Toshkentda o‘tgan MDH forumi Rossiya propagandasimi?
Olam
−
13 dekabr 2022
77402022 yil ko‘plab nufuzli, xalqaro forumlarga boy yil bo‘ldi. O‘zbekiston esa bunda yaxshigina maydon vazifasini o‘tab bermoqda. Joriy yilning 12 dekabr kuni Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi ilmiy-ijodiy ziyolilarining XV forumi o‘tkazildi. Unda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Rossiya, Belarus, Ozarbayjon kabi MDH mamlakatlaridan kelgan vakillar ishtirok etdi.
Mazkur forumni O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov o‘zbek tilida ochib berdi.
“MDHga a’zo davlatlardan 200 dan oshiq ijodkor va ilmiy ziyolilar qatnashayotgan yubiley forumi Toshkent shahrida o‘tkazilayotgani biz uchun alohida ahamiyatga ega. Ushbu anjumanda tomonlarning hamkorligiga va hamjihatligiga bo‘lgan qat’iy ishonch va intilishlari namoyon bo‘ladi”, deydi Nazarbekov.
Forumning ozarbayjonlik mehmoni esa, MDH mamlakatlari rus tilini hurmat qilishi kerakligi, unga e’tibor qaratishi lozimligini alohida urg‘uladi.
“Biz ta’lim, ilm va madaniy sohadagi hamkorligimizni davom ettirishimiz kerak. Jumladan, muhim qadriyatlarimizdan biri bo‘lgan rus tili sobiq Sovet ittifoqi mamlakatlarida yashayotgan ko‘p sonli aholi uchun asosiy muloqot tili bo‘lgan va shunday bo‘lib qolmoqda. Men rus tilining Ozarbayjondagi ta’lim tizimida nechog‘lik qo‘llanayotgani haqida aytadigan bo‘lsam, mamlakatda 300dan ziyod rus tilidagi maktablar bor. Ozarbayjon fuqarolari rus tilida oliy ma’lumot olishlari ham mumkin. Mamlakatda slavyan universitetlari ham bor, jumladan, Lomonosov nomidagi Rossiya milliy universitetining filiali, Sechenov nomidagi Moskvadagi birinchi davlat tibbiyot universitetining filiali mavjud.
Boku shahrida “Rus akademik drama teatri” faoliyat yuritmoqda, rus tilidagi telekanal efirga uzatilmoqda. Qolaversa, rus tilidagi internet manbalari, gazeta va jurnallardan keng foydalaniladi. Ozarbayjon Prezidentining rasmiy veb-sayti ozar va ingliz tili qatori rus tilida ham yangiliklar berib boradi. Sanab o‘tganlarimiz so‘zsiz mamlakat siyosatidan darak berib turibdi.
Boshlang‘ich ta’limda ham rus tilini tanlayotgan ota-onalar va aholi soni yillar o‘tsada kamaymayapti. Shuni alohida qayd etishni xohlardimki Ozarbayjondagi ta’lim tizimida rus tilini nafaqat rusiyzabonlar, balki ozarlar hamda mamlakatdagi boshqa millat vakillari ham tanlamoqda”, deydi Ozarbayjon Respublikasining Rossiya Federatsiyasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Polad Bulbul o‘g‘li.
Shuningdek, boshqa mamlakatlarning vakillari ham o‘ziga xos nutqi bilan ajralib turdi, deyish mumkin. Masalan, Qirg‘iziston vakili forum sanasini buyuk yozuvchi Chingiz Aytmatovning tug‘ilgan kuni bilan bog‘lagan bo‘lsa, Rossiya Federatsiyasi Prezidentining xalqaro madaniy hamkorlik bo‘yicha maxsus vakili Mixail Shvidkoy sobiq SSSR davri haqida esladi.
“30 yil oldin sobiq Sovet Ittifoqi o‘rnida vujudga kelgan yangi mamlakatlar o‘z tarixi va madaniy merosiga chuqurroq e’tibor qarata boshladi. Bizga tarixdan meros bo‘lib qolgan yodgorliklar o‘lik binolar emas, balki tirik meros, ularni asrab-avaylashimiz kerak. Sababi ushbu madaniy poydevorni bugun barpo etolmaymiz. O‘tmish haqida emas, balki kelajak haqida gapiradigan bo‘lsam, bugun O‘zbekiston va MDH mamlakatlari xalqaro maydonda mustahkam va barqaror rivojlanish borasida qayg‘uryapti. Buni esa ta’lim yoki madaniyatsiz uddalab bo‘lmaydi. Bugun hamma intellektual mulkka asoslangan iqtisodiyotdan moddiy daromad ko‘rish haqida o‘ylayapti.
Men bu zalda yig‘ilganlarga qarab yaqinlarim, qardoshlarimni ko‘ryapman. Biz 30 yildan buyon birgamiz va umid qilamanki, bundan keyin ham birga bo‘lamiz. 30 yil oldin barcha aloqalar uzilgan, hamma yer vayron bo‘lgan, ortiq hech qanday aloqalar bo‘lmaydigandek tuyilgan edi. Men SSSRga ishonmayman. Mamlakatlar xalqaro muammolarga o‘z qarashlari va qiziqishlari bilan rivojlandi. Bizning geografik joylashuvlarimiz bu taqdir. Biz qo‘shnilarmiz, biz bir-birimizni sevmasakda, hurmat qilishimiz kerak. Bu juda muhim. Bugungi forum uchun barchaga rahmat aytaman”, deydi Putinning mulozimi.
Tobora sanksiyalar bosimi ostida qolayotgan Rossiya va uning mulozimlariga Markaziy Osiyo mamlakatlari, xususan, O‘zbekiston ham dardini to‘kib sochish uchun qulay minbar vazifasini o‘tab berayotgandek, go‘yo. Bugungi forum ham shulardan biri bo‘ldi deyish mumkin.
Ammo forumning yaxshi tomoni, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlaridagi ko‘plab ijodkorlarning, arxitektor, dizayner va restavratorlarning taqdirlangani bo‘ldi. Ular orasida o‘zbekistonliklar ham bor.
Ya’ni Alisher Navoiy nomidagi Davlat akademik katta teatri direktori, O‘zbekiston xalq artisti Ramiz Usmonov “Hamdo‘stlik yulduzlari” mukofoti bilan, arxitektor, dizayner Imron Haydarov esa MDH davlatlarining yoshlar mukofoti – “Hamdo‘stlik debyutlari” sovrini bilan taqdirlandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qirg‘iziston poytaxti Bishkekda Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi sammiti tugaganidan keyin ham Rossiya rahbari sammit tugagach, jurnalistlar bilan muloqot qilib, Bishkekdan o‘zi uchun maydon sifatida foydalangan edi.
Jurnalistlar bilan bo‘lib o‘tgan muloqot davomida Putin Ukrainadagi urushning, uning ta’biri bilan aytganda “maxsus harbiy operatsiya”ning borishi haqida izoh berib, qo‘shimcha safarbarlik uchun hech qanday asos yo‘qligi, 300 ming kishining faqat yarmi jangovar bo‘linmalarga yuborilgani, qolganlari – zahiradagi mashg‘ulot maydonchalarida yoki o‘quv mashg‘ulotlarida ekani haqda aytib o‘tgandi.
LiveBarchasi