Manchini Italiya termasidan ketadimi?
Sport
−
25 mart 2022
3433Futbol bo‘yicha Italiya terma jamoasi joriy yilning kuzida Qatarda bo‘lib o‘tadigan Jahon chempionati saralashining pley-off bosqichi, yarim finalida Shimoliy Makedoniyaga 0-1 hisobida mag‘lubiyatga uchradi va ketma-ket ikkinchi bor mundialni o‘tkazib yuboradigan bo‘ldi.
Ushbu mag‘lubiyatdan so‘ng, Italiya futbol federatsiyasi prezidenti Gabriele Gravinaning “Football Italia” nashriga ma’lum qilishicha, terma jamoa ustozi Roberto Manchini vazifasidan ozod qilinmaydi. U hali hamon terma jamoadagi loyihalarning muhim bo‘lagi hisoblanadi.
“Ushbu mag‘lubiyatdan so‘ng, birinchi navbatda muxlislarimizdan kechirim so‘ramoqchiman. Yozda boshimizdan kechirgan katta xursandchiligimiz [ Italiya Yevropa chempionligini qo‘lga kiritgan edi] yo‘qolgani yo‘q. Ammo bu mag‘lubiyatdan jahlimiz chiqqani ham rost. Biz buni kutmagan edik. Endi buyog‘iga nima qilish kerakligini tushunishimiz, masalan, yosh futbolchilarimizga o‘zini ko‘rsatishi uchun ko‘proq imkoniyat yaratib berishimiz kerak. Umid qilamanki, Manchini qoladi. U biz bilan birga va hali hamon Italiya terma jamoasi loyihasining muhim bo‘lagidir. U ham barcha italiyaliklar kabi ushbu qiyin damlardan chiqib keta oladi. Umid qilamanki, u jamoamizning bosh muarbbiyi sifatida ishlashda davom etadi”, degan Gabriele Gravina.
Ma’lumot o‘rnida, 2021 yilda o‘tkazilgan Yevropa chempionati finalida Italiya terma jamoasi Angliyani mag‘lub etib, Yevropada tengsiz bo‘lgan edi.
Ma’ruf Abdumalikov
LiveBarchasi