Lola Karimova yordami bilan 3 nafar bola Fransiyada operatsiya qilindi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning kenja qizi, “Sen yolg‘iz emassan” fondi hamda Islom Karimov nomidagi Respublika xayriya jamoat fondi vasiylik kengashi raisi Lola Karimova-Tillyayevaning moliyaviy ko‘magi bilan joriy yilning yanvar oyida o‘zbekistonlik uch nafar bola Fransiyada og‘ir jarrohlik operatsiyalarini o‘tkazdi. Bu haqda “Sen yolg‘iz emassan” fondining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida xabar berildi. 

Namanganlik 4 yashar Sevinch Umaraliyeva va 10 yashar Komilaxon Sultanxonova, xorazmlik 10 yashar Alibek Abdullayevda tug‘ma yurak xastaligi mavjud edi. 

Ular Fransiyaning Nant shahridagi klinikada yetakchi fransuz kardiojarrohlari tomonidan muvaffaqiyatli operatsiya qilindi. Alibek uchun mazkur jarrohlik operatsiyasi ikkinchi bosqichda amalga oshirildi. Birinchi bosqich 2017 yilning mart oyida Fond ko‘magi bilan Fransiyada o‘tkazilgan edi.

Nant shahridagi klinikaga bolalar onalari bilan birgalikda yuborildi. Tashhislar o‘ta og‘ir bo‘lganligi sababli har bir operatsiya 8-10 soat davom etgan. 

“Bunday og‘ir paytlarda, albatta, yaqin insonlarning daldasi va mehri juda zarur. Shuning uchun bolalarni chet elga operatsiyaga ona yoki buvilari bilan birgalikda jo‘natamiz. Fransuz shifokorlari bolajonlarning ota-onalarini farzandlarining ahvoli haqida muntazam va to‘liq xabardor qilib turishlari uchun fondimiz tomonidan har safar ular bilan birga tarjimon yuboriladi. Operatsiyadan so‘ng bolalar yana bir – bir yarim oy davomida Fransiya shifoxonasida davolanadilar”, deyiladi Fond tarqatgan axborotda. 

Toshkentdan Fransiyaga samolyotda safar paytida sog‘lig‘i zaif bolajonlarning ahvolini nazorat ostida ushlab turish maqsadida Fondning malakali shifokori ularga hamrohlik qiladi. 

Ma’lumot o‘rnida, Sen Yolg'iz Emassan - You are not alone foundation Fondining moliyaviy ko‘magi bilan 2015 yildan beri fransiyalik kardiojarrohlar tomonidan o‘zbekistonlik kam ta’minlangan oila farzandlari va Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilariga jami 100 yaqin murakkab yurak operatsiyalari amalga oshirilgan. Ulardan 16 tasi Fransiyaning Nant shahridagi klinikada bajarildi. 
 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

29

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing