Marhum Alimovdan “Tolibon” rahbarigacha: Eng nufuzli musulmonlar ro‘yxati e’lon qilindi

Olam

image

Iordaniya poytaxti Ammandagi Qirollik strategik tadqiqotlar markazi dunyoning 2022 yilgi TOP-500 musulmonlar ro‘yxatini e’lon qildi. Bu haqda markaz saytida xabar berilgan.

Ma’lum bo‘lishicha, ro‘yxatda O‘zbekistondan bir odam joy olgan. Bu ham bo‘lsa mamlakatning sobiq muftiysi, marhum Usmonxon Alimovdir (141-o‘rin). Bundan tashqari, Qirollik markazi hisobotida Tokio-2020 Olimpiadasida ishtirok etgan musulmon atletlar qatorida o‘zbekistonlik bir qator sportchilar ismi ham tilga olingan.

Ushbu ro‘yxatda yil ayoli sifatida Samiya Xasan Suluxu qayd etilgan. U joriy yilning mart oyida Tanzaniya Prezidentiga aylandi. Shu tariqa mamlakat ilk bor ayol siyosatchi boshqaruviga o‘tdi.

Turkiyalik shifokor Ugur Shaxin ushbu ro‘yxatda yil erkagi sifatida qayd etilgan. U BioNTech biotexnologik kompaniyasi asoschisi va bosh direktori hisoblanadi. Ushbu kompaniya Pfizer bilan hamkorlikda joriy yilning iyulidan beri koronavirusga qarshi 1 milliarddan ortiq vaksina ishlab chiqargan.

Bu yil ro‘yxatda birinchi o‘rinni Qatar amiri shayx Tamim bin Hamad al-Soniy egalladi. Undan keyin Saudiya Arabistoni qiroli Salmon bin Abdulaziz (2-o‘rin) va Eron oliy rahbari Oyatulloh Sayyid Ali Xomanaiy (3-o‘rin) qayd etildi.

Musulmon olamining eng nufuzli shaxslari orasida Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an (4-o‘rin), Iordaniya qiroli Abdulla II ibn Husayn al-Hoshimiy (5-o‘rin) va taniqli islomshunos Shayx Muhammad Taqi Usmoniy (6-o‘rin) bor.

Shuningdek, Marokash qiroli Muhammad VI 7-o‘rin, Pokiston Bosh vaziri Imron Xon 10-o‘rin, Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon 15-o‘rin, Angliyaning “Liverpul” klubining misrlik futbolchisi Muhammad Saloh 42-o‘rin, “Tolibon” guruhining olish rahbari Haybatullo Oxundzoda 50-o‘rinni egalladi. Bundan tashqari, taniqli sportchi Habib Nurmuhammedov, futbolchi Sadio Mane hamda britaniyalik qo‘shiqchi Sami Yusuf ham ro‘yxatdan o‘rin olgan.

Ro‘yxatga Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev, Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov, Checheniston rahbari Ramzan Qodirov va O‘zbekiston muftiysi Usmon Alimov ham kiritilgan.

Eslatib o‘tamiz, dunyodagi eng nufuzli 500 musulmon ro‘yxati 2009 yildan beri har yili e’lon qilinadi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

566

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing