Markaziy Osiyoning TOP aktrisalari e’lon qilindi. O‘zbeklardan kimlar bor?
Madaniyat-san’at
−
16 aprel 2023 71685 7 daqiqa
Odatda Gollivud va Bollivud aktrisalarining iqtidori va go‘zalligi haqida ko‘p ta’kidlanadi. Ularning olgan sovrinlariyu, o‘ynagan rollari bot-bot maqtaladi. Xo‘sh, Markaziy Osiyoda o‘zining takrorlanmas rollari va go‘zalligi bilan mashhur bo‘lgan aktrisalar kimlar? “Asia-Plus” nashri Markaziy Osiyoning eng ko‘zga ko‘ringan aktrisalari ro‘yxatini e’lon qildi.
O‘zbekiston
Ravshana Kurkova
Ravshana Kurkova 1980 yil 22 avgust kuni Toshkentda tug‘ilgan, keyin Moskvaga ko‘chib ketgan va u yerda aktrisalik karerasini qurgan. U san’atkorlar oilasida tug‘ilgan. Uning otasi Bahrom Matchonov teatr aktyori, onasi Ra’no Kubayeva esa aktrisa va rejissyor. Ravshana Toshkentdagi Uspenskiy nomidagi musiqa bilim yurtida tahsil olgan.

Ravshana 50 dan ortiq filmlarda o‘ynagan. Jumladan, Anna Melikyanning “Sevgi haqida”, Ralf Faynsning “Oq qarg‘a”, “Haqiqiy bo‘lmagan sevgi”, “Ijaraga beriladigan bolalar” kinolari, “Oshiq ayollar” serialida rollar ijro etgan. U 12 yoshida Rashid Malikovning 1992 yilda “O‘zbekfilm” kinostudiyasida suratga olingan falsafiy dramasida rol o‘ynagan. U mashhur rok guruh Machetening “Nejnost” va Kastaning “Sochinay mechti” kliplarida ham rol ijro etgan.

U muxlislarga “Barvixa” serialidan ko‘proq tanish. Uni Rossiyadagi eng go‘zal ayollardan biri deb bilishadi.

Ra’no Shodiyeva
Ra’no Shodiyeva o‘zbek shou-biznesining yorqin shaxslaridan biri. U 1979 yil 12 avgust kuni Samarqand shahrida tug‘ilgan.
Ra’no Shodiyeva 13 yoshida “Atrof oppoq qor bilan qoplangan” filmida debyut rolini o‘ynagan. Maktabni tamomlagach Ra’no Shodiyeva aktrisa bo‘lish niyatida O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat oliygohiga o‘qishga kirgan. Keyinchalik ushbu oliygohni magistratura bosqichida ham tahsil olgan.

U 1998 yilda “Shaytanat” filmida Zaynab rolini ijro etgan. Aktrisani mashhur qilgan rollaridan biri “Chimildiq” kinosi bo‘lgan. Shuningdek, aktrisa 2006 yilda chiqqan “Vatan” kinofilmida o‘ynagan Gunafsha roli bilan tomoshabinlarning sevimli aktrisalaridan biriga aylangan. Ra’no Shodiyeva aktrisalikdan tashqari ko‘p yillar dizayner sifatida ishlab, ayollar liboslarini tikish bilan shug‘ullangan.
Aktrisa 2021 yilda efirga uzatilgan “Mendirman, Jaloliddin” serialida Jaloliddinning onasi Oychechak obrazida namoyon bo‘lgan.

Hozirda aktrisa “O‘zbekiston yoshlar ittifoqi” qoshida tashkil etilgan “Imkoniyati cheklangan yoshlar va bolalar markazi” rahbari sifatida faoliyat yuritadi. U I darajali “Sog‘lom avlod uchun” ordeni bilan taqdirlangan.
Aktirasining shaxsiy hayotiga to‘xtaladigan bo‘lsak, u oilali bir qiz va ikki o‘g‘il farzandi bor. Uning qizi “Novda” filmi orqali kino ixlosmandlari nazariga tushgan Ruhshona Shodiyeva bo‘ladi.
Shahzoda Matchonova
Shahzoda Matchonova 1987 yil 8 avgustda Nukus shahrida tug‘ilgan. U Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida tahsil olgan. U aktrisa bo‘lishni orzu qilmagan, u advokat bo‘lishni xohlagan. Ammo Shahzoda Zebo Navro‘zovaning “Aprel-may” kartinasida kastingdan o‘tib, ilk rolini ijro etgan.

Aktrisa Taxmina rolini o‘ynagan “Yotoqxona” teleseriali tufayli katta mashhurlikka erishgan. Keyinchalik, aktrisa “So‘nggi lahza”, “Jonimning o‘g‘risi” va “O‘zimdan o‘zimgacha” filmlarida rol o‘ynagan. 2016 yilda u “Suv parilari uchun uy” filmida bosh qahramonni gavdalantirgan. Shuningdek, u shu yili “Baron” filmida ham rol ijro etgan.
Bundan tashqari, uni “Qalb ko‘zi” va “Kuzda gullagan daraxt” kinosidagi rollari ham o‘zbek kino sanoatida alohida ahamiyatga ega.

Aktrisaning shaxsiy hayotiga to‘xtaladigan bo‘lsak, u 2016 yil Umar ismli yigitga turmushga chiqqan. Ular 2021 yilda qiz farzandli bo‘lishgan. Qiziga Raniya deb ism qo‘ygan. Aktrisaning Instagram’da 2,8 million obunachasi bor.
Tojikiston
Sabina Shaymardanova
Sabina Shaymardanova 1992 yil 13 noyabrda tug‘ilgan. U ijodini 2014 yilda boshlaganiga qaramasdan tezda mashhurlikka erishadi. Sabina o‘zining shov-shuvli dramatik “RIYO”, “Arusi zamonavi”, “Arusi zamonavi-2” va “Bolalik xatosi”dagi rollari bilan tanilgan. U bundan tashqari qo‘shiqchilik faoliyati bilan ham shug‘ullanadi. Ammo uning shaxsiy hayoti haqida ma’lumotlar yetarli emas.

Rafoat Shoazimova
Rafoat Shoazimova 1999 yil 5 iyun kuni ziyolilar oilasida tug‘ilgan.

Yosh aktrisa 2020 yilda premerasi bo‘lgan akasi rejissyor Rumi Shoazimovning “Viloyat xayolparastlari” filmida suratga tushganidan so‘ng mashhurlikka erishgan. U 2021 yilda Italiyadagi Asti Film festivalida “Eng yaxshi ayol roli” nominatsiyasida g‘olib bo‘lgan.

Uning onasining aytishicha aslida Rafoat hech qachon aktrisa bo‘lishni rejalashtirmagan.

“U, albatta, san’atni yaxshi ko‘rardi, lekin kinoni emas”, deydi uning onasi.
Sayyora Safari
Sayyora Safari 1991 yil 21 martda Dushanbeda tug‘ilgan, ammo 16 yoshida u Moskvaga jo‘nab ketgan. U Shchepkin nomidagi Oliy teatr maktabi bitiruvchisi hisoblanadi.

Unga 2011 yilda rejissyor Roman Prosvirnin tomonidan suratga olingan “Gyulchatay” melodramasidagi bosh roldan keyin katta shon-sharaf kelgan.
Uning qahramoni ushbu melodramada osiyolik kichik bir qishlog‘da yashovchi, hamshira bo‘lishni, odamlarga yordam berishni orzu qiladigan mehribon va kamtarin qiz Gulchatoy bo‘lgan.

Bundan tashqari, Sayyora Aleksandr Kottning “1001” melodramasi, “Salom, Moskva”, “Va men u yerda edim”, “Har qanday holatda ham qayt” va “Sen mening azizimsan” filmlarida ham rollar ijro etgan.

O‘tgan yili aktrisa Dushanbedagi eksperimental bolalar kino maktabi o‘quvchilari uchun mahorat darslari o‘tkazganida o‘zining vatani Tojikistonga tashrif buyurgan.
Qozog‘iston
Aliya Telebarisova

Aliya Telebarisova 1993 yil 30 aprel kuni Olmaota shahrida tavallud topgan. U Los-Anjelesdagi Nyu-York kino akademiyasining aktyorlik fakultetini tamomlagan. Uning debyuti rejissyor Axan Satayev tomonidan suratga olingan “Agayindi” teleseriali edi. U nafaqat aktrisaligi bilan mashhur, uning yoqimli ovozi ham bor. Shuningdek, u modellik bilan ham shug‘ullanadi.

U 2005 yilda Toshkentda bo‘lib o‘tgan “Kichik malika” xalqaro vokal tanlovida Gran-priga sazovor bo‘lgan. Bundan tashqari, Aliya 2011 yilda “Miss Almati” tanlovida g‘olib bo‘lgan.
Asel Sagatova
Asel Sagatova 1985 yil 5 mayda Qozog‘istonda tug‘ilgan. Asel 2013 yilda “Nazarboyev” nomli hujjatli filmda rol ijro etgan va shu roli bilan mashhurlikka erishgan.

Asel “Xayrli oqshom, Qozog‘iston” dasturining boshlovchisi bo‘lgan va “Yulduzli raqslar” shousida ham ishtirok etgan.
Aktrisa Asel Sagatova nomli modellashtirish maktabini ham ochgan.

Qarlig‘ash Muxamedjanova
Qarlig‘ash 1983 yil 22 iyul kuni yulduzlar oilasida tug‘ilgan. Uning onasi Qozog‘iston xalq artisti, opera xonandasi Nurjamal Usenbayeva, otasi esa taniqli bastakor Tulegen Muhamedjanov.

Qizig‘i Qarlig‘ash Qozog‘iston davlat yuridik akademiyasining xalqaro munosabatlar fakultetini xalqaro huquq yo‘nalishi bo‘yicha tamomlagan va keyinchalik Boston kollejida til dasturida tahsil olgan.
Qarlig‘ash kinoda 2009 yildan buyon faoliyat yuritib keladi. Uning debyut filmi “Lave” bo‘lgan. U 2016 yilda “Yulduzlar shunday shakllangan” filmida rol ijro etgan. Shuningdek, u “Yuragim mening – Ostona” kartinasida ham ishtirok etgan.
Qirg‘iziston
Galina Ketova
Galina qirg‘iz kino sanoatidagi eng mashhur aktrisadir. U Qirg‘izistonda xizmat ko‘rsatgan artist, teatr va kino aktrisasi.

Aktrisa “Chexovning ellik soyasi” spektakllarida, “Oddiy ayol” yakkaxon spektakllarida hamda Chingiz Aytmatovning “Birinchi muallim”, “Jamila”, “Ona dalasi” va boshqa ko‘plab asarlari asosidagi spektakllarda yorqin obrazlarni yaratgan.

U Ernest Abdijaparovning “Sayakbay” filmida ham suratga tushgan. Galina “Gala” jamoat fondi prezidenti hisoblanadi.
Meerim Atantayeva
Qora sochli va qoramag‘iz ko‘rinishga ega Meerim Atantayeva faoliyatini model sifatida boshlagan, ammo aktrisa bo‘lishni orzu qilgan. Uning ota-onasi bu tanlovni yoqtirmagan. Shuning uchun u iqtisodchi sifatida jiddiy kasb egasi bo‘lgan. 2011 yilda Meerim “Miss Internet” tanlovida g‘olib bo‘lgach, Amerikaga jo‘nab ketgan. Vataniga qaytgach, Atantayevaga kinoda rol taklif qilishgan va uning kinematografiyadagi yo‘li boshlangan.

U “Munabiya”, “Qurut”, “Dahshatli go‘zal” filmlarida rol ijro etgan. Shuningdek, u Marat Saruluning “Umut shoolasi” filmini suratga olishda ishtirok etgan.
Meerim aktrisalikdan tashqari, moda sanoati bilan ham shug‘ullanadi va ushbu yo‘nalishda ham mashhurlikka erishgan.
Atantayeva Janubiy Koreya modalar assotsiatsiyasi tomonidan o‘tkazilayotgan “Osiyo modellari” festivalida ketma-ket ikki yil davomida Markaziy Osiyoning eng yaxshi modeli deb topilgan.
Ushbu ro‘yxatga Turkmaniston aktrisalari kiritilmagan.
Live
BarchasiPutin Imomali Rahmonga ta’ziya bildirdi.
22 dekabr