Koreyada ishlash orzusidagi ikki yigitni 8 800 AQSH dollariga uxlatmoqchi bo‘lgan shaxs ushlandi
Jamiyat
−
09 aprel 2019 4988 2 daqiqa
Koreyaga borib ishlash orzusida yurgan ikki yigit o‘quv kursida koreys tilini o‘rganayotgan paytda, ularga ta’lim berayotgan o‘qituvchi M.R. katta maoshli ish topish mumkin bo‘lgan bu davlatga borish uchun yordam berishini aytib, ulardan evaziga 9 000 AQSH dollari talab qiladi.
Bu shaxs “Fast and easy” nodavlat ta’lim muassasasi rahbari bo‘lib, bu ishni yolg‘iz o‘zi qilolmasligi, balki “Hoy fast and easy” nodavlat ta’lim muassasasining rahbari B.S. bilan birga, uning yuqori tashkilotda ishlovchi tanishlari orqali bitirishini aytadi.
Yigitlar firibgarning gaplariga to‘la ishonib, bor imkoniyatlar, qarzu havolalar evaziga biri 4,5 ming, yana biri 3,3 ming dollar topib keltiradi.
Buni eshitgan M.R. pulni Toshkent shahar Chilonzor tumanidan o‘tuvchi Kichik xalqa yo‘lida joylashgan “Shuhrat” chorrahasiga olib kelishlarini aytadi. Ikki yigitdan 8,8 ming AQSH dollarini sanab olayotgan paytda, huquq-tartibot organi xodimlari tomonidan qo‘lga olinadi.
Ammo M.R. shu onda faqat suvdan quruq chiqishni o‘ylab, aybni jinoiy sherigimga yuklasam, qutilib qolaman, degan maqsadda hamtovog‘ini ayblashga o‘tdi. Organ xodimlari talabi bilan u pulni sherigi B.S.ga olib boradi. U esa pulni hech ikkilanmay qabul qilayotgan paytda, har ikkala firibgar qo‘lga tushadi.
Shunday qilib, o‘zgalar mublag‘ini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritishga uringan bu ikki shaxs sudning qora kursisiga o‘tirdi.
“Mazkur jinoyat ishini ko‘rib chiqishda, sudlanuvchilarning bu jinoyatni g‘arazli niyatlarda sodir etgani jazoni og‘irlashtiruvchi holat, deb baholandi. Ularning aybiga to‘liq iqrorligi, sodir qilgan jinoyatidan chin ko‘ngildan pushaymonligi, muqaddam sudlanmagani, yashash va ish joyidan ijobiy tavsiflangani, oilaviy sharoiti, oilada yagona boquvchi ekani kabi holatlarga ham e’tibor qaratildi”, deydi Jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tumani sudi sudyasi Sarvar Oripov.
Jinoyat kodeksining bir necha moddalari bilan ayblangan bu shaxslarga oylik ish haqining ma’lum qismini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda bir necha yil axloq tuzatish ishlari, 5 yildan ziyodroq ozodlikdan mahrum qilish jazosini o‘tashi kerak edi. Lekin Jinoyat kodeksining 72-moddasi qo‘llanilib, tayinlangan jazo shartli, deb hisoblandi va ularga 3 yil sinov muddati belgilandi.
Live
Barchasi