Londondagi Uyg‘ur sudi Xitoyni uyg‘urlar genotsidida aybdor deb topdi

Olam

image

Sharqiy Turkistonda Xitoy hukumati tomonidan olib borilayotgan tizimli bosim va assimilyatsiya siyosatini o‘rganish maqsadida Buyuk Britaniya poytaxti Londonda tashkil etilgan “Uyg‘ur sudi” Xitoy hukumatini uyg‘ur turklari va boshqa milliy ozchiliklarni genotsid qilishda aybdor deb topdi. Hukm bugun, 9 dekabr – Xalqaro genotsidning oldini olish kunida e’lon qilindi.

Sud qaroriga ko‘ra, Xitoy Kommunistik partiyasi uyg‘urlar va ularning turmush tarzini ataylab qisman yo‘q qilishga harakat qilmoqda.

Sud raisi Jeffri Nits Xitoy hukumatini ommaviy qamoqqa olish, oilalarni bir-biridan ajratish, sterilizatsiya, jinsiy zo‘ravonlik, majburiy mehnat va madaniy meros ob’ektlarini yo‘q qilish siyosatini qo‘llashda aybladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Xitoy Kommunistik partiyasi uyg‘urlar orasida tug‘ilish darajasini pasaytirish bo‘yicha maqsadli va tizimli siyosat olib bormoqda. Xitoy hukumati genotsiddan tashqari, zo‘ravonlik, qiynoqlar va majburiy sterilizatsiya kabi g‘ayriinsoniy jinoyatlarda ham aybdor deb topilgan.

Hozircha ushbu sud qarori qonuniy kuchga ega emas. Ushbu sudni tashkil qilishdan asosiy maqsad Xitoy hukumati olib borayotgan noinsoniy va zulmkor siyosatga xalqaro miqyosdagi sudlar va inson huquqlari tashkilotlarining e’tiborini jalb qilishdan iborat bo‘lgan.

Bunga qadar, joriy yilning iyun va sentyabr oylarida bo‘lib o‘tgan sud yig‘ilishlarida guvohlar, ekspertlar tinglanib, yuzlab sahifali dalillar to‘plangan. Xitoy hukumati esa ushbu sud majlisiga vakil yuborishdan bosh tortgan.

AQSH Davlat departamenti, Buyuk Britaniya, Belgiya, Kanada va Niderlandiya parlamentlari Xitoyning uyg‘urlarga qarshi harakatlarini genotsid deb tan olmoqda.

Behruz Saidov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

288

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing