Majburiy-ixtiyoriy: maktab formasi mashmashalari
Tahlil
−
28 avgust 5705 10 daqiqa
Yangi o‘quv yili yaqinlashgani sari ota-onalar farzandlari uchun yangi o‘quv qurollari va maktab formasi xarid qilishga kirishadi. Maktab yoshidagi farzandlari ko‘p ota-onalar uchun bu biroz qiyinroq bo‘lishi ham mumkin. Ayniqsa, maktab formalari majburiy bo‘lsa. O‘zbekistonda yagona maktab formalari joriy etilgan deb ochiq-oydin aytilmasa-da, o‘quvchilar og‘zaki buyruqlar asosida bir xil kiyinishga majbur qilinadi. Bu yuqoridan buyruq olgan maktab direktorlari tomonidan nazorat qilinadi. Ba’zida ularning shaxsiy tashabbuskorligi asosida barcha o‘quvchilar maktab formalarini bitta do‘kondan sotib olish yoki bitta tikuvchiga tiktirishga jalb qilinadi. Qarabsizki, shu nuqtada manfaatlar to‘qnashuvi hamda maishiy monopoliya kuchga kiradi. Tushunganingizdek, bugun majburiy maktab formalari haqida gaplashamiz. Xo‘sh, o‘zi nega o‘quvchilar bir xil kiyinishga majburlanadi? Yagona maktab formasi aytilganidek, tabaqalashuvning oldini olib, tartib-intizomni ta’minlaydimi yoki ortiqcha xarajatlarga olib keladimi?
Forma kiyishning ijobiy va salbiy tomonlari

Maktab formalarining asosiy afzalliklaridan biri o‘quvchilar o‘rtasidagi tenglikka intilishdir. Hammaning bir xil kiyimda bo‘lishi uslub, brend va hokazolar bo‘yicha tabaqalanishni yo‘qotadi. Pedagoglarning fikricha, bir xil kiyinish o‘quvchilar orasida birdamlikni kuchaytiradi.
Bolalar psixologlarining ta’kidlashicha, bolalar belgilar asosida o‘zlarini guruhning bir qismi sifatida ko‘rishga intilishadi. Bunday kiyim esa ularda akademik guruh a’zosi faxrini uyg‘otadi. Bu ehtiyoj o‘smirlar va yoshlar orasida ham kuzatiladi. Formaning neytral ko‘rinishi chuqurroq munosabat, jamoaviy ruh, intizom, muloqot va hurmatni rag‘batlantiradi.
Yana bir jihati shuki, kiyim tanlash muammosi ham yo‘qoladi. Maktab formasi qulay, butun yil davomida bir xil qoladi, yozgi va qishki variantlari mavjud. Bu esa hamma uchun vaqt va mablag‘ni tejaydi. Tadqiqotlarga ko‘ra, agar barcha o‘quvchilar bir xil kiyimda bo‘lsa, sinf xonalari tartibli ko‘rinadi, bolalar kamroq shovqin qiladi va ko‘proq tinglaydi
Qarama-qarshi fikr egalariga ko‘ra, forma ijtimoiy uyg‘unlikni targ‘ib qilishi mumkin, ammo tengsizlikni bartaraf etmaydi, u faqat boshqa shaklda namoyon bo‘ladi. Avvalo, ular formalar oilalar uchun qimmatga tushishini ta’kidlaydi. Bundan tashqari, bir nechta forma butun o‘quv yili uchun yetarli emas. Moliyaviy imkoniyati cheklangan oilalar har bir mavsum uchun qat’iy belgilangan formani sotib olishda qiyinchilik sezadi.
Formaning yana bir salbiy jihati seksizmni rag‘batlantirishi va turli e’tiqodlarni bir qolipga solishidir. Masalan, Yaponiyada qizlarning yubka kiyish talabi ko‘pchilikning noroziligiga sabab bo‘ladi. Forma joriy qilingan ko‘plab mamlakatlarda qizlar uchun yubka – kiyinishning asosiy talabi hisoblanadi. Ammo, kalta yubkalar qizlarga erkin harakat qilishga yo‘l qo‘ymaydi. Mana shunday tanqidlar asosida Hindiston 2021 yilda “Unisex ” maktab formalarini (ayollarga ham, erkaklarga ham bir xil ko‘rinishga ega) joriy qildi. Endilikda mamlakatda qizlar va o‘g‘il bolalar uchun shim kiyish birdek majburiy qilib qo‘yildi. Biroq bu turli din vakillari orasida e’tiqod masalalari bo‘yicha e’tirozlarga sabab bo‘lmoqda.
O‘quvchilar kiyim orqali o‘z shaxsiyatini ko‘rsata olmasligi maktab formasining katta kamchiliklaridan biri sifatida ko‘riladi. Bolalar, ayniqsa o‘smirlar tashqi ko‘rinishlari bilan o‘z ichki hissiyotlari, fe’l-atvor va dunyoqarashlarini ifoda etishga urinadi. Majburiy tarzda bir xil forma kiyish – ularning bu imkoniyatlarini cheklaydi, tanqidiy va kreativ fikrlash qobiliyatlarini pasaytiradi.
Qaysi davlatlarda maktab formalari majburiy?
Ko‘pgina mamlakatlarda maktab, kollej va oliygohlar uchun maxsus formalar mavjud. Ularning asosiy qismi majburiy yoki ixtiyoriy ravishda targ‘ib qilinadi. O‘quvchilar kiyimining majburiy etib qo‘yilishi bola huquqlarning poymol etilishi deb qaralsa-da, ko‘plab davlatlar o‘z qaroridan voz kechmay kelmoqda. Ularning orasida bir qancha rivojlangan mamlakatlar ham bor. Masalan, Buyuk Britaniya, Yaponiya, Avstraliya, Xitoy, Rossiya va Janubiy Koreya.
Buyuk Britaniya. Hozirda Birlashgan Qirollikda maktab formasi keng tarqalgan bo‘lsa-da, Angliya va Uels, Shotlandiya hamda Shimoliy Irlandiyaning uchta alohida huquqiy hududida uni majburan joriy etuvchi qonun mavjud emas. Umuman olganda, maktab formasi siyosati va kiyinish qoidalarini joriy etish masalasi har bir maktabning o‘ziga havola qilingan.

Yaponiya. Ushbu davlatda maktab formasi XIX asr oxirida joriy etilgan. Bugungi kunda davlat va xususiy maktablar tizimida maktab formasi deyarli hamma joyda qo‘llaniladi. Tabiiyki, maktablarning aksariyatida qat’iy kiyinish qoidalari ham mavjud: o‘quvchilarga bo‘yanish, ortiqcha bezaklar taqish, g‘ayrioddiy soch turmaklari yoki tabiiy bo‘lmagan soch ranglariga ruxsat berilmaydi. Sodda va beg‘ubor ko‘rinish yapon yoshlar madaniyatining ramziy belgilaridan biriga aylangan.

Avstraliya. Maktab formasi masalasiga kelganda, Avstraliya qattiqqo‘lligi bilan tanilgan. Bu mamlakatning ta’lim tizimi haqida gap ketganda tez-tez muhokama qilinadigan mavzulardan biridir. Maktab formasi g‘oyasi qadimdan mavjud bo‘lib, Avstraliyada bu narsa madaniyatning bir qismi sifatida qaraladi. Eng kichik qit’a bo‘lgan bu mamlakatda forma kiyishni talab qiluvchi hech qanday federal qonun yo‘q, har bir maktab o‘z forma siyosatini belgilashi mumkin. Xususiy maktablar va katolik maktablari forma siyosatida odatda eng qattiqqo‘l bo‘lib, ko‘pincha qishki va yozgi formalarga ega bo‘lishni talab qiladi, hatto soch aksessuarlari, bo‘yanish va taqinchoqlar bo‘yicha ham qat’iy cheklovlar qo‘yadi. Davlat maktablarida ham forma majburiy, ammo biroz yumshoqroq shaklda. Ba’zi maktablarda qat’iy kiyinish qoidalari mavjud bo‘lsa, boshqalarida siyosat nisbatan yumshoqroq bo‘lib, o‘quvchilarga qulay, maktab ranglariga mos va shaxsiy uslubini ifodalovchi kiyimlarni kiyishga ruxsat beriladi.

Xitoy. Kommunistik g‘oyalar asosidagi bu mamlakatda maktab formasi ta’lim tizimining ajralmas qismi bo‘lib, barcha maktablarda majburiy hisoblanadi. U o‘quvchilar orasida tenglikni ta’minlash, intizomni kuchaytirish va maktabni tashqaridan ajratib turish vositasi sifatida qaraladi. Bugungi kunda Xitoy maktab formasi ko‘pincha sport kiyimlariga o‘xshash shaklda. Yozda yengil futbolkalar kiyilsa, qishda issiqroq sport kurtkalari taqdim etiladi.

Rossiya. XIX asrda Rossiya imperiyasida forma aristokratik tartib va intizom belgisi sifatida joriy qilingan. Sovet Ittifoqi davrida esa maktab formasi yagona tizimga aylantirilib, barcha o‘quvchilar uchun majburiy qilindi. 1990 yillarda Ittifoq parchalanishi ortidan Rossiyada maktab formasi majburiylikdan chiqib ketdi. Bu davrda maktablarda kiyinishda erkinlik hukm surdi. Ammo vaqt o‘tishi bilan turli muammolar yuzaga chiqdi: brend kiyimlar tufayli o‘quvchilar orasida tengsizlik, intizomning susayishi va maktab muhitida birlikning yo‘qolishi kuzatildi.
Shu sababli, 2013 yilda Rossiya hukumati maktab formasini qayta joriy etish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Hozirgi kunda maktablar yagona forma siyosatini ishlab chiqdi, lekin aniq dizayn va ranglarni har bir mintaqa yoki maktabning o‘zi belgilaydi.
Janubiy Koreya. Bu davlatda ham maktab formasi deyarli barcha o‘rta va yuqori maktablarda majburiy hisoblanadi. Qishda qalinroq, yozda esa yengilroq kiyimlar bo‘ladi. Ranglar maktabdan-maktabga farq qiladi, lekin ko‘k, qora va kulrang ko‘proq uchraydi. Janubiy Koreyada maktab formasi yoshlar madaniyatining ham bir qismiga aylangan, u serial va musiqiy videolar orqali butun dunyoga tanish. Bu davlatda ham qizlarga yubka majburiy bo‘lishi ko‘p tanqid qilinadi. So‘nggi yillarda ko‘plab maktablar qizlarga shim kiyishga ham ruxsat bermoqda. Bundan tashqari, ota-onalar formaning qimmatligidan shikoyat qiladi.
MDH davlatlari. MDH davlatlarida maktab formasi sobiq Sovet davridan beri mavjud. Ittifoq parchalangach, yillar davomida yagona forma talabi bir necha marta o‘zgardi. Masalan, Qozog‘istonda 2023 yilda maktab formasini kiyish qoidalarida muhim o‘zgarishlar yuz berdi. Ba’zi cheklovlar olib tashlandi va o‘quvchilarga ko‘proq erkinlik berildi. Xususan, tadbir formalaridan voz kechilib, galstuk ixtiyoriy qilindi.

Qirg‘izistonda esa maktab formasi 2007 yildan boshlab majburiy joriy etilgan. Hukumat qaroriga ko‘ra, barcha maktab o‘quvchilari yagona uslubdagi formani kiyishi shart. O‘g‘il bolalar uchun maktab formasi odatda oq ko‘ylak, to‘q rangli shim va klassik jaket yoki kostyumdan iborat bo‘ladi. Ba’zi hollarda galstuk ham talab qilinadi. Qizlar esa oq bluzka, to‘q rangli yubka yoki shim, shuningdek, klassik jaket kiyishadi. Formaning asosiy ranglari qora, ko‘k, kulrang va jigarrang bo‘ladi.
Ozarbayjonda uzoq muhokamalardan so‘ng, Vazirlar Mahkamasi qarori bilan 2023-2024 o‘quv yilidan boshlab yagona maktab formasi majburiy etib qo‘yildi. Bu qarorni ota-onalar turlicha qabul qildi. Maktablardagi pedagogik kengashga to‘rt xil variantdan birini tanlash huquqi berilgan: to‘q kulrang, to‘q ko‘k, to‘q jigarrang va kulrang shim yoki yubka, shuningdek, oq, ko‘k rangli futbolkalar. Forma yozgi va qishki to‘plamdan iborat. Qaror faqat davlat maktablariga taalluqli bo‘lib, xususiy maktablar esa kiyim masalasini o‘z nizomlari asosida tartibga soladi.
Tojikistonda maktab formasi masalasi davlat darajasida tartibga solingan. 2007 yildan boshlab hukumat qaroriga binoan barcha umumta’lim maktablarida yagona maktab formasi joriy etilgan. Maktab formasi odatda sodda va qulay bo‘lib, ko‘proq to‘q ranglarda: ko‘k, qora yoki jigarrang tuslarda tayyorlanadi. Qizlar uchun ko‘ylak va etak, o‘g‘il bolalar uchun esa shim va ko‘ylak hamda ko‘pincha galstuk yoki nimcha qo‘shiladi. Ayrim hollarda qizlar milliy uslubdagi elementlarga ega kiyimlarni ham kiyishlari mumkin.
