Markaziy Osiyoda iqlim 2 barobar tez o‘zgarmoqda – Senat

Jamiyat

image

Markaziy Osiyoda iqlim o‘zgarishi dunyo ko‘rsatkichlaridan 2 barobar jadalroq kechmoqda. Bu haqda Oliy Majlis Senatining Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish masalalari va ekologiya qo‘mitasining majlisida aytib o‘tildi.

Unda iqlim o‘zgarishining O‘zbekistondagi oqibatlarini yumshatish bo‘yicha qisqa va o‘rta muddatli chora-tadbirlarni amalga oshirish rejasida belgilangan vazifalar bajarilishi holati yuzasidan Gidrometeorologiya xizmati markazi Bosh direktorining axboroti eshitilgan.

Qayd etilishicha, Orol dengizi falokati natijasida Markaziy Osiyoda iqlim o‘zgarishi dunyo ko‘rsatkichlaridan 2 barobar jadalroq kechmoqda. Daryolar suvini shakllantiruvchi muzliklarni tobora erib borishi, chang bo‘ronlari davriyligi va ularning ortib borishi, yerlarning degradatsiyaga uchrashi, suv resurslarining taqchilligi kabi salbiy ko‘rinishlarda namoyon bo‘lmoqda.

Majlisda amalga oshirilgan ishlar bilan bir qatorda vazirliklar va idoralar tomonidan qisqa va o‘rta muddatli chora-tadbirlarni amalga oshirish rejasida belgilangan ayrim tadbirlarni bajarilishida sustkashliklarga yo‘l qo‘yilganligi qayd etildi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasining “yashil” iqtisodiyotga o‘tish strategiyasini amalga oshirish to‘g‘risidagi 2022-2030 yillarga mo‘ljallangan uzoq muddatli harakatlar rejasi loyihasini ishlab chiqish ishlari oxiriga yetkazilmagan.

Bundan tashqari, qayta tiklanadigan va vodorod energetikasini rivojlantirish hamda yoqilg‘i-energetika tarmog‘idagi issiqxona gazlari ajratmalarini kamaytirish imkoniyatlarini o‘rganish borasidagi ishlar ham oxiriga yetkazilmagan.

Shuningdek, iqlim sharoitlarini hisobga olgan holda qurilishda texnik normativlarni qayta ko‘rib chiqish “Yangi qurilish qoidalari”ni tasdiqlash tadbiri yakunlanmagan.

Senatorlar tomonidan o‘z vaqtida bajarilmagan vazifalarni oxiriga  yetkazish  va boshqa masalalar yuzasidan mas’ullarga topshiriq, tegishli taklif va tavsiyalar berilgan. Xususan, “O‘zbekiston Respublikasi shamol atlasi”ni hamda “O‘zbekiston Respublikasi quyosh atlasi”ni ishlab chiqish shular jumlasidandir.

Majlisda muhokama etilgan masala yuzasidan Qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilingan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

177

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing