Lukashenkoni hibsga olish uchun Belarus xavfsizlik kuchlariga 11 mln yevro va’da qilindi
Olam
−
30 may 2021
20444Belaruslik muxolifatchi Valeriy Sepkalo xavfsizlik idoralariga Prezident Aleksandr Lukashenkoning hibsga olinishi uchun 11 million yevro to‘lashni va’da qildi. Bu haqda Sepkalo o‘zining YouTube kanalida ma’lum qilgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, “birinchi raqamli jinoyatchini” hibsga olish uchun to‘lanadigan mukofot puliga o‘z hissasini qo‘shmoqchi bo‘lganlarning barchasiga imkoniyat beruvchi maxsus texnologiya ishlab chiqilgan.
Sepkaloning ta’kidlashicha, mablag‘ darhol hisobdan yechilmaydi: avvaliga pul mablag‘lari donorlarning hisobida saqlanadi va faqat Lukashenko hibsga olinganidan keyin maxsus hisob raqamiga o‘tadi.
Sepkalo rejasining amalga oshishiga qat’iy ishonch bildirgan.
“Ishonchim komilki, tizim ichida ham juda ko‘p sonli tartibli, prinsipial odamlar bor. Ular uchun xalqqa xizmat qilish, qonunga xizmat qilish shunchaki quruq gap emas”, deydi u.
Ma’lumot o‘rnida, Hi-TECH Park asoschisi Valeriy Sepkalo 2020 yilda Belarusda bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlarida qatnashmoqchi edi. Biroq, u ro‘yxatga olinmadi. Unga qarshi tergovga qadar tekshiruv boshlangandan so‘ng, Sepkalo mamlakatni tark etdi.
Eslatib o‘tamiz, Belarusda prezidentlik saylovi 2020 yilning 9 avgust kuni bo‘lib o‘tdi. Markaziy saylov komissiyasi Aleksandr Lukashenko 80 foiz, muxolifatning asosiy nomzodi, hibsga olingan bloggerning rafiqasi Svetlana Tixanovskaya 10 foiz ovoz olganini e’lon qildi.
Bu butun mamlakat bo‘ylab bir necha oy davom etgan ommaviy noroziliklarni keltirib chiqardi. Bir qator muxolifatdagi siyosatchilar va faollar hibsga olindi yoki mamlakatdan qochib ketdi.
LiveBarchasi