Lenin dohiymi yoki o‘g‘ri?

Bu qiziq

image_2021-06-03_13-52-30

“Tarix bemazagarchiliklar va axmoqliklar bilan to‘lib-toshib yotibdi”

Fyodor Dostoyevskiy “Jinoyat va Jazo” kitobidan.

SSSRda Mixail Gorbachyov rahbarlik qilgan davrda biroz bo‘lsa-da oshkoralik siyosati yuritildi. Ko‘plab tarixchi olimlarga arxiv hujjatlarni o‘rganishga ruxsat beriladi. Shunda tarixchi Anatoliy Grigorevich Latishevga 1991 yilda Davlat xavfsizlik qo‘mitasi (KGB) arxivida saqlanayotgan maxfiy “Lenin fondi”ga kirib, hujjatlarni o‘rganib chiqishga ruxsat berilgan. Dastlabki 30 ta hujjatni o‘qiboq, bir umr Leninning avliyoligiga ishonib, sig‘inib kelgan sho‘rlik tarixchi olim shokka tushib qoladi.

Ushbu maqola yaqin o‘tmishdan, aytish mumkