Lukashenko hokimiyatdan ketsa, uni nima kutyapti? Belarus Konstitutsiyasi o‘zgarishi kutilyapti

Olam

image

Belarus Milliy-huquqiy portali o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilgan Konstitutsiya loyihasini muhokama uchun ommaga taqdim qildi. 

Muhokamaga qo‘yilgan yangi Konstitutsiya loyihasida bir nechta o‘zgartish va qo‘shimchalar o‘rin olgan. 

Unda mamlakat hududida boshqa davlatga nisbatan har qanday harbiy agressiya qo‘llashdan tiyilish, mamlakatda o‘tkaziladigan saylovlarning xorijiy fuqarolar va tashkilotlar tomonidan moliyalashtirilishini taqiqlash kabi muhim yangiliklar ko‘zda tutilgan. 

Bundan tashqari, loyihada davlat rahbarining saylanishi va lavozimidan ozod etilishi bo‘yicha muhim takliflar ilgari surilgan. Xususan, bir shaxsning ikki martadan ortiq Prezident sifatidan saylanmasligi, Prezident Konstitutsiyani muntazam yoki qo‘pol ravishda buzsa, davlatga xiyonat yoki boshqa og‘ir jinoyat sodir etgan taqdirda, Butunbelarus Xalq assambleyasi tomonidan lavozimidan chetlatilishi mumkinligi qayd etilgan.

Shuningdek, davlat rahbari sog‘lig‘i sababli mamlakatni boshqarishga qodir bo‘lmay qolgan taqdirda, parlament qarori bilan u, muddatidan avval o‘z lavozimini tark etishi mumkin bo‘ladi.

Konstitutsiya loyihasida Prezident suiqasd, terroristik hujum, harbiy tajovuz yoki boshqa zo‘ravonlik harakatlari natijasida vafot etgan taqdirda, favqulodda yoki harbiy holat joriy etiladi va davlat organlari Xavfsizlik Kengashi qaroriga muvofiq ish yuritadi. Bunday vaziyatda Xavfsizlik Kengashi raisi etib Respublika Kengashining spikeri tayinlanadi (amaldagi qonunga ko‘ra, bunday vaziyatda davlat rahbarining o‘rniga Bosh vazir tayinlanishi belgilangan).

Qayd etilishicha, vakolati tugagan Prezident umrbod senator bo‘lib qolishi mumkin bo‘ladi. 

Konstitutsiyaga kiritilgan tuzatish va o‘zgartishlar bo‘yicha xalq referendumi 2022 yil fevral oyida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan. Ovoz berishdan oldin loyiha jamoatchilik muhokamasidan o‘tadi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning noyabr oyining oxirida amaldagi Prezident Aleksandr Lukashenko xorijda turib o‘z faoliyatini amalga oshirayotgan muxolifat mamlakat Konstitutsiyasiga o‘zgartirishlar kiritishga urinayotgani haqida ma’lum qilgan edi.

2020 yil avgust oyida Belarusda prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tgan edi. MSK saylov yakunida 80 foizdan ko‘proq ovoz bilan Aleksandr Lukashenko g‘alaba qozonganini e’lon qilgan. Saylov kuni mamlakatda bir necha oyga cho‘zilgan ommaviy norozilik namoyishlari boshlandi. Saylov natijalari soxtalashtirilgani da’vosi bilan ko‘chaga chiqqan fuqarolar harbiylar va boshqa xavfsizlik kuchlari tomonidan bostirilgan edi.

Ma’lumot o‘rnida, Aleksandr Lukashenko sobiq sovet respublikalari orasida eng uzoq yil prezidentlik kursisini egallab kelayotgan yagona Prezident sifatida ko‘riladi. U lavozimga ilk bor 1994 yil 20 iyulda kirishgan. U 2020 yilgacha 5 ta Prezidentlik muddatini ortda qoldirib, ayni vaqtda oltinchi muddatda faoliyat yuritmoqda.

Behruz Saidov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

125

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing