Men diktatorman, demokratiyani tushunishim qiyin — Lukashenko (video)
Olam
−
28 yanvar 2022
10350Belarusni 28 yildan buyon kuch bilan boshqarib kelayotgan Aleksandr Lukashenko diktator, u demokratiyani tushunmaydi. Buni Lukashenkoning o‘zi bugun, 28 yanvar kuni Belarus xalqi va parlamentga qilgan murojaati chog‘ida tan oldi.
“MITSO” xalqaro universitetining Vitebsk filiali direktori Aleksandr Dedinkin Lukashenkoga “Belarus tilida demokratiyani qanday tushunasiz?”, deya yuzlandi.
“Men diktatorman, demokratiyani tushunishim qiyin”, dedi Lukashenko.
Aleksandr Lukashenkoga ko‘ra, hech kim bu demokratik standartlarni ishlab chiqmagan, xoh saylovda bo‘lsin, xoh boshqa joyda.
“Buning yagona standartlari yo‘q. “Demos” – xalq, “kratos” – hokimiyat. Demokratiya – xalq kuchi, referendum esa bu demokratiyaning elementidir. Demokratiya huquq va erkinliklarni anglatadi. Haqiqiy erkinlik. Qonun doirasida. Demokratiya hayotdan bo‘lishi kerak. Xalqdan. Chunki bu xalqning kuchi”, dedi Lukashenko.
2020 yil avgust oyida Belarusda prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tgan edi. MSK saylov yakunida 80 foizdan ko‘proq ovoz bilan Aleksandr Lukashenko g‘alaba qozonganini e’lon qilgan. Saylov kuni mamlakatda bir necha oyga cho‘zilgan ommaviy norozilik namoyishlari boshlandi. Saylov natijalari soxtalashtirilgani da’vosi bilan ko‘chaga chiqqan fuqarolar harbiylar va boshqa xavfsizlik kuchlari tomonidan bostirilgan edi.
Ma’lumot o‘rnida, Aleksandr Lukashenko sobiq sovet respublikalari orasida eng uzoq yil prezidentlik kursisini egallab kelayotgan yagona Prezident sifatida ko‘riladi. U lavozimga ilk bor 1994 yil 20 iyulda kirishgan. U 2020 yilgacha 5 ta Prezidentlik muddatini ortda qoldirib, ayni vaqtda oltinchi muddatda faoliyat yuritmoqda.
LiveBarchasi