Maktablarda estrada to‘garaklari tashkil etiladi, har bir bola musiqa asbobini chalishi shart
Jamiyat
−
28 yanvar 2022
6115O‘zbekistondagi maktablarda baxshichilik, maqom, estrada to‘garaklari tashkil etiladi. Endi har bir bola bitta milliy cholg‘u asbobini chalishni bilishi shart. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tayotgan maktab ta’limini rivojlantirish masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishida aytildi.
Yig‘ilishda qayd etilishicha, har bir maktabda baxshichilik, maqom, estrada, teatr, rassomchilik yo‘nalishlarida to‘garaklar va badiiy havaskorlik jamoalari tashkil etilishi belgilangan.
Maktabni bitirgan bola kamida bitta kasb bilan birga bitta milliy cholg‘u asbobini chalishni bilishi shartligi ko‘rsatib o‘tilgan.
Shu bilan birga, maktab o‘quvchilarining bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish maqsadida sport, madaniyat va san’at to‘garaklarini ham faollashtirish zarurligi ta’kidlangan. Har bir maktabda jamoaviy o‘yin turlari bo‘yicha jamoalar tuziladi hamda muntazam ravishda maktablar o‘rtasida musobaqalar o‘tkaziladi. Tuman va viloyat g‘oliblari uchun hokim sovrini ta’sis etiladi.
Yig‘ilishda barcha maktablarda vatanparvarlik darslarini tashkil etish vazifasi qo‘yilgan.
Harbiy ta’lim muassasalari, “Temurbeklar maktablari”, harbiy qism ofitser va serjantlarini barcha maktablarga, birinchi navbatda ijtimoiy-ma’naviy muhiti og‘ir bo‘lgan 400 ta maktabga biriktirish topshirilufy.
"Maktablardagi ta’lim va tarbiya milliy ruh va vatanparvarlik g‘oyalari bilan uyg‘un bo‘lishi zarur", degan davlat rahbari.
Eslatib o‘tamiz, Prezident maktab o‘quvchilari musiqa asbobini chalishni bilishi kerakligi haqida 2020 yilning may oyida Sergeli tumanidagi 329-maktabga tashrifi davomida ham gapirgan edi.
"Har bir o‘g‘il-qiz hech bo‘lmasa bitta cholg‘u asbobini chalishni bilishini istardim", degan edi davlat rahbari.
Shuningdek, davlat rahbari 2020 yilning iyun oyida Namangan viloyatiga tashrif buyurib, faollar bilan uchrashuvda korxona va tashkilotlarda shanba kunini “ashula kuni” kuni sifatida belgilashni taklif qilgandi.
“Nimaga korxonalarda, oliygohlarda tanaffuslarda maqom ansamblining ashulalarini, Ma’murjon Uzoqovni qo‘yib qo‘ymaymiz? Namanganning xalq artistlari bor. Nega ularni qo‘yib qo‘ymaymiz? Biz tashvishlar bilan bo‘lib, maqom eshitmay qo‘ydik.
Bilasizlarmi, madaniyat bilan yaqin bo‘lgan insonning dunyoqarashi madaniyatli bo‘ladi. Uning umri uzoq bo‘ladi. Har bir katta korxonada ham mana 10 million investitsiya olib kelyapti. Lekin, 10 million investitsiya olib kelganda bitta cholg‘u ansambli qilsa bo‘ladimi? Bitta maqom ansambli qilsa bo‘ladimi? Shanba kuni ashula eshitadigan kun qilib ko‘ygin o‘sha yerda. Ashula bilan seni ishingda 10 baravar baraka bo‘ladi. Madaniyat bilan seni o‘sha korxonangda 10 baravar yangi-yangi rejalarga kirishadi. Odamning chehrasida mehr paydo bo‘ladi”, deydi Prezident.
LiveBarchasi