Londonlik rassom axlatdan poyga mashinasini yasadi
Texnologiya
−
03 avgust 2023
4876Britaniyaning Envision Racing formula poygalari kompaniyasi rassom Liam Xopkins bilan birgalikda tashlab yuborilgan gadjetlardan Formula E poyga mashinasining to‘liq o‘lchamli, boshqariladigan nusxasini yasadi. Bu haqda “Newatlas” nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, bunday mashinani yasashdan maqsad elektron chiqindilar muammosiga e’tibor qaratish va qayta ishlatishni targ‘ib qilish bo‘lgan.
“Qayta ishlash xususiyatiga ega bo‘lmagan zamonaviy gadjetlar tobora ko‘proq elektron chiqindilar muammosini keltirib chiqarmoqda. Jahon iqtisodiy forumiga ko‘ra, har yili tashlab yuborilgan taxminan 50 million tonna texnologiyaning faqat bir qismi qayta ishlanadi. So‘nggi hisob-kitoblar bu ko‘rsatkich 2030 yilga kelib 74.7 million metr tonnaga yetishi mumkinligini ko‘rsatdi”, deyilgan xabarda.
Shu sababdan hamkorlar tashlab yuborilgan telefon, noutbuk, vap tayoqchalari, kabellar va televizorlardan “Formula E Gen 3” poyga mashinasini yasagan.
“Afsuski, bugun biz elektronikani ta’mirlash va qayta ishlash o‘rniga ularni tashlab yuborishni va almashtirishni tanlaymiz, bu global elektron chiqindilar inqiroziga olib keladi. Dizayn va ijodkorlik orqali biz elektron chiqindilar masalasini va uning iqtisodiy imkoniyatlarini ko‘rsatmoqchimiz”, dedi Xopkins matbuot bayonotida.
Oldingi qanotni shakllantirish uchun iPhone’lar va bir martalik vaplardan foydalanilgan. Planshetlar yordamida yasalgan orqa qanotdan esa kabellar osilib turadi.
“Avtomobillar uchun yangi akkumulyator texnologiyasini sinovdan o‘tkazish bilan bir qatorda, biz elektron chiqindilar bilan kurashish va eski noutbuklar, mobil telefonlar va boshqa elektr qurilmalaridagi qimmatbaho metallar va minerallarni qayta ishlatishni yo‘lga qo‘ymoqchimiz”, dedi Envision Racing kompaniyasining boshqaruvchi direktori Silvian Filipi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, agar vap va boshqa mahsulotlarda mavjud bo‘lgan millionlab lityum batareyalar qayta ishlansa, bu noyob tuproq minerallarini qazib olishga bo‘lgan ehtiyojni keskin kamaytiradi.
LiveBarchasi