Magnus Karlsen amerikalik shaxmatchini firbgarlikda aybladi
Sport
−
27 Sentabr 2022
2849Shaxmat bo‘yicha jahon chempioni Magnus Karlsen amerikalik grossmeyster Xans Nimanni g‘irrom o‘ynashda aybladi. Karlsen bu haqda o‘zning Twitter sahifasida post qoldirgan.
Jahon chempionining so‘zlariga ko‘ra, u Champions Chess Tour turnirida Nimannga atayin mag‘lub bo‘lgan.
“Men Sinquefield Cup musobaqasida Xans Nimannga qarshi uchinchi tur o‘yinidan so‘ng turnirni tark etish haqida misli ko‘rilmagan qarorga keldim. Bir hafta o‘tgach, Champions Chess Tour turnirida Nimannga qarshi bitta harakat bilan (atayin – tahr.) taslim bo‘ldim. Bilaman, mening xatti-harakatlarim shaxmat jamoatchiligi ichida ko‘pchilikni xafa qildi. O‘zimning ham xafsalam pir bo‘ldi. Shaxmat o‘ynashni xohlayman. Men shaxmatni eng yaxshi turnirlarda, yuqori saviyada davom ettirmoqchiman”, degan Magnus Karlsen.
Norvegiyalik jahon chempioni musobaqa tashkilotchilari va shaxmatni sevadigan barchani xavfsizlik choralarini va firibgarlikni aniqlash usullarini kuchaytirishga chaqirgan.
“O‘ylashimcha, shaxmatda aldov borligi katta muammo va bu o‘yin uchun xavf tug‘diradi. Shuningdek, turnir tashkilotchilari va biz sevadigan o‘yinning yaxlitligi haqida qayg‘uradigan barcha shaxslar xavfsizlik choralarini va shaxmat taxtasida firibgarlikni aniqlash usullarini kuchaytirish borasida jiddiy o‘ylab ko‘rishlari kerak. Nimanni so‘nggi daqiqalarda Sinquefield Cup'ga taklif qilishganda, men turnirni tark etish haqida jiddiy o‘yladim. Lekin baribir o‘ynashga qaror qildim”, degan Magnus Karlsen.
Karlsenning iddao qilishicha, Xans omma oldida tan olganidan ko‘ra ko‘proq chiterlik (cheat – aldamoq, firib bermoq – tahr.) qilgan. Sababi Nimanni Magnusga qarshi o‘yinda o‘zini mutlaqo g‘ayrioddiy tutgan. U eng qaltis vaziyatlarda ham asabiylashmagan va o‘zini o‘yinga nisbatan e’tiborsiz qilib ko‘rsatgan.
Shuningdek, norvegiyalik shaxmatchi o‘tmishda va hozir raqiblariga firb berayotganlar bilan o‘ynashni istamasligini alohida urg‘ulagan. Karlsen bu so‘zlarini firbgarlardan nima kutish mumkinligini oldindan bilmasligi bilan izohlagan.
Magnus Karlsen amerikalik shaxmatchi aynan qanday ko‘rinishda chiterlik qilganini aytmagan. Biroq, u yana bir narsadan xabardorligini va bu haqida Nimannining ruxsatisiz gapirolmasligini qo‘shimcha qilgan.
Ma’lumot uchun, Karlsen FIDE tasnifiga ko‘ra, dunyoning birinchi raqamli shaxmatchisi hisoblanadi. Unda 2861 reyting ochkosi mavjud.
LiveBarchasi