“Men, men, men...” Aliyevning gaplaridan kuyaylikmi yo kulaylik?

Tahlil

Xalq tilida “borsa-kelmas” deb nom olgan “Jasliq” qamoqxonasida 7 yil jazo o‘tab, ozodlikka chiqqan asli ozarbayjonlik zargar Ahmed Aliyev o‘z vaqtida O‘zbekistondagi siyosiy jarayonlarda ham faol qatnashgani, xususan, 2003 yilda tashkil etilgan O‘zbekiston Liberal demokratik partiyasining dunyoga kelishida bosh-qosh bo‘lgani, hatto, partiya maqsadlari, yo‘nalishi, faoliyati mezonlari, qolaversa, logotipi ham unga oidligini iddao qiladi. Bu haqda u Toshkentda o‘tkazilgan matbuot anjumanida so‘z ochgan.

“Men O‘zbekistondagi siyosiy jarayonlarda ham ishtirok etganman. O‘zbekiston Liberal demokratik partiyasi asoschilaridan biri edim. Hatto, partiya logotipini ham o‘zim chizganman. Biz o‘z tarafdorlarimiz bilan partiyani rivojlantirganmiz”, dedi Aliyev ishonch bilan.

Mustaqil O‘zbekiston tarixiga nazar solsak, mamlakatdagi ilk siyosiy birlashma 1991 yilda tashkil etilgan Xalq demokratik partiyasidir. Ya’ni, O‘zbekiston siyosiy jarayonlarda partiya tuzish uchun Aliyevning og‘zidan chiqadigan gapni kutib turadigan, unga xayrixohlik bildiradigan darajada imkonsiz ahvolda emasdi. Siyosiy doira ham u qadar qoloq bo‘lmagani aniq. Bu borada ma’lum tajriba shakllantirilgandi. Negaki, O‘zLiDepgacha ham mamlakatda 4 ta (XDP, “Adolat” SDP, “Milliy tiklanish” DM, “Fidokorlar” MDP) tashkil topgan va siyosiy jarayonlarda faol qatnashgan, tajriba orttirgan. Aliyev esa butun boshli partiya faoliyatini o‘z harakatlari bilan bog‘layotgani kishini hayron qoldiradi. Balki, O‘zLiDep tashkil etilishida Aliyevning qaysidir ma’noda hissasi qo‘shilgandir, lekin bu “meniki edi, men, men, men” deb chiqishga arzigulik harakatlarmikin?

“Tadbirkorlar partiyasi mamlakat iqtisodini ko‘tarishi, yirik ishbilarmonlarni o‘z atrofida birlashtirishi, ko‘plarni biznes yuritishga o‘rgatishi kerak edi”, deb qo‘shimcha qildi Ahmed Aliyev.

O‘zLiDep 2003 yilda tashkil etilgan va hozirda mamlakatning yetakchi, ta’bir joiz bo‘lsa, hukmron partiyasi. O‘z vaqtida O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov partiyani tashkil etish jarayonida ishtirok etgan. 2007 yilda esa Islom Karimov shu partiyadan o‘z nomzodini ko‘rsatib Prezidentlikka saylangan. 

Amaldagi davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev ham ushbu partiya vakili hisoblanadi. 2016 yilda Shavkat Mirziyoyev saylovda O‘zLiDep nomzodi sifatida qatnashgan. Hukumat rahbari nomzodi ham qonunchilikka ko‘ra, parlament saylovida eng ko‘p ovoz olgan partiya O‘zLiDep tomonidan ko‘rsatilgan.

Ahmed Aliyev qo‘pol aytganda, O‘zLiDepni “odam qilganman” qabilidagi so‘zlari bilan davlat hokimiyati organlariga ham ta’sir o‘tkaza olganiga ishora qilyaptimi?! Bu gap quloqqa biroz “og‘ir” va safsata kabi eshitiladi. Boshqacha aytganda, “kurakda turmaydigan” iddao.

Ho‘p, u shuncha ishni qilgan ekan, nega o‘sha vaqtlarda emas, oradan 15 yildan ko‘p vaqt o‘tib bu haqda gapiryapti. Joriy yilning sentyabr oyida avval qo‘yilgan ayblovlar olingach, oqlanib ozodlikka chiqarilgan Ahmed Aliyev siyosiy jarayonlarga oid fikrlari bilan yana o‘sha maydonga kirishga ixlosmand ekanini ko‘rsatmayaptimi?


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

844

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing