Maymun chechagi O‘zbekistonga yanada yaqinlashdi
Olam
−
30 iyun 2022
30655Turkiyada maymun chechagi bilan kasallanishning birinchi holati aniqlandi. Bu haqda Turkiya Sog‘liqni saqlash vaziri Fahrettin Koja xabar bergan.
“Immuniteti zaif 37 yoshli bemorga maymun chechagi tashxisi qo‘yildi. U izolyatsiyada. Bemor bilan muloqotda bo‘lganlarda kasallik aniqlanmagan. Ma’lumki, ushbu kasallik nafas olish yo‘li bilan emas, balki jismoniy aloqa orqali yuqadi”, deydi vazir.
Biroq, Koja Turkiyaning qaysi shahrida birinchi infeksiya holati qayd etilganiga aniqlik kiritmagan.
Ma’lumot o‘rnida, maymun chechagi kam uchraydigan virusli kasallik bo‘lib, asosan yovvoyi hayvonlardan odamlarga yuqadi. Kasallikning belgilari isitma, bosh og‘rig‘i, mushak og‘rig‘i, bel og‘rig‘i, limfa tugunlari shishishi, titroq va charchoqni o‘z ichiga oladi. Shuningdek, yuz va tananing boshqa qismlarida teri toshmasi ham paydo bo‘lishi mumkin. JSST ma’lumotlariga ko‘ra, maymun chechagi epidemiyasi uchun o‘lim darajasi odatda 1 foizdan 10 foizgacha, o‘limning aksariyati yosh guruhlarda sodir bo‘ladi.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, Turkiya o‘zbekistonliklar eng ko‘p sayohat qiladigan besh mamlakatdan biri sanaladi. Joriy yilning besh oyi davomida 98,2 ming nafar O‘zbekiston fuqarosi Turkiyaga safar qilgan.
LiveBarchasi