin. Ayni bir shaxs surunkasiga ikki muddatdan ortiq O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti bo‘lishi mumkin emas.

O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari tomonidan umumiy, teng va to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish yo‘li bilan besh yil muddatga saylanadi. Prezidentni saylash tartibi O‘zbekiston Respublikasining qonuni bilan belgilanadi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

2382

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing