Maktabda aroq ichib o‘tirgan direktor o‘z xohishi bilan ariza yozdi
3-sahifa
−
10 Oktabr 2022
16849Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumani Beshchashma qishlog‘idagi 67-umumta’lim maktabi direktori qorovulxonada spirtli ichimlik ichib o‘tirgani aks etgan videolar tarqalgan edi. Mazkur holat jamoatchilik orasida keskin e’tirozlarga sabab bo‘ldi. Video ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari orasida kun tartibiga chiqdi. Ushbu video keng tarqalgach, maktab direktori o‘z xohishiga ko‘ra lavozimini tark etgan. Bu haqda “Zamon” informatsion dasturida ma’lum qilindi.
Holatni video tasvirga olgan Ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari A.N. voqea avgust oyining o‘rtalarida sodir bo‘lganini va qorovulxonadan ovoz chiqqani uchun kirganda maktab direktori L.T., kotib A.Q., qorovul va o‘t yoquvchi birgalikda spirtli ichimlik ichib o‘tirishganini ko‘radi va o‘z telefoniga tasvirga oladi.
Voqea ishtirokchisi va guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, spirtli ichimlik ichish fikri kimdan chiqqani noma’lum bo‘lib, ular qorovulxonaga kirganda, dasturxonda spirtli ichimlik ichish uchun hamma sharoit borligini ko‘rishgan.
“U bor edi, bu bor edi, demayman. Lekin men bor edim”, deydi holatga guvoh bo‘lgan keyinchalik o‘z arizasiga ko‘ra ishdan bo‘shagan kotib A.Q.
Maktab direktori L.T. va voqeani tasvirga olgan Ma’naviy- ma’rifiy ishlar bo‘ychicha direktor o‘rinbosari A.N. o‘rtasida ish bo‘yicha adovat bo‘lib kelgani aniqlangan. Da’vo qilinishicha, voqea sodir bo‘lganidan so‘ng, 1 oktyabr kuni maktab direktor A.N.ga shaxsiyatiga tegadigan gaplar bilan xabar yozadi. Shundan so‘ng A.N. videoni 5 oktyabr kuni ijtimoiy tarmoqlariga joylashtiradi.
“U yerda hech kimni qo‘lida aroq yoki boshqa narsa ushlab turgan joyi yo‘q, to‘g‘ri bitta shishada uksus bor edi. U yaxshi bola, shaxsiy adovatim yo‘q, kelganimdan beri rag‘bat so‘radi, berdik, yaqindagina tekshirish bo‘ldi, yetarlicha hujjatlari bo‘lmagani, kamchiliklari borligi uchun qayta to‘lashga tushdi va buni siz menga nisbatan ataylab qildingiz, deb har xil yozishmalar qilib, xohlagan ishimni, xohlagan joyimda tarqataman degan”, deydi maktab direktori.
Chiroqchi tumani Xalq ta’limi bo‘limidan ma’lum qilinishicha, maktab direktori o‘z xohishiga ko‘ra ishdan bo‘shagan va holat yuzasidan o‘rganish ishlari olib borilmoqda.
Oysha Turg‘unpo‘latova
LiveBarchasi