Mashhur fransuz brendi O‘zbekistonda qurilish mollari savdo tarmog‘ini ochmoqchi
Jamiyat
−
21 fevral 2019
8114Leroy Merlin O‘zbekistonda o‘z filialini ochishni istamoqda. Bu haqda kecha bo‘lib o‘tgan o‘zbek-fransuz biznes forumida ma’lum qilindi, deb yozmoqda “Xalq so‘zi”.
Mazkur forumda CCI France Russie bosh direktori o‘rinbosari Nikolya Dyukre O‘zbekistonda investitsiyaviy muhit yaxshilanib borayotgani, shuning uchun fransuz kompaniyalari mamlakatga biznes uchun salohiyatli joy sifatida qarayotganini ta’kidlab o‘tgan.
Ulardan biri qurilish materiallari bo‘yicha yirik savdo tarmog‘i Leroy Merlin’dir. Mazkur brend O‘zbekistonda o‘z filialini ochmoqchi. Fransuz kompaniyalariga huquqiy maslahatlar berish bilan shug‘ullanadigan Urus Advisory kompaniyasi direktori Aleksandr Teddining aytishicha, bunday misollar o‘nlab topiladi.
Fransiyaning O‘zbekistondagi elchisi Violen De Vilmor shu yil mart oyi oxirida O‘zbekistonda Fransiya iqtisodiyoti haftaligi o‘tkazilishini ma’lum qildi. Unda ko‘plab mashhur fransuz kompaniyalari ishtirok etishi kutilyapti.
Forumda 2018 yil yakuni bo‘yicha ikki davlat o‘rtasidagi o‘zaro savdo hajmi 360 mln. dollarga yetgani, bu 2017 yildagiga nisbatan 19 foiz ko‘p ekanligi alohida aytib o‘tildi.
Eslatib o‘tamiz, Leroy Merlin vakillari o‘tgan yil ham O‘zbekistonga tashrif buyugandi. O‘shanda ular Les Laboratories Servier, Schneider Electric, Aggreko, Legrand, Aereco, Franko-Rossiya SSP (CCIFR), MK3, “Spektrum” kompaniyalar guruhi, SNF, “RJD Logistika”, Electroshield Samara, CNIM, Clemessy, Commerzbank kabi kompaniya va tashkilotlar joy olgan fransuz delegatsiyasi tarkibida kelishgan. Ular O‘zbekistonning sarmoyaviy imkoniyatlari bilan yaqindan tanishib ketishgandi.
Ma’lumot uchun, Leroy Merlin Yevropadagi eng yirik DIY-riteyler(xo‘jalik mollari savdosi)laridan biridir. Unga 1923 yilda asos solingan.
Kompaniya o‘z formati bilan mashhur. Gap shundaki, uning gipermarketlari maydoni odatda 5-6 ming va ko‘pincha 10 ming kvadrat metrdan iborat bo‘ladi hamda millioner-shaharlar hamda mintaqaviy markazlar tashqarisiga joylashtiriladi.
Uning do‘konlari o‘z-o‘ziga xizmat shaklida ishlaydi. Xodimlari esa faqatgina tovarlarni taxlash hamda mijozlarga ma’lumot va tavsiya berish bilan shug‘ullanadi.
Ayni paytda ushbu riteyler Braziliya, Gretsiya, Ispaniya, Italiya, Xitoy, Kipr, Polsha, Portugaliya, Rossiya va boshqa davlatlarda faoliyat yuritib kelyapti.
LiveBarchasi