Ayrim ota-onalar forma narxi balandligi yoki sifatiga norozilik bildiradi. Shunga qaramay, hukumat yagona maktab formasini ta’lim tizimidagi muhim talab sifatida qo‘llab-quvvatlamoqda.
O‘zbekistonda-chi?!...
Maktablarda yagona formaning majburiy yoki ixtiyoriy bo‘lishi borasida so‘nggi bir necha yilda ko‘pgina hukumat qarorlari qabul qilinganki, adashtirib yuborish hech gap emas. Demak, boshladik. Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 15 avgustda qabul qilingan qarorida maktab formasi 2018-2019 o‘quv yilidan ixtiyoriy, 2022-2023 o‘quv yilidan boshlab esa majburiy joriy etilishi belgilangan. Keyinchalik, ya’ni 2019 yil may oyida o‘sha davrda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori o‘rinbosari lavozimida ishlagan Saida Mirziyoyeva maktab formasini majburiy qilishdan ko‘ra boshqa muammolarga e’tibor qaratish kerakligini ta’kidlab, majburiy maktab formasi talab qilinishiga hali ertaligini aytgandi.
“O‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida, ayrim joylarda sharoit og‘ir ekanligi, ko‘plab maktablar ta’mirtalab, o‘quv darsliklarining yetishmasligi, kitoblar sifati juda past ekanligi, ayrim maktablarda darslar uch smenada o‘tilishini ko‘rdik. Bu yildan boshlab majburiy yagona maktab formasi joriy etilishi rejalashtirilgan. Lekin mavjud kamchiliklarni tuzatmay turib, majburiy forma talab qilinishiga hali erta deb o‘ylaymiz. Qisqasini aytganda - oldin sharoit, keyin talab”, deb yozgan Saida Mirziyoyeva Facebook’dagi sahifasidagi postida.
Shundan so‘ng, 2019 yil 18 iyun kuni Vazirlar Mahkamasining 509-sonli qarori qabul qilindi va yagona maktab formasi 2019-2020 o‘quv yilidan emas, 2024-2025 o‘quv yilidan boshlab joriy etiladigan bo‘ldi. 2022 yil 19 may kuni esa hukumatning 271-sonli yana bir qarori bilan maktab formasi 2024-2025 o‘quv yilidan emas balki, 2022-2023 o‘quv yilidan boshlab majburiy joriy etiladigan bo‘ldi. Biroq, bu qaror ota-onalar va keng jamoatchilik o‘rtasida turli xil e’tirozlar kelib chiqishiga sabab bo‘ldi. E’tirozlar inobatga olinib, Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 3 oktyabrdagi 558-sonli qarori bilan 2022-2023 o‘quv yilidan boshlab davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida o‘quvchilar uchun tasdiqlangan shakllardagi yagona maktab formasini joriy etish talabi rasman bekor qilindi va yagona maktab formasi bosqichma-bosqich joriy etiladigan bo‘ldi. So‘nggi qabul qilingan qarorda esa yagona maktab formasi joriy etishning aniq muddati belgilanmadi.
Ammo har o‘quv yili boshidan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi majburiy forma talab qilinmasligi haqida e’lon qiladi. Biroq yil davomida o‘quvchilardan yagona forma so‘raladi, tashabbusni esa direktor va sinf rahbarlari o‘z bo‘yniga oladi.
Yodingizda bo‘lsa, o‘tgan o‘quv yilining ikkinchi yarmida maktab formalari mashmashasi ko‘tarilgandi. Qarshi shahridagi 23 maktab direktori F.Sh. o‘quv yilining o‘rtasida forma uchun pul yig‘imi tashkil etayotgani haqidagi video muhokamalarga sabab bo‘lgandi. Shundan so‘ng, maktab direktori jarimaga tortilgan edi.
Maktab formalarining ijobiy va salbiy tomonlari haqida yuqorida so‘z yuritdik. Tarozining qaysi pallasi og‘ir kelishini har kim o‘zi tanlaydi. Ammo sizning bu boradagi fikringiz qanday? QALAMPIR.UZ o‘tkazgan so‘rovnoma natijalariga ko‘ra, respondentlarning asosiy qismi maktab formalarining majburiy bo‘lishini noto‘g‘ri deb hisoblaydi. Biroq amaliyotda barcha ota-onalar farzandlarini maktab talabiga asosan kiyintirishga majburligicha qolmoqda.
Live
Barchasi