Majburiy avtosug‘urta bo‘yicha ochiq muloqot: tahlil, taklif va tavsiyalar
Jamiyat
−
19 iyun 3941 3 daqiqa
Termiz shahrida sug‘urta sohasidagi fuqarolarning manfaatlariga daxldor bo‘lgan qarorlar to‘g‘risida aholini xabardor etish hamda ularning bu boradagi so‘rovlariga javob berish maqsadida sug‘urta kompaniyalari vakillari, agentlar hamda jismoniy va yuridik shaxslar, OAV vakillari ishtirokida media-tur o‘tkazildi. Uchrashuvda avtoqatnovlar oqimining yuqoriligi va YTHlar sonining ortishi sharoitida transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish yoki sodda qilib aytganda, majburiy avtosug‘urta sohasidagi muammolar va ularning yechimi to‘g‘risida atroflicha to‘xtalib o‘tildi.

Ma’lumki, yurtimizda majburiy avtosug‘urta ijtimoiy yo‘naltirilgan chora sifatida joriy etilgan. Asosiy maqsad yo‘l-transport hodisalari yuz berganda fuqarolarni sug‘urta himoyasi bilan ta’minlashdir. Qonunchilikka ko‘ra, insonning sog‘lig‘i, hayoti yoki mol-mulkiga zarar yetkazilgan taqdirda sug‘urta kompaniyalari tovon to‘lashi belgilangan. Bu nafaqat piyodalar va yo‘lovchilarga, balki o‘z aybisiz jabrlangan haydovchilarga ham yetkazilgan zararni qoplash masalasini nazarda tutadi.
Ammo so‘nggi yillarda ushbu tizimning samaradorligi haqidagi munozaralar birinchi o‘ringa chiqmoqda. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, faqatgina 2024 yilning o‘zida mamlakatimizda 9 364 ta yo‘l-transport hodisasi ro‘yxatga olingan. 8 901 kishi jarohat olgan, ularning 2203 nafari halok bo‘lgan. Bu raqamlar esa, sug‘urta tovon puli yetarli darajada bo‘lishi shartligini namoyish etmoqda.
Tadbirda ta’kidlanganidek, sug‘urta kompaniyalarining hayot va sog‘liqqa yetkazilgan zarar uchun amaldagi sug‘urta tovoni puli 26 million so‘mni tashkil etadi. Ishtirokchilarning fikricha, bugungi sharoitda bu mablag‘ yetarli emas. Ayniqsa, jabrlanuvchilar og‘ir tan jarohati olgan, uzoq muddat davolanishga muhtoj bo‘lgan yoki mehnat qobiliyatini yo‘qotgan hollarda bu yaqqol seziladi. Bunday holatlarning aksariyatida tovon puli hatto asosiy tibbiy xarajatlarni ham qoplamasligi mumkin.
Avtomobillarga yetkazilgan zararni qoplashda ham o‘xshash muammolar yuzaga kelmoqda. Fuqarolarimiz xorijda ishlab chiqarilgan avtomobillarni ko‘proq xarid qilmoqda, bunda ularni ta’mirlash narxi esa sezilarli darajada oshib ketgan. Bunday holatda 14 mln so‘m miqdorida belgilangan sug‘urta tovon puli ko‘pincha kelib chiqqan zararni to‘liq qoplamasligi natijasida haydovchilar qolgan farqni o‘z hisobidan to‘lashga majbur bo‘lmoqda.
Qolaversa, Istiqbolli loyihalar milliy agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi yillarda haydovchilar tomonidan kompensatsiyalarning yetarli darajada emasligi haqidagi murojaatlar soni ortgan. To‘g‘ri, to‘lovlar qonun doirasida amalga oshirilmoqda, biroq bundan 6 yil avval avtosug‘urta bo‘yicha belgilangan 40 mln so‘m miqdoridagi tovon puli – bugungi iqtisodiy voqelik va xarajatlar miqdorini to‘liq qamrab olmayapti.
Muloqot davomida amaldagi limitlarni qayta ko‘rib chiqish imkoniyatlari muhokama etildi. Xususan, hayot va sog‘liqqa yetkazilgan zarar uchun kompensatsiyalarni ikki barobar oshirish masalasi ko‘tarildi. Shuningdek, shikastlangan avtomobillar uchun 28 million so‘m miqdorida sug‘urta pulini belgilash ham maqsadga muvofiqligi ta’kidlandi. Mutaxassislarning fikricha, bu chegaradagi tovon puli, chet el ishlab chiqargan avtomobillar bo‘yicha 75 foizgacha, mahalliy avtomobillar bo‘yicha esa 98 foizgacha zararni qoplash uchun yetarli hisoblanadi.
Xulosa qilib aytganda, Termizdagi media-tur fikr-mulohaza almashish uchun ochiq maydon vazifasini o‘tadi. Mazkur bevosita muloqot chog‘ida ishtirokchilar tomonidan bildirilgan fikrlar, taklif va tashabbuslar umumlashtirilib, majburiy avtosug‘urta tizimi iqtisodiy shart-sharoitlarga moslashtirilishi va barcha yo‘l harakati ishtirokchilari uchun ishonchli himoyani ta’minlashi lozimligi to‘g‘risida umumiy nuqtai nazar bildirildi.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr