Mavsumiy balo – is gazidan saqlaning

Tahlil

image

Kuz-qish mavsumi boshlangan sayin ko‘nglimda xavotir o‘rmalaydi. Qishloqdagi yaqinlarim xayolimdan o‘tadi. Sababi sovuq kunlar kirishi bilan chiroqning qadami uziladi. Gazni-ku qishloqdan bosh olib ketganiga ancha bo‘lgan. Trubalar ham allaqachon egalarining jig‘ildonida.

Ijtimoiy tarmoqlarda is gazidan zaharlanish holatlari haqida tez-tez xabarlar tarqab turadi. Garchi har yil qayta va qayta takrorlanayotgan mavzu bo‘lsa-da, odamlar hali bu mavsumiy balodan qutula olgani yo‘q. Bugun is gazi va undan himoyalanish yo‘llarini yana bir bor esga olsak.   

Is gazi nima?

Is gazi (SO) rangsiz, hidsiz zaharli birikma bo‘lib, tabiiy gaz, yoqilg‘i, ko‘mir, o‘tin cho‘g‘lari to‘liq yonmasligi oqibatida hosil bo‘ladi. Tutun tarkibi 3%, ishlangan gaz 13%, portlovchi gazlar esa 50−60% gacha is gazidan iborat. 

Is gazining ajralishi nostandart va nosoz gaz asboblaridan hamda isitish pechlaridan foydalanish, talabga javob bermaydigan dudburonlarni o‘rnatish yoki ularni noto‘g‘ri o‘rnatish, mavjudlarini o‘z vaqtida tozalamaslik, gazning yetarli miqdorda havo bilan aralashmasligi tufayli sodir bo‘ladi.

Bu gazning xavfliligi shundaki, u kislorodga nisbatan 300 barobar tez va ko‘proq gemoglabinga birikish hususiyatiga ega. Shuning uchun ham, juda mahkam birikma – karboksigemoglobin hosil bo‘ladi. Is gazi tarkibidagi temir moddasi nafas olish fermentini parchalaydi. Oqibatda to‘qimalarning nafas olish faoliyati buziladi. 

Is gazi sabab…

O‘zbekistondagi yong‘in bilan bog‘liq ko‘ngilsiz hodisalarning asosiy qismi isitish tizimidagi e’tiborsizlikdan kelib chiqadi. Shu o‘rinda Favqulodda vaziyatlar vazirligi bergan ushbu ma’lumotlarga e’tibor qaratsak: 

O‘tgan 2019/2020 yilgi kuz-qish mavsumida respublikada 6805 holatda yong‘in sodir bo‘lgan. Oqibatda 82 nafar fuqaro halok bo‘lgan va 139 nafar inson kuyish tan jarohatini olgan. Keltirilgan moddiy zarar miqdori 50 mlrd so‘mdan ortiqni tashkil etgan. Sodir bo‘lgan yong‘inlarning 5986 tasi, ya’ni 88 foizi aholi turar-joylariga to‘g‘ri keladi. 

Yong‘inlar sababi o‘rganilganda, ularning 30 foizi elektr uskunalaridan foydalanish qoidalarining buzilishi, 23 foizi ochiq olovdan ehtiyotsizlik bilan foydalanish, 20 foizi isitish pechlarini qurish va ishlatish qoidalarining buzilishi, 9 foizi bolalar sho‘xligi tufayli, 8 foizi chekishdagi ehtiyotsizlik, 3 foizi gaz jihozlaridan foydalanish qoidalarining buzilishi, shuningdek, 16 tasi gaz va havo aralashmasining chaqnashidan sodir bo‘lgan.

Baxtsiz hodisalarda doim ham fuqarolarni ayblash xato. Ba’zi hollarda gaz ta’minoti idoralari tomonidan gaz jihozlari sozligi mavjud standartlarga ko‘ra nazorat qilinmasligi va o‘z vaqtida texnik xizmat ko‘rsatilmasligi, dudbo‘ronlarni tozalash, sozlash, belgilangan tartibda o‘rnatish bo‘yicha xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar va ustalar talabga javob bermasligi ham uchrab turadi. 

