“Liverpul” chempion bo‘lishi aniq edi

Sport

image

O‘yin haqida. Finalning ilk daqiqalaridayoq belgilangan penalti o‘yin tempini biroz tushirib yuborgandek ko‘rinsa-da, biroq har ikki jamoa, “Liverpul” va “Tottenhem” maydonning har bir santimetri uchun kurash olib bordi. 

Qizg‘in kechgan ilk taym ko‘plab esda qolarli hujumlarga boy o‘tdi. Ikkinchi taym boshidanoq “Shporlar” g‘alaba sari ildamladi. “Liverpul” bu kecha faqat g‘olib bo‘lish uchungina maydonga tushganini har safar eslataverdi. Ayniqsa, Vir Jilning hayratomuz o‘yinlari va Alissonning seyvlari londonliklarning urinishlarini chippakka chiqaraverdi. O‘yin oxiridagi gol esa amalda barchasini hal qilib bo‘lgandi.

Bu kecha “Tottenhem” muxlislari chorak va yarim finaldagi “kambek”larni kutishgani aniq. Ammo raqib na “Manchester siti”, na “Ayaks” edi. 

“Liverpul” turnirning o‘tgan mavsumi finalida “Qirollik klubi”dan qabul qilib olgan alamli mag‘lubiyatdan sinib qolmadi. Ko‘pchilik mutaxassis va futbol muxlislari klub o‘yinchilari “singan”i, jamoa tarqalib ketishi bashorat qilgandi. Klopp esa bunga yo‘l qo‘ymadi. Aksincha, jamoa o‘yindan o‘yinga kuchayib, jipslashib bordi. Ro‘parasidan chiqqan har qanday raqibni tiz cho‘ktira oldi. Hatto, Messisi bor “Barselona” ham yanchib tashlandi. 

Aslida klub o‘tgan mavsum ham chempionlikni qo‘lga kiritishi mumkin edi. Yurgen Klopp shogirdlari Salohning jarohat olib maydonni tark etishi ortidan tushkunlikka tushib qoldi. Mavsumni fantastik tarzda o‘tkazgan Salohning Serxio Ramos tarafidan “tinchitilishi” “Liverpul”ga qimmatga tushdi. 

Negaki, o‘tgan mavsum butun klub maydonda Saloh bilan o‘ynashga o‘rgangan, barcha to‘p uzatishlar unga bo‘lardi. 

Klopp xatolarini to‘g‘riladi. U Saloh, Firminosiz ham har qanday jamoani yengish mumkinligini shogirdlariga o‘rgatdi.  

Yarim finalda “Barselona” ustozining ishongan “tog‘”lari “Enfild”da yosh bolalardek o‘yin ko‘rsatdi. Ilk o‘yinda kimligini barchaga ko‘rsatib qo‘ygan jamoa sardori Messi javob o‘yinida xuddi Ispaniya chempionatidagi autsayderga qarshi o‘ynayotgandek taassurot qoldirdi. Bir ikki urinishni hisobga olmaganda bu kecha u porlamadi. Aniqrog‘i, “Liverpul” futbolchilari ularga imkon bermadi. 

“Barselona” ushbu o‘yin oldidan “MYU”ni qanday yenggani haqida o‘ylagan, “Liverpul” ham shu tarzda yanchilishini o‘ylagan bo‘lsa ajabmas. Lekin, bu mavsum “mersisaydliklar” fantastik o‘yin ko‘rsatdi. Angliya chempionatida g‘olib bo‘lmagan bo‘lsada, ikkichi o‘rinda qolib ham 97 ochkoni qo‘lga kiritdi. Buni unga raqib bo‘lganlar tushunib yetishi kerak edi.

Muxtasar aytganda, “Liverpul” o‘tgan yilgi qilolmagan ishini bu yil uddaladi. U hozirda Angliyada sovrinlar bo‘yicha yakka peshqadamga aylanib oldi. 

“Tottenhem” uchun esa ilk final yomon o‘tmadi. Chorak finalda fantastik o‘yin ko‘rsatgan “osiyolik shervachcha” (Son Xin Min) ham, yarim finalda “Ayaks”ni bir o‘zi tiz cho‘ktirgan Lukas Moura ham bu kecha hech nima qila olmagandir, ammo ular tarixda ilk marta finalga chiqqanlar bo‘lishdi. 

Tarix yozib bo‘lindi, kelajak esa davom etaveradi. UEFA Chempionlar ligasi turniri esa sizu bizlarni “kambek”, “super kambek”lari, iste’dodlari, kutilmagan natijalari va chiroyli gollari bilan xushnud etaveradi.


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

44

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing