MAGATE missiyasi Zaporoje AESni tark etdi

Olam

image

Bugun, 5 sentyabr kuni Xalqaro atom energetikasi agentligi (MAGATE) missiyasining asosiy qismi Ukrainaning Zaporoje atom elektr stansiyasini tark etdi. Bu haqda yadroviy ekspert Renat Karchaa TASSga ma’lum qildi. 

Qayd etilishicha, agentlik missiyasi Zaporoje AESda o‘z safarini yakunlagan. Biroq delegatsiyaning ikki vakili doimiy asosda stansiyada qolgan.

Rosenergoatom ma’lumotlariga ko‘ra, stansiyani MAGATEning to‘rt nafar mutaxassisi tark etgan.

Agentlik bosh direktori Rafael Grossining aytishicha, missiya vakillari Zaporoje atom elektr stansiyasida istalgancha qolishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, 30 avgust kuni MAGATE rahbari Rafael Grossi boshchiligidagi missiya Kiyevga yetib borgandi. 31 avgust kuni ertalab esa MAGATE missiyasi karvoni Kiyevdan chiqib, Energodardagi ZAES tomon yo‘l olgan. 1 sentyabr kuni ekspertlar o‘z ishini boshlagan.

Ma’lumot o‘rnida, Rossiya mart oyi boshida ZAESni egallab oldi, shundan keyin ukrainalik xodimlar stansiyada ishlashda davom etdi. 5 avgust kuni ukrain matbuoti ruslar ZAESga to‘rt marta o‘q uzgani haqida xabar berdi. So‘nggi kunlarda elektr stansiyasi muntazam ravishda o‘qqa tutilmoqda, bunda Rossiya va Ukraina bir-birini ayblamoqda. Rasmiy Moskvaga ko‘ra, Ukraina bo‘linmalari tomonidan Zaporoje atom elektr stansiyasining o‘qqa tutilishi yadroviy terrorizm akti va bu Chernobildan ham kattaroq falokatga olib kelishi mumkin.

Zaporoje Yevropadagi eng yirik atom elektr stansiyasi bo‘lib, u Ukrainadagi barcha elektr energiyasining chorak qismini ishlab chiqaradi. Qariyb 6 ming megavatt quvvatga ega ushbu inshoot oltita energiya blokidan iborat. Hozirda atom elektr stansiyasi to‘liq quvvatining 70 foizida ishlaydi.

Farangiz Salimova


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

37

Reyting

2.8

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing