Madaniyat sohasi og‘ir judolikka uchradi

Madaniyat-san’at

image

O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti Nukus filiali direktori, tarix fanlari nomzodi, dotsent Paxratdin  Kudaybergenovich Paluaniyazov 46 yoshida vafot etdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida ma’lum qildi. Nazarbekovning urg‘ulashicha, Paluaniyazovning vafotiga ham koronavirus sabab bo‘lgan. 

“Nadomatlar bo‘lsinki, mash’um pandemiya tufayli xalqimiz hamon og‘ir iztirobda... Mamlakatimiz rahbari boshchiligida koronavirusga qarshi keskin choralar ko‘rilib, vaziyatni yengillashtirish, xalqimizning kayfiyatini ko‘tarish, iqtisodiyotni rivojlantirishda davom etish, ertangi kunga  umid, ishonchni mustahkamlashga astoydil harakat qilinayotgan mas’uliyatli damlarda yana bir noxush xabarni yetkazishga majburmiz...

Dunyoni larzaga solib, o‘z izmida ushlashga jon-jahdi bilan yopishgan ofat yana bir aziz jonni, san’atimiz va madaniyatimiz fidoyisini oramizdan bevaqt olib ketdi”, deb yozadi Nazarbekov.  

Paxratdin Kudaybergenovich Paluaniyazov Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutini tamomlagan. Musiqa, ashula, madaniyati tarixi fanlaridan dars bergan. Ilmiy ishini O‘zbekiston Fanlar Akademiyasining Qoraqalpog‘iston bo‘limida yoqlagan

“Afsus, o‘qituvchidek sharafli kasbni ulug‘lab, farzandlariga ham xalq uchun xizmat qilish muqaddas burch ekanini uqdirib ketgan otaning, shu sohani tanlab, otasidek fidoyi madaniyat xodimi bo‘lishni niyat qilgan o‘g‘il- qizlarining orzulari ro‘yobini ko‘rish  Paxratdin akaga nasib etmadi. 

Nachora, o‘lim haq deganlari oldimizda yana bo‘y ko‘rsatdi. Shukrki, fidoiy insonning oilasi, farzandlariyu opa- ukalari uning ezgu ishlarini davom ettirishga qodir ilmli bilimli kishilardir. Demak, Paxratdin Paluaniyazov oramizda yashaydi, orzularini kasbdoshlari, o‘g‘il qizlari amalga oshirishadi.

Biz ham marhumning yaqin safdoshi, kasbdoshi sifatida uning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur ta’ziya , hamdardlik bildirib, qolganlarga sog‘lik-omonlik tilaymiz”, deydi vazir.


Maqola muallifi

Teglar

Paxratdin Paluaniyazov

Baholaganlar

205

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar