Madaniy meros agentligining vazifalari qayta belgilandi

Jamiyat

image

Vazirlar Mahkamasi tomonidan 15.10.2021 yildagi “O‘zbekiston Respublikasi Turizm va sport vazirligi huzuridagi Madaniy meros agentligi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaror qabul qilindi.

Prezidentning “O‘zbekiston Respublikasi Turizm va sport vazirligi huzuridagi Madaniy meros agentligi faoliyatini tashkil etish hamda sohani innovatsion rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq quyidagilar Agentlikning vazifalari etib belgilandi:

•    moddiy madaniy meros ob’ektlari davlat reyestri, elektron katalogi, pasporti va davlat kadastrini yuritish;
•    moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk ob’ektlarida asrashga doir ishlarni amalga oshirish, buyurtmachi funksiyasini bajarish;
•    milliy muzey fondining davlat katalogini yuritish;
•    tarixiy-madaniy hududlarni muhofaza qilish;
•    arxeologiya tadqiqotlarini qo‘llab-quvvatlash, arxeologiya merosi ob’ektlarini muhofaza qilish;
•    madaniy boyliklarni muhofaza qilish, shu jumladan ularning O‘zbekiston hududidan olib chiqilishi va uning hududiga olib kirilishi bo‘yicha sertifikat berish va boshqalar.

Madaniy meros agentligi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi, unda quyidagilar nazarda tutiladi:

•    Agentlikning huquqiy maqomi, tuzilmasi, asosiy vazifalari va funksiyalari;
•    faoliyatini tashkil etish tartibi;
•    Agentlikning huquqlari va javobgarligi, o‘z tarkibiy bo‘linmalari hamda boshqa tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorlik qilishi;
•    Agentlik rahbarlarining funksional vazifalari va javobgarligi;
•    Agentlik faoliyati samaradorligini baholash mezonlari;
•    Agentlik faoliyatini moliyalashtirish va moddiy-texnik ta’minlash, uning xodimlari mehnatiga haq to‘lash va ularni moddiy rag‘batlantirish.

Agentlik moddiy madaniy meros, muzeylar, arxeologiya, madaniy boyliklarning olib chiqilishi va olib kirilishi sohasida maxsus vakolatli davlat boshqaruvi organi hisoblanadi.

Ushbu Agentlikning o‘z vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlari davlat boshqaruvi organlari va xo‘jalik birlashmalari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, boshqa tashkilotlar va ularning mansabdor shaxslari, shuningdek fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiy hisoblanadi.

Madaniyat sohasidagi NHHlar loyihalari hamda moddiy madaniy meros ko‘chmas mulk ob’ektlari joylashgan aholi punktlarining bosh rejalari Agentlik bilan kelishilishi shart.

Bundan tashqari, Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan tarixiy-madaniy hududlarda moddiy madaniy meros ko‘chmas mulk ob’ektlarini, shuningdek alohida muhofaza qilinadigan tarixiy-madaniy hududlarda ob’ektlarni qurish va ularni buzish, obodonlashtirish ishlari bo‘yicha loyihalar majburiy tartibda Agentlik bilan kelishiladi. Bunda Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan hududlar (ob’ektlar) loyihalari UNESCO ishlari bo‘yicha milliy komissiya orqali UNESCO Umumjahon merosi markazi bilan kelishiladi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

17

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing