Lukashenkoning ashaddiy dushmani 10 yilga qamaldi

Olam

image

Belarusda tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti laureati Ales Belyatskiy 10 yilga qamaldi.  Bu haqda “Deutsche Welle” xabar berdi.

Qayd etilishicha, bugun, 3 mart kuni Ales Belyatskiy Minsk sudi tomonidan 10 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan. “Vesna” inson huquqlari markazi rahbari bo‘lgan Belyatskiy kontrabanda va ommaviy tadbirlarni tashkil etish tartibini takroran buzishda aybdor deb topilgan.

Shuningdek, Belyatskiyning o‘rinbosari Valentin Stefanovich, “Vesna” huquqshunosi Vladimir Labkovich va muqaddam sudlangan inson huquqlari markazi a’zosi Dmitriy Solovev ham sud qilingan. Ular mos ravishda to‘qqiz, yetti va sakkiz yilga qamalgan.

Xalqaro hamjamiyat reaksiyasi

Belyatskiy sudi jahon hamjamiyatida keng rezonansga sabab bo‘lgan. Suddan bir kun oldin Human Rights Watch va yana 20 ta xalqaro inson huquqlari tashkiloti sudlanuvchilar bilan bir qatorda Belarusda o‘zboshimchalik bilan hibsga olingan barcha huquq himoyachilarini zudlik bilan va shartsiz ravishda ozodlikka chiqarilishini so‘ragan.

Shuningdek, Germaniya hukumati ham Ales Belyatskiy va uning sheriklariga chiqarilgan hukmni qoralagan. Germaniya Tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok ayblovlar va sud jarayonini “fars” (komediya) deb atab, huquq faollari Belarus xalqining huquqlari, qadr-qimmati va erkinligi uchun ko‘p yillik kurashlari ortidan sud qilinayotganini aytgan. 

“Minsk rejimi fuqarolik jamiyatiga qarshi kurashmoqda. Ular buning uchun zo‘ravonlik va qamoqxonalardan foydalanmoqda. Bu Lukashenkoning Putin urushini qo‘llab-quvvatlashi bilan bir xil sharmandalik”, deb yozgan Berbok Twitter sahifasida.

Belyatskiy va sheriklarining hibsga olinishi

Ales Belyatskiy, Valentin Stefanovich va Vladimir Labkovich 2021 yilning iyulida hibsga olingan. Belyatskiy sud tinglovlari chog‘ida Belarusda huquq faollariga nisbatan uzoq muddatli ta’qiblar siyosiy sabablarga ko‘ra ekanini ta’kidlagan. U Belarus Adliya vazirligi “Vesna” inson huquqlari markazini bir necha bor ro‘yxatdan o‘tkazishdan bosh tortganini aytgan va unga qarshi barcha ayblovlarni rad etgan. 2022 yilda qamoqdaligi paytida Belyatskiy tinchlik uchun Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan.

Shuningdek, u o‘z intervyularidan birida Belarusdagi namoyishchilarni jinoiy javobgarlikka tortish bilan bog‘liq vaziyatni izohlar ekan, mamlakatda repressiya darajasi kuchayib borayotganini aytgan. 

“Mamlakatdagi qatag‘onlar ko‘lami juda katta, bu Stalin davridan beri sodir bo‘lmagan. Buni hech narsa bilan solishtirib bo‘lmaydi”, degan hibsdagi Nobel mukofoti sovrindori.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing