M-39 yo‘lida tezlik me’yori 130 km/soatgacha oshirilishi mumkin
Jamiyat
−
07 avgust 10338 2 daqiqa
Surxondaryo viloyati hududidan o‘tgan Termiz-Boysun avtomobil yo‘lida harakat tezligi me’yori 130 kilometr/soatgacha oshirilishi mumkin. Bu haqda “Voha 24” dasturida xabar berildi.
Qayd etilishicha, joriy yilning 9 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti raisligida o‘tkazilgan Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash, infratuzilmasini yaxshilash va tirbandliklarni kamaytirish chora-tadbirlari muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishida berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash bo‘yicha respublika va viloyatdan tashkil etilgan ishchi guruh vakillari Surxondaryo viloyatidagi xalqaro ahamiyatga molik M-39 Olmaota–Bishkek–Toshkent–Shahrisabz–Termiz avtomobil yo‘lining Termiz–Boysun yo‘nalishida harakatlanadigan avtotransport vositalarining harakatlanish tezligini soatiga 130 kilometr qilib belgilash bo‘yicha ko‘rikdan o‘tkazish, o‘rganish ishlarini amalga oshirgan.
Unda M-39 avtomobil yo‘lining 1315–1324-kilometri, ya’ni Oqrabod aholi yashash hududi oralig‘ida tezlik soatiga 90 kilometr, 1324–1326-kilometr oralig‘ida, Shifobuloq mahallasi hududida soatiga 70 kilometr, 1337–1349-kilometr oralig‘ida soatiga 100 kilometr, Sherobod tumani hududidagi 1374–1400-kilometr oralig‘ida esa soatiga 130 kilometr qilib belgilash masalasi ko‘rib chiqilgan.
O‘rganish ishlari amalga oshirilib, mutaxassislar tomonidan kamchiliklar bartaraf etilishi va shundan so‘ng qayta ko‘rikdan o‘tkazilib, ko‘rsatilgan kilometrlar oralig‘ida tavsiya etilgan tezlik joriy etilishining maqsadga muvofiqligi ma’qullangan.
Eslatib o‘tamiz, xabarda qayd etilgan videoselektor yig‘ilishida Prezident yo‘l-transport hodisalarida kuniga 6 kishi o‘layotganidan tashvishdaligini aytgandi. Xususan, o‘tgan yili 9 ming 364 ta yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgani va ushbu mudhish hodisalarda qariyb 9 ming fuqaro jarohat olib, 2 ming 203 nafar odam halok bo‘lgani qayd etilgan.
Live
Barchasi