Maktablar mashg‘uloti onlaynga o‘tsinmi yo oflayn ma’qulmi? So‘z o‘qituvchilarga
Tahlil
−
28 avgust 2020
17058Ayni kunlarda ko‘pchilikning munozara markazida o‘quvchi-bolalarning maktab bag‘riga qaytish yo tibbiy xavfsizlik maqsadlarida darslarni onlayn shaklda davom ettirish haqidagi masala dolzarb bo‘lib turibdi. Pandemiya barcha sohalar qatori ta’lim yo‘nalishi mutaxassislarining ish faoliyatini tubdan o‘zgarishlarga olib keldi. QALAMPIR.UZ muxbiri bilan suhbatda Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov “Efirga berilayotgan onlayn darslar o‘quvchilardan tashqari, barcha o‘qituvchilar uchun ham master-klass bo‘lmoqda. Maktabda o‘tirgan o‘qituvchilarni dars berish jarayoni bilan onlaynda dars beradigan o‘qituvchining ancha farqi bor. Uni tan olishimiz ham kerak. 25 yil paxta tergan, ko‘cha supurgan o‘qituvchilar hammasidan ozod etildi. Endilikda ular ham kasbiga qaytmoqda. Ular ham kimdandir o‘rganishi kerak-ku. Bolalar ham qaysidur darslarni maktabda tushunmasa, uyda qaytadan onlayn darslarda ko‘rishi mumkin. Barcha rivojlangan davlatlarda ham onlayn ta’lim telekanallari bor”, degan. Bu tele-ta’lim platformasida olib borilayotgan mashg‘ulotlarga nisbatan bildirilgan fikr edi. Haqiqatan ham, televizion dars mashg‘ulotlari maktab o‘qituvchilari uchun o‘ziga yarasha tajriba almashish maydoni sifatida ham o‘z samarasini berdi. Bu masalaning bir tomoni. Ikkinchi tomoni: o‘quvchilar ham o‘z o‘qituvchisining fanga doir bilim darajasini aniqlash imkoniga ega bo‘lishdi.
Umuman olganda, televizion ta’lim shakli ba’zi xorij davlatlari tajribasida yaqin besh yillarda yo‘lga qo‘yilgan edi. Bugungi kunga kelib, ta’limning bu shakli o‘z samarasini bermoqda. O‘zbekiston sharoitida ta’limning televizion mashg‘ulotlar shakli aholi uchun onlayn-ta’limning boshqa shakllari, aniqrog‘i internet platformalaridagi ta’lim shakllariga qaraganda qulay variant bo‘lib qolmoqda.
Ta’lim sohasida masofadan ishlash shakli keyingi 3 oy ichida texnik va texnologik jihatdan keskin takomillashganini sezish qiyin emas. Oliy ta’lim muassasasining o‘qituvchisi sifatida shuni aytishim mumkinki, universitet modul platformasi, Telegram tarmog‘i, ZOOM platformasi talabalarga dars mashg‘ulotlarini o‘z vaqtida yetkazishda, uy vazifalarni qabul qilish, imtihon va nazorat ishlarini o‘tkazishda, hatto bitiruvchi talabalarning diplom himoyasida o‘z samarasini ko‘rsatdi. Lekin ushbu platformalarning o‘ziga yarasha kamchilik va nuqsonlari yo‘q emas. Masalan, Telegram tarmog‘ida barcha turdagi va formatdagi hujjatlarni uzatish va joylashtirish mumkin. Interaktivlik borasida ham bu tarmoq ahamiyatlidir. Maktab o‘qituvchilari aynan shu tarmoqda fanlar doirasida guruhlar tuzib, masofadan ish olib bordilar. O‘quvchilarning uy vazifalarini bajarishi ham tarmoq orqali tekshirib borildi (o‘quvchilar bajarilgan uy vazifalarini suratga olib guruhga yoki o‘qituvchining shaxsan o‘ziga yuborib turishdi). Ammo hammaning ham bunga imkoniyati bo‘ldimi? Chunki bu jarayon texnik (kamida, android versiyali qo‘l telefoni), texnologik (mobil aloqa, Wi-Fi) vositasiz amalga oshmaydi.
ZOOM platformasi – video-mashg‘ulotlar, ta’limning bu shakliga “xozir va shu yerda”, deb ta’rif bersa bo‘ladi. Platformaning boshqa tarmoqlardan qulayligi “ko‘z-ko‘zga tushib”, tinglovchi va ma’ruzachi o‘rtasida virtual bo‘lsada aloqani o‘rnata olish imkoniyatidir. O‘qituvchi ma’ruza davomida ekranda taqdimotlar, video-keyslar, jadval va suratlarni namoyish etishi, interaktiv muloqot o‘rnatishi mumkin. Bundan tashqari, shu vaqtning o‘zida CHAT orqali yozishmali muloqot olib borish, havolalar yuborish imkoniyatlari mavjud. Ammo bu platforma ham o‘ziga yarasha kamchiliklardan xoli emas: texnikaga butunlay bog‘liq jarayon. Internet va elektr toki uzluksiz ishlashi lozim. Ushbu platformada to‘lovsiz 40 daqiqalik aloqa imkoniyati yaratilgan. Lekin mashg‘ulot davomida vaqtga qarab turish, ma’ruza yoki dars jarayonini roppa-rosa 40 daqiqaga “sig‘dirish” kerak. Aks holda, mashg‘ulot belgilangan vaqtda butunlay o‘chadi. Qayta ulanish uchun biroz vaqtni talab qiladi. Auditoriyani yana yig‘ib olish esa o‘qituvchining muammosiga aylanadi.
Yuqorida sanab o‘tilgan platformalar faoliyatini kuzatganimizda shunga amin bo‘ldikki, ularning kamchiligi texnik va texnologik unsurlarga bog‘liq bo‘lib qolmoqda. Shundan kelib chiqib aytish mumkinki, dasturchilar oldida hal etilishi zarur bo‘lgan dolzarb masala ko‘ndalang turibdi. Buning uchun esa ta’lim yo‘nalishida faoliyat olib borayotgan vazirliklar, idoralarni kommunikatsiya aloqa vositalari, IT mutaxassislari bilan ta’minlash, shu yo‘nalishda faoliyat yurituvchi kichik bir armiya (bo‘lim, boshqarma, idora zimmasidan yuqori va imkoniyati, vakolati, majburiyati keng) tashkil etilishini vaqt taqazo etmoqda.
Darslar oflayn bo‘lsa agar...
Respublika miqyosida Xalq ta’limi vazirligi saytidan olingan ma’lumotga qaraganda, ayni paytda 9942ta maktab mavjud, shundan 7233 tasi qishloq hududlarida joylashgan. O‘quvchilarning umumiy soni 6119440 nafarni tashkil etmoqda (2020-2021 o‘quv yilida birinchi sinfga qabul qilinayotganlar haqida hech qanday ma’lumot berilmagan).
Bolalar sog‘ligiga zarar yetkazishi mumkin deb topilgan xlor purkovchi tonnellar maktablarga o‘rnatilmasligi; bitta sinfda bir vaqtning o‘zida 3 nafar o‘quvchida virus aniqlansa, faqat shu sinf karantinga olinishi, ya’ni masofali o‘qish shakliga o‘tishi; darslar vaqtini 40 minutdan 30 minutga qisqartirish; forma majburiyatiga barham berish kabi taklif-mulohazalar tegishli vazirlikning dolzarb muhokamasiga qo‘yildi.
Darslar qay shaklda davom etsin onlayn yoki oflayn - kim nima deydi?
Nargis Qosimova, O‘zDJTU dotsenti, xalqaro miqyosdagi trener:
— Joriy yilning mart oyidan beri universitet miqyosida ham, trenerlik faoliyatim doirasida ham mashg‘ulotlarni faqat onlayn shaklda olib bormoqdaman. Hududlarda internet tezligi juda past. Yoz fasli davomida ham bir qator treninglar o‘tdim. Hammasi onlayn shaklda. Tinglovchilar bilan ZOOM platformasida mashg‘ulot o‘tyapmiz. Yana qo‘shimcha ravishda telegram kanalidan ham foydalanyapman. Interaktivlik va imkoniyat darajasida shu ikki kanal qulay bo‘lib turibdi. Lekin jarayon texnikaga butunlay bog‘lanib qoldi. Chunki Toshkentda yashasam ham treninglarim davomida internetda uzilishlar bo‘lib, mashg‘ulotlar sifatiga yomon ta’sir qildi. Bundan tashqari, tinglovchilarning joylardan aloqaga chiqishi ham texnik nuqsonlarsiz o‘tmadi. Ba’zi tinglovchilar internetdagi uzviylikka xalaqit bermasligi uchun o‘z mikrofoni va videosini o‘chirib qo‘yishiga to‘g‘ri keldi. Treninglar esa xalqaro miqyosda bo‘lgani sababli unda xorijlik mutaxassislar ham ekspertlik qilishdi.
Maktab darslari masalasiga kelsak, o‘tgan davr mobaynida onlayn va televizion darslar qanchalik samara berolgani haqida ma’lumotga ega emasman. Lekin ijtimoiy tarmoqlarda ba’zi o‘qituvchilarning bilimi-tajribasining pastligi, o‘z ustida ishlamasligi oqibatida ko‘pchilikka izza bo‘lganidan xabardorman. Ularni o‘quvsizlikda ayblashni istamagan bo‘lardim, o‘qituvchining o‘z ustida ishlashi ko‘proq shaxsiy ma’naviy tarbiyasiga bog‘liq masala. Buning ustiga, maktabdagi ortiqcha hujjatbozlik, hisobotchilik kabi ishlar o‘qituvchining o‘z ustida ishlashiga imkoniyat bermaydigan bir illatga aylangani sir emas.
Ayni paytdagi vaziyatni hisobga olib, xavfsizlik nuqtai-nazaridan maktab darslari onlayn shaklda bo‘lgani ma’qul deb o‘ylayman.
Shahlo Abduahadova, Jizzax:
— Faqat onlayn! Ayni qaltis vaziyatda boshqacha ta’lim shakliga o‘rin yo‘q. Farzandimning betob bo‘lishini istamayman.
Dilbar Hasanova, Toshkentdagi 37-maxsus maktabning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi:
— Ota-onalar bilan so‘rovnoma o‘tkazganimda, aksariyat onalar “bolam zerikib ketdi, tezroq maktab boshlansa-yu, keta qolsa, shu paytgacha o‘rganganlariyam esidan chiqa boshladi” deb arz qilishdi. Lekin maktab bola zerikkani uchun boradigan ko‘ngilochar maskan emas! Maktab - ilm dargohi. Aynan o‘zim ishlaydigan ta’lim maskani alohida e’tiborga muhtoj bolalarni o‘zida jamlagan. Bunday bolajonlar bilan faqat yetarli bilim va tajribaga ega mutaxassis shug‘ullanishi lozim. Lekin, ta’lim-tarbiya berish ko‘p jihatdan ota-onaga bog‘liq, deb hisoblayman. Chunki, o‘quvchining an’anaviy darslarda o‘zlashtirishi qanday bo‘lsa, onlayn jarayonda ham shundayligicha qoladi. Ya’ni dars qilmaydigan bola ta’limning har qanday shaklida ham o‘zlashtirish darajasi pastligicha qolaveradi, toki bu jarayonga ota-ona faol jalb etilmas ekan bu xol davom etaveradi.
Albatta, bola maktabda yetarli bilim olish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Lekin xozirgi vaziyatni hisobga olganda bu xatarli deb o‘ylayman. Chunki shaxsan men uchun bolamning salomatligi birinchi o‘rinda turadi.
Shahlo Mahmudova, Toshkent viloyati, Qibray tumanidagi 16-umumiy o‘rta ta’lim maktabining 1-toifali o‘qituvchisi:
— Pandemiya hammamizni birma-bir sinovdan o‘tkazmoqda. Dunyo miqyosida ta’limning turli shakllari takomillashib borayotgan bir paytda biz maktab formasi masalasi ustida bosh qotirayotgan edik. Mana, endi istaymizmi buni yoki yo‘q, mashg‘ulotlarni onlaynga moslashtirishga majburmiz. Garchi, texnik jihatdan buni to‘liq amalga oshirishning imkoni bo‘lmasa-da. O‘tgan vaqt mobaynida bo‘lib o‘tgan onlayn dars jarayonlarimiz biz uchun eksperiment tariqasida o‘tdi. O‘qituvchi ham, o‘quvchi ham kundan kunga texnikani faol o‘zlashtirib, yangidan yangi texnologiyalarda mashg‘ulotlarni uzatish imkoniyatlarini o‘zimiz uchun kashf qildik. Lekin mashg‘ulotlar qanchalik yuqori saviyada bo‘lishiga qaramay, jarayon texnikaga bog‘liq bo‘ldi. Svet o‘chsa, internet ishlamasa hammasi tamom! Ayniqsa, internet muammosi joylarda dolzarblashdi. Bu borada televizion darslar ancha samarali bo‘ldi. Onlayn darslarning afzalligi – o‘quvchini mustaqil izlanishga o‘rgatdi, ota-onani jarayonga faol jalb qildi (chunki ko‘pchilik o‘quvchi-bolalarda android versiyali telefonlar yo‘qligi sabab, ota-onasining mobil aloqa vositasidan foydalanishiga to‘g‘ri keldi). Ammo, an’anaviy mashg‘ulotlarda o‘qituvchi va o‘quvchi o‘rtasidagi bevosita muloqotning ta’lim sifatiga samarasi yuqoriroq deb o‘ylayman. Axir, aytadilar-ku, mehr ko‘zda deb. Ta’lim va tarbiya masalasi juda nozik mavzu. Bu ikki jarayon o‘rtasida ko‘z ilg‘amas chegara mavjud. Keling, ta’limni maktab bersin, tarbiyani esa ota-onaning zimmasida qoldiraylik. Aks holda, jamiyatimizga “onlayn-mashinalar” yetkazib beramiz degan shubhadaman. Shuning uchun ham barcha ehtiyot choralarni ko‘rgan holda maktablar doimiy faoliyatini boshlashi tarafdoriman.
Munira Isomiddinova, 4 nafar farzandning onasi, Toshkent shahri:
— Onlayn darslarning samarasi shunda bo‘ldiki, ta’limning bu shaklida har bir o‘quvchi berilgan topshiriq va vazifalarni bajarib, Kundalik.kom platformasiga joylashtirishi shart deb belgilandi. Berilgan topshiriqlarni muntazam bajarib borayotgan o‘quvchilar platformada ko‘rinib turdi. O‘qituvchi bemalol bu jarayonni olib borib, baholashda ham qiynalmadi. Vaholanki, an’anaviy darslarda har bir o‘quvchining uy vazifasini tekshirib, baholab va yangi mavzuni o‘tishiga 40 daqiqalik dars jarayonida o‘qituvchining imkoniyati bo‘lmasdi. Farzandlarimning hammasi maktab o‘quvchisi, ularning har biri bilan muntazam shug‘ullanib bordim. Onlayn mashg‘ulotlar jarayonida o‘qituvchining majburiyatini fan doirasidagi faoliyat bilan chekladi, aksincha, ota-onaning majburiyati ortdi. Ya’ni, o‘quvchining darsni o‘zlashtirish mas’uliyati ota-onaga yuklandi.
O‘ylashimcha, onlayn darslarning afzal tomonlari bilan birga kamchiliklari ham bor. Masalan, bolaning og‘zaki nutqini rivojlantirishga qaratilgan ta’lim jarayonlari – she’r yodlash, hikoyani o‘qib gapirib berish, chet tilida biror mavzuni og‘zaki bayon qilish kabi mashg‘ulotlar turi qisqardi. Kelajakda mavjud platformaga video va audio fayllarni joylashtirish dasturlari ham kiritiladi degan umiddaman. Chunki, qo‘shimcha ravishda ochilgan telegram kanalidagi guruhlarda ham ish qizg‘in kechdi. Mobil aloqa vositalari farzandlarimiz uchun mashg‘ulot quroliga aylandi. Telegram kanal fanlar doirasida ochilgan guruhlar bilan to‘lib ketdi. Shunga yarasha axborot oqimi ham keskin kuchaydi. She’rni yoddan aytib berish mashg‘ulotlari videofayllarda yaratildi. Bu jarayon ota-ona ko‘magisiz kechmaydi. Videoga olish jarayonining o‘zi qancha asab va vaqtni olishi haqida aytmasam ham ota-onalarga ma’lum holat.
Shundan ko‘rinib turibdiki, ba’zi mashg‘ulotlar onlaynga moslashtirilsa bo‘ladi. Ba’zi mashg‘ulotlarni esa imkoni yo‘q. Onlayn mashg‘ulotlarning yana bir muhim negativ jihati – bola jamoat bo‘lib ishlashdan yiroq bo‘ladi. Tengqurlari bilan muloqot bolaning har tomonlama rivojlanishida katta ahamiyatga ega deb o‘ylayman. Agar bolalarimga qo‘yib bersam, xoziroq maktabga otlanadi. Ammo ularning xavfsizligini o‘ylab, men faqat onlayn o‘qish tarafdoriman deb ayta olaman.
Xulosa haqida mulohaza
Ko‘rib turibsizki, fikr-muloahazalar turlicha. Xalq ta’limi vazirligining oldida qiyin, ammo zudlik bilan hal etilishi lozim bo‘lgan masala turganligiga amin bo‘ldik. Bu masalaning yechimi ko‘p jihatdan texnik imkoniyatlarimizga bog‘liq bo‘lib qolmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda “tomda mashg‘ulot o‘tkazayotgan o‘qituvchi”ning videosi texnik imkoniyatlarimizning talab darajasida emasligiga yaqqol misol bo‘la oladi.
Ushbu maqolani tayyorlashda ishtirok etgan ekspertlarimiz (o‘qituvchilar, ota-onalar)ning yuqorida keltirilgan fikr-mulohazalariga tayangan holda onlayn darslarning afzallik va kamchiliklarini aniqlashga urinib ko‘rdik.
Onlayn shakldagi darslarning ta’lim sifatiga ijobiy ta’siri borasida 4 ta afzallik jihati:
1. O‘quvchi va o‘qituvchi uy sharoitida vazifa, topshiriqlar ustida xotirjam ishlash imkoniyatiga ega bo‘ladi.
2. O‘qituvchi o‘z ustida ishlash va malakasini oshirish uchun qo‘shimcha vaqt (ishxonagacha yo‘l vaqti, ortiqcha majlis va yig‘ilishlar hisobidan)dan unumli foydalanadi.
3. O‘quvchi va o‘qituvchi platformalarda ishlash jarayonida mavjud texnik imkoniyatlarni o‘zlashtirib borishi, axborot uzatish, uni qayta ishlash, qabul qilish borasidagi bilimlari doirasini kengaytiradi.
4. O‘qituvchi adio-, video-mashg‘ulotlarni tayyorlash uchun fan doirasida yangi keyslardan foydalanishni, zamonaviy taqdimotlar tayyorlashni, audio, video-texnikaning imkoniyatlarini o‘zlashtirib, bu boradagi bilim va tajribasini mukammallashtiradi.
Onlayn darslarning 4 ta asosiy kamchiligi:
1. Internet yoki elektr tokining to‘satdan uzilib qolishi tufayli dars jarayonining majburan to‘xtatilishi.
2. Kun yoki tunning istalgan vaqtida o‘qituvchi yoki o‘quvchining darsga kirishishi. Ya’ni me’yorning yo‘qolishi, kun tartibiga rioya qilmaslik.
3. Onlayn darslar alohida texnik vositalarni taqazo etishi. Ya’ni, o‘quvchi darslarini ota-onasining telefoni yoki kompyuterida bajarishga majburligi, o‘qituvchi shu kabi texnik vositalar (modem, Wi-Fi)ga ega bo‘lishi lozim.
4. Og‘zaki nutqni rivojlantirishga yo‘naltirilgan mashg‘ulotlarning imkoniyati cheklanishi. Ya’ni, bu jarayonda o‘quvchi va o‘qituvchi o‘rtasida jonli muloqot muhim ahamiyatga ega. Ammo texnika faqat virtual muloqot o‘rnatishga qodir.
Kasbim taqazosi bilan imkoniyati cheklangan bolalar maktab-internatiga borganimda bir holatni kuzatgan edim: miya falaji tufayli oyoqlari yurmaydigan bir bolakayni (8-9 yoshlarda) maktab ostonasiga yetib kelishi bilan otasining qo‘llaridan tushib, deyarli emaklaganicha sinf xonasiga kirib ketayotganining guvohi bo‘lganim yodimga tushdi. Garchi, shu bola kabi imkoniyati cheklangan o‘quvchilarning uylariga borib mashg‘ulot o‘tkazish ishlari yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsa-da, bolalarning ko‘pchiligi o‘qituvchisi, tengqurlari bilan jonli muloqotni tanlaydi.
Bolaning intellektual rivojlanishida tengqurlari bilan birgalikda dars jarayonida ishtirok etishi muhim ahamiyatga ega. Onlayn darslar shu muhim pog‘onani ta’lim sohasidan yiroqlashtirib yuborish xavfi bor. Masalaning yana bir muhim jihati: onlayn darslarning bola psixologiyasi va jismoniy salomatligiga ta’siri haqidagi mavzu alohida nazariy darajadagi tadqiqotlarni taqazo etadi. Shundagina to‘liq ishonch bilan onlayn yoki oflayn ta’lim shaklini yoqlash imkoniyati bo‘ladi.
Karantin cheklovlari tugatilgani bilan xavfli kasallik chekingani yo‘q. Bu ketishda maktablar ikki turga bo‘linadi: onlayn va oflayn. Oldimizda katta savol turibdi: nima qilmoq kerak? Bu masalaning ijobiy yechimini tez kunlarda tegishli idora va vazirliklar beradi, degan umiddamiz.
P.S.: Ushbu material to‘liq onlayn tarzda tayyorlanib, ekspertlarning fikri Telegram kanali orqali olindi.
Muhayyo Saidova, jurnalist
LiveBarchasi