Birgina misol, gaz asbob-uskunalarining nosozligi sabab 2019 yilning oktyabr oyidan 2020 yilning 31 mart sanasiga qadar jami 107 tan noxush holatlar ro‘y bergan. Shulardan 52 tasi gaz va havo aralashmasining chaqnashi bilan bog‘liq holatlar bo‘lib, ularda 89 nafar fuqaro kuyish tan jarohatini olgan, 3 nafar fuqaro vafot etgan, shuningdek, 55 ta is gazidan zaharlanish bilan bog‘liq holatlar sodir bo‘lib, ularda 75 nafar fuqaro jabrlangan va 73 nafari qurbon bo‘lgan.  

Is gazidan qanday himoyalanish kerak?

•  gaz va muqobil yoqilg‘i (ko‘mir, o‘tin va boshqa) turlaridan foydalanishda xavfsizlik qoidalariga qat’iy rioya etish;
•  nostandart (qo‘lbola yasalgan) yoki sertifikatga ega bo‘lmagan isitish pechlari va anjomlaridan foydalanmaslik;
•  isitish pechlarining dudburonlarini toza va soz holatda bo‘lishini ta’minlash;
•  gaz yoki boshqa muqobil yoqilg‘iga moslashtirilgan isitish pechlari hamda suyultirilgan uglevodorod gaz balonlarini (anjomlari)ni dam olish (uxlash) xonalariga olib kirmaslik;
•  oshxonada o‘rnatilgan tabiiy gazda ishlovchi gaz plitalardan xonalarni isitish maqsadida foydalanmaslik;
•  havo almashmaydigan xonalarni isitishda ochiq olov (ko‘mir va o‘tin cho‘g‘lari)dan foydalanmaslik;
•  havoni almashtiruvchi shamollatish shaxtalari yoki tuynuklarni ochiq va ishchi holatda bo‘lishini ta’minlash.
•  xonadonlarga is gazini aniqlovchi qurilma o‘rnatish tavsiya qilinadi. Zero, qurilmani sotib olish va o‘rnatish xarajatlari oila a’zolari, ayniqsa yosh bolalarning hayotidan qimmatga tushmasligi aniq;
•  Gaz ballonlarini issiqlik manbaiga yaqin joyda qoldirmaslik lozim.

 Gaz hidini sezganda…

•    gaz plitalari va isitish pechlarini gaz tarmog‘idan o‘chirish;
•    eshik va derazalarni ochib, xonani shamollatish;
•    xonada elektr jihozlarini yoqmaslik, yoniq bo‘lsa o‘chirmaslik kerak;
•    gaz chiqayotgan joyni aniqlash uchun ochiq olovdan emas, sovun ko‘pigidan foydalanish tavsiya qilinadi.

Is gazidan zaharlanish

Is gazidan zaharlanganda bosh aylanishi, bosh og‘rig‘i, hushdan ketish, qolaversa, ko‘rish va eshitish qobilyati, tanada terlash, nafas olishning og‘irlashishi, yo‘tal hamda qaltirash holatlari kuzatiladi.

Is gazidan zaharlangan bemorni avvalo toza havoga olib chiqish zarur. Nafas olishi to‘xtab qolgan bo‘lsa, sun’iy nafas beriladi. Sun’iy nafas bemor mustaqil nafas olgunga qadar yoki biologik o‘lim alomatlari paydo bo‘lgunga qadar davom ettiriladi. Tanani ishqalash, oyoqlarga grelka qo‘yish, nashatir spirti bug‘larini hidlatish  (nashatir spirti bemor burnidan kamida 1 sm uzoqlikda shimdirilgan paxta yoki dokada bo‘lishi shart, aks holda spirtning o‘tkir hidi bemorni “paralich” holatiga olib kelishi mumkin) bemorning o‘ziga kelishiga yordam beradi. O‘ziga kelgach, tananing yuqori qismini qisib turuvchi kiyimlardan bo‘shatiladi, issiq choy yoki qahva ichirish maqsadga muvofiq. Bular zaharlanganda ko‘rsatilishi kerak bo‘lgan birlamchi yordam edi. Shundan so‘ng, bemorni zudlik bilan shifoxonaga olib borish zarur. Chunki, zaharlanishdan keyin o‘pka va asab tizimida og‘ir asoratlar vujudga kelishi mumkin. 

Karim ZARIPOV


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

60

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing