Bog‘chami yo konslager?

Jamiyat

2025 yilning may oyi. Tojikiston poytaxti Dushanbedagi xususiy bolalar bog‘chasida 2 yoshli bolaning o‘limi butun mintaqada bolalar xavfsizligi borasidagi savollarni uyg‘otdi. Bola kunduzgi uyqu vaqtida ikki qavatli krovatning ikkinchi qavatidan sirg‘anib tushib, bo‘ynidan panjaraga ilinib qolgan. Fojia bolaga yetarli nazorat bo‘lmagani oqibatida yuz bergan. Aybdor deb topilgan xodim ustidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Bu voqea alohida bir fojia emas – bu ogohlantirish. U nafaqat Tojikistonga, balki unga qo‘shni O‘zbekiston uchun ham muhim signal. Chunki bu yerda ham ikki qavatli krovatlar ko‘plab bog‘chalarda ishlatiladi. Biroq ular uchun xavfsizlik standartlari bormi? Ular bajarilyaptimi?

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi ochiq ravishda bog‘chalarda sodir bo‘lgan baxtsiz hodisalar statistikasi bilan odatda bo‘lishmaydi. Ota-onalar real hayotdan misollar keltirmoqda. QALAMPIR.UZ jurnalisti quyidagi savollar bilan shahrimiz aholisiga yuzlandi. “Tarbiyachilardan ko‘nglingiz to‘qmi? Bolalarni urish holatlariga fikringiz qanday?”

“Axir bu birovning bolasi-ku! Ishonib olib kelishyapti. Qanday qilib birovning bolasini urish mumkin? Hech kimning bunga haqqi yo‘q. Pul olyapti, davlat unga oylik to‘layapti, baribir haqqoniy, halol ishlash kerak. Qo‘l ko‘tarishsa mening ham jahlim chiqadi”, deydi savol bilan yuzlanganlarimizdan biri.

“Bolani urish yaxshi emas, ayniqsa boshidan urish – juda noto‘g‘ri. Men bunga qarshiman. Chet elda bolaga juda hurmat bilan qarashadi. Shuning uchun u yerda bolalar erkin o‘sadi, fikrini bemalol ayta oladi”, deydi respondentlardan biri.

“Bunga, albatta, salbiy qarayman. Bog‘cha opalarni ham, bog‘chadagi boshqa xodimlarni ham bolani urishga haqqi yo‘q. O‘ylab ko‘ring, agar o‘z bolasini kimdir ursa nima qilardi? Albatta, chidamaydi! Shuning uchun boshqalarning bolasiga ham shunday munosabatda bo‘lish kerak”, deydi bu holatga chidab bo‘lmasligini aytgan fuqaro.

Shunday holatlarda eng dolzarb savol: bizning bog‘chalarimiz xavfsizlikka jiddiy qaraydimi? Va bu masalada tizimli javobgarlik mavjudmi?

Bu borada Oliy Majlisning Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani) matbuot kotibi Dilnoza Yusupova quyidagicha izoh berdi:

“2024 yil 14 noyabrda sohada tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan hujjat, ya’ni bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risidagi qonun qabul qilindi. Mazkur qonun bolalarni har qanday shakldagi zo‘ravonlikdan himoya qilish, ularning huquq va manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan muhim huquqiy hujjat hisoblanib, mazkur qonun joriy yilning 15 may kunidan kuchga kirdi. Qonun bilan bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning jami oltita shakliga ta’rif berilgan. Bu nafaqat jismoniy, ruhiy va jinsiy zo‘ravonlikka oid, balki g‘amxo‘rlik ko‘rsatmaslik, ekspluatatsiya va bullying kabi zo‘ravonlikning shakllariga ham ta’rif berilgan. Shuningdek, ta’lim muassasalarida bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka yo‘l qo‘ymaslik choralari ham belgilangan bo‘lib, endilikda bolalarga zo‘ravonlik harakatlarini sodir etgan pedagog yoki tarbiyachining kelgusida ushbu va boshqa ta’lim muassasalarida faoliyat yuritishiga cheklov qo‘yiladi”.

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan taqdim etilgan texnik reglamentga ko‘ra, ikki qavatli krovatlar bir qator shartlarga javob berishi kerak:

  • Yuqori qavat uchun minimal yosh – 3-7 yosh.
  • Krovat panjaralari bolani to‘liq himoya qiladigan balandlikda bo‘lishi kerak.
  • Krovatlar narvon bilan ta’minlangan bo‘lishi, zinapoyalar orasidagi masofa 200-300 mm bo‘lishi lozim.
  • Har bir guruhda uyqu vaqtida kamida 1 nafar xodim bolalarga qarab turishi kerak.

Lekin ushbu standartlar nazorat qilinyaptimi? Vazirlik matbuot kotibi Dilfuza Sobirova ushbu standartlarning bajarilishi qanday nazorat qilinayotgani haqida quyidagi fikrni bildirdi:

“O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi tomonidan maktabgacha ta’lim muassasalarida ishlatilayotgan mebellarga sanitariya-gigiyena talablari belgilangan. Ushbu talablar 2023 yil 7 noyabrdagi 24-son qaror bilan tasdiqlangan. Har bir hududiy bo‘lim reja asosida ta’lim muassasalarini o‘rganadi va nazoratni amalga oshiradi”.

Bu yerda gap faqat krovatda emas – gap tizimda. Farzandlarimiz kunduzgi uyqu vaqtida himoyasiz qolayotgan bo‘lsa, ularni og‘ir oqibatlardan asraydi?

Bu fojia aslida butun tizimni chertib o‘tayotgan signaldir. Bugun bu bola – Tojikistonda, ertaga esa O‘zbekistonda bo‘lishi mumkin. Bu signalni vaqtida tushunish – boshqa bolalarning hayotini saqlab qolish deganidir.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing