MB so‘m kelgusi oylarda keskin qadrsizlanmasligini ma’lum qildi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Markaziy banki milliy valyuta almashuv kursi keskin tebranishlarini oldini olish bo‘yicha yetarli imkoniyatlarga ega. Bu haqda bugun, 9 dekabr kuni MB Boshqaruvining asosiy stavka masalasini ko‘rib chiqish bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda ma’lum qilindi.

Yig‘ilishda aytilishicha, joriy yilning yanvar-noyabr oylarida milliy valyutadagi jami muddatli depozitlar hajmi 42 foizga, shundan, aholi depozitlari hajmi 63,3 foizga o‘sgan. Banklarning milliy valyutadagi muddatli depozitlari bo‘yicha o‘rtacha tortilgan foiz stavkalari oktyabr oyida biroz pasayuvchi dinamika hosil qilib, jismoniy shaxslar uchun 19,6 foiz, yuridik shaxslar uchun 15,1 foiz darajasida shakllanib, mos ravishda 8,1 foiz va 4,1 foizlik real ijobiy stavkalar qayd etilgan.

Shuningdek, ichki valyuta bozoridagi vaziyat, so‘mning real samarali almashuv kursi dinamikasi va unga nisbatan yuqori bosimning mavjud emasligi, Markaziy bankning milliy valyuta almashuv kursi keskin tebranishlarini oldini olish bo‘yicha yetarli imkoniyatlarga ega ekanligi kelgusi oylarda yuqori devalvatsion kutilmalarga asos mavjud emasligini anglatadi.

Kreditlar bo‘yicha foiz stavkalar dinamikasida sezilarli o‘zgarishlar kuzatilmagan. Bunda, jismoniy shaxslarga ajratilgan kreditlar bo‘yicha o‘rtacha tortilgan foiz stavkalari oktyabr oyida 21,5 foizni tashkil etgan bo‘lsa, yuridik shaxslarga ajratilgan kreditlar bo‘yicha – 21 foizga teng bo‘lgan.

Qayd etilishicha, yanvar-noyabr oylari davomida so‘m almashuv kursi 10449-10787 so‘m/AQSH dollari oralig‘ida tebrandi. Bunda, noyabr oyida tashqi sharoitlar o‘zgarishiga javoban so‘m almashuv kursi devalvatsiya sur’atlari biroz tezlashdi va yil boshidan 3 foizga qadrsizlandi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

294

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing