Maktab o‘quvchilarining startaplari uchun 100 mlrd so‘m grant ajratiladi
Jamiyat
−
30 iyun 2965 1 daqiqa
Endilikda O‘zbekistonda maktab o‘quvchilari uchun “mohirlik va biznes soati” kiritilib, ularning g‘oyasini startapga aylantirishga 100 milliard so‘m grant ajratiladi. Bu haqda bugun, 30 iyun kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev yoshlar bilan uchrashuvda ma’lum qildi.
Bildirilishicha, startaplarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tizim yaratildi. Ularni moliyalashtirishga 145 million dollar venchur sarmoya kiritildi. Prezidentimiz bu raqam 1 milliard dollarga yetkazilishini aytdi. Endi, bu ishlar maktabdan boshlanadi. O‘quvchilar uchun “mohirlik va biznes soati” kiritilib, ularning g‘oyasini startapga aylantirishga 100 milliard so‘m grant ajratiladi.
Oliygohlar o‘rtasida ham startaplar bo‘yicha har yili “Eng yaxshi kreativ g‘oya” tanlovi o‘tkazilib, g‘oliblarga oliygoh jamg‘armasidan 300 million so‘mgacha grant beriladi.
Startapni prototipga aylantirish va sinovdan o‘tkazish uchun Innovatsiya agentligi va IT-park “RnD” markazini ochadi. Bunda, eng yaxshi loyihalar bo‘yicha prototip yaratish xarajatining 50 ming dollargacha qismi Yoshlar venchur jamg‘armasidan qoplanadi.
Har yili investorlar, yirik korxona va startap tashabbuskorlari ishtirokida “Startap-ekspo” ko‘rgazmasi o‘tkazib boriladi.