“Manchester Siti” futbolchilari YeCHL finalida bardoshli bo‘lishi kerak — Gvardiola

Sport

image

Bugun, 29 may kuni Portugaliyaning Portu shahrida “Manchester Siti” va “Chelsi” o‘rtasida Yevropa Chempionlar ligasining final o‘yini bo‘lib o‘tadi.

Musobaqaning hal qiluvchi o‘yini dastlab Istanbulda bo‘lishi kerak edi, ammo Turkiyadan Buyuk Britaniyaga kelgan har bir kishi 10 kunlik karantinga olinishi kerakligi sababli o‘yin Turkiyadan Portuga ko‘chirildi.

Hozirda har ikki finalchi jamoa Portuda final uchun tayyorlanmoqda. “Manchester Siti” bosh murabbiyi Xosep Gvardiola bo‘lajak o‘yin haqida gapirib, g‘alaba qozonish uchun bardoshli bo‘lish kerakligini ta’kidladi.

“Biz bugungi o‘yinda g‘alaba qozonish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solamiz. Bardoshli bo‘lishimiz, shuningdek, kelgusi qiyin vaziyatlarga tayyor turishimiz kerak. Jamoa bilan qo‘limizdan kelgan barcha ishni qilamiz. Menimcha, bu yaxshi o‘yin bo‘ladi va g‘oliblikka loyiq jamoa g‘alaba qozonadi”, deydi Xosep Gvardiola.

Ma’lumot uchun, Gvardiola 2016 yildan beri “Manchester Siti” ni boshqarib keladi. Bugun “Manchester Siti” tarixda ilk marta Chempionlar ligasi finalida o‘ynaydi. Bu mavsumda “Manchester Siti” Premer liga va Karabao kubogi (Angliya futbol ligasi kubogi) sovrinlariga ega bo‘ldi.

Ma’lumot o‘rnida, Gvardiola klub bilan 2023 yilgacha shartnoma imzolaganiga qaramay, “Barselona” prezidenti Joan Laporta Xosep Gvardiolani kataloniyaliklar murabbiyi sifatida qaytarishni istayotgani haqida xabar berdi. 

Ispaniyalik murabbiy 2008-2012 yillarda “Barselona” bosh murabbiyi bo‘lgan. Uning rahbarligida klub 3 marta Ispaniya chempionati va superkubogini, 2 marta Ispaniya kubogini, 2 marta Chempionlar ligasi, UEFA superkubogi va klublar o‘rtasidagi Jahon kubogini qo‘lga kiritgan.

Angliyalik futbolchi Ouen Xargriviz o‘yin oldidan fikr bildirib, finald “Manchester Siti” 2:1 hisobida g‘alaba qozonishini taxmin qildi. 

“Fil Foden va Riyod Mahrez gol urishadi”, deya o‘yin oldidan fikr bildirdi Xargriviz.

Finalga qadar Tomas Tuxel va “Chelsi” “Manchester Siti” ustidan psixologik ustunlikni qo‘lga kiritishdi. “Siti” birinchi marta Chempionlar Ligasi finalida, “Chelsi” esa o‘z tarixida uchinchi marta finalda qatnashmoqda. Germaniyalik mutaxassis “Chelsi” bosh murabbiyi bo‘lganidan beri Xosep Gvardiolaga qarshi ikkita uchrashuvda ham g‘alaba qozongan. Lekin bunga qaramay, “Manchester Siti” final favoriti hisoblanadi.

Mohinur Mamatova


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

46

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing