Magistraturada o‘qiyotgan xotin-qizlarlarning kontrakti qay tartibda to‘lab berilishi ochiqlandi
Jamiyat
−
15 avgust 2022
7491Magistraturada o‘qiyotgan xotin-qizlar har o‘quv yilining 15 sentyabrigacha o‘zi o‘qiyotgan oliy ta’lim muassasasi rektori nomiga ariza bersa, ularning kontrakt puli davlat byudjetidan qoplab beriladi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilingan “Davlat oliy ta’lim muassasalari magistratura bosqichida ta’lim olayotgan xotin-qizlarni to‘lov-kontrakt mablag‘larini to‘lab berish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan.
Qarorga ko‘ra, davlat OTMlarining magistratura bosqichiga o‘qishga qabul qilingan va o‘qiyotgan xotin-qizlarga bazaviy to‘lov-kontrakt (stipendiyasiz) summalari to‘liq to‘lab beriladi. Buning uchun talabgorlar o‘zlari ta’lim oladigan OTM rektori (filial direktori) nomiga 15 sentyabrga qadar ariza bilan murojaat qilishi kerak.
Shu asosda rektorlar (filial direktorlari) har yili 15 oktyabrgacha tegishli buyruqni qabul qiladi. 15 sentyabrdan keyin berilgan arizalar ko‘rib chiqilmaydi va to‘lov-kontrakt summalari qoplab berilmaydi.
Bu tartib davlat oliygohlari bilan birga, quyidagilarga nisbatan ham tatbiq etiladi:
• Prezident huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi;
• Bosh prokuratura Akademiyasi;
• Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi;
• Bank-moliya akademiyasi.
Shuningdek, bu tartib nodavlat OTMlar va xorijiy OTMlarning O‘zbekistondagi filiallarida magistratura bosqichida tahsil olayotgan talaba xotin-qizlarga nisbatan tadbiq etilmaydi.
Eslatib o‘tamiz, Prezident Shavkat Mirziyoyevning “Oila va xotin-qizlarni tizimli qo‘llab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, 2023 yildan boshlab O‘zbekistondagi davlat oliy ta’lim muassasalarida magistraturada o‘qiyotgan barcha xotin-qizlarning kontrakt to‘lovlari qoplab beriladi va bunga har yili kamida 200 milliard so‘m ajratiladi.
LiveBarchasi