MB “Davrbank”ga sanksiya qo‘lladi
Jamiyat
−
09 aprel 2022
21865“Davrbank” tomonidan fuqarolarning bank kartasidagi pul mablag‘lari ularning ruxsatisiz yechib olinganligi aniqlandi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki xabar berdi.
Qayd etilishicha, MBning Bank xizmatlari iste’molchilarining huquqlarini himoya qilish xizmatiga bu borada murojaatlar kelib tushgan.
Ushbu murojaatlar o‘rganilganda kafil yoki birgalikda qarz oluvchi hisoblanmagan fuqarolarning bank kartalari qonun hujjatlariga rioya qilinmagan holda ularning roziligisiz tijorat banki tomonidan jismoniy shaxslarga ajratilgan kredit qarzdorligini so‘ndirish uchun biriktirilib, mablag‘lar yechib olish amaliyoti yo‘lga qo‘yilganligi aniqlangan.
“Bunday amaliyotni yo‘lga qo‘ygan “Davrbank”ka nisbatan belgilangan tartibda jarima sanksiyasi qo‘llanildi. Shuningdek, bankka fuqarolarning bank hisobvaraqlaridan (shu jumladan, bank kartalaridan) mablag‘larni qonunchilikka zid ravishda ularning roziligisiz hisobdan chiqarish amaliyotiga chek qo‘yish hamda fuqarolardan shu mazmunda shikoyatlar kelib tushganda ushbu mablag‘larni qaytarib berilishini ta’minlash vazifalari yuklatildi.
Bank xizmatlari iste’molchilarining huquqlarini himoya qilish xizmati tijorat banklarining insofsiz xizmat ko‘rsatish amaliyotlariga qarshi turadi hamda kredit qarzdorliklarni uchinchi shaxslar hisobidan so‘ndirishda amaldagi qonun hujjatlari talablariga rioya qilishga chaqiradi”, deyiladi Markaziy bank axborotida.
Shuningdek, rasmiy bildirishda barcha tijorat banklariga “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi Qonunning 57-moddasida bank xizmatlari iste’molchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilganligi uchun bankka nisbatan choralar ko‘rilishi belgilanganligini eslatib o‘tilgan.
LiveBarchasi