Leps va boshqa mashhurlar “qora ro‘yxat”ga kiryapti

Olam

image

Yevropa Ittifoqi (YeI) Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar paketi doirasida 144 kishini, jumladan teleboshlovchilar Boris Korchevnikov va Marina Kim,  qo‘shiqchi Grigoriy Leps, Goblin taxallusi bilan tanilgan yozuvchi va bloger Dmitriy Puchkovni qora ro‘yxatga kiritishi mumkin. Bu haqda bugun, 12 dekabr kuni “Euobserver” portali to‘qqizinchi cheklov paketi loyihasiga tayanib xabar berdi. 

Bundan tashqari, siyosatshunos Sergey Mixeyev va tadbirkor Yuriy Kovalchukning to‘rt nafar oila a’zosi ham sanksiyalarga tortilishi mumkin. 

NTV/NTV-Mir, Rossiya-1, REN TV telekanallarining Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida translyatsiya qilish litsenziyalari bekor qilinadi. Portal ma’lumotlariga ko‘ra, yangi cheklovlar loyihasi Rossiyaning REN TV va TV-Novosti kompaniyalarining beshta rahbarini ham qora ro‘yxatga tortishni o‘z ichiga oladi. 

Bundan tashqari, Butunrossiya davlat teleradiokompaniyasi va Milliy media guruhi mediaxoldingining Yevropa Ittifoqidagi aktivlari muzlatilishi kerak. 

“Butunrossiya davlat teleradiokompaniyasi davlat media xoldinglari va Milliy media guruhi mediaxoldingi, ANO TV-Novosti davlat telekompaniyasi va Yevropa Ittifoqi Rossiya Tashqi razvedka xizmatining fronti deb atagan tashkilot – Moskvadagi Strategik madaniyat jamg‘armasining aktivlari Yevropa Ittifoqida muzlatib qo‘yiladi”, deb yozgan portal.

Ma’lumotlarga ko‘ra, sanksiyalar Rossiyaning 169 kompaniyasiga tog‘-kon sanoatiga sarmoya kiritish va ikki tomonlama maqsadli texnologiyalarni sotishni taqiqlash, shuningdek, Moskva kredit banki va “Dalnevostochniy bank” banki aktivlarini muzlatishdan iborat. 

Avvalroq Yevropa Ittifoqining tashqi siyosat bo‘yicha rahbari Jozep Borrel Yevropa Ittifoqi mamlakatlari Tashqi ishlar vazirlarining Bryusseldagi yig‘ilishida Rossiya Federatsiyasiga qarshi sanksiyalarning to‘qqizinchi paketi bo‘yicha bir to‘xtamga kelinmagani, kelishmovchiliklar saqlanib qolayotganini aytgandi. 

Yevrokomissiya tomonidan taxmin qilinganidek, 200 nafargacha jismoniy shaxslar, kompaniya va tashkilotlar, jumladan, uchta bank, harbiy-sanoat kompleksi, energetika kompleksi va tog‘-kon sanoati korxonalari to‘qqizinchi sanksiyalar paketi doirasida qora ro‘yxatga kiritilishi kerak. Shuningdek, YeI o‘z hududida Rossiyaning to‘rtta telekanali ko‘rsatilishini ham taqiqlamoqchi. Yevropa Komissiyasi sanksiyalar tasdiqlanmaguncha kompaniyalarning nomlarini oshkor qilmaydi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

41

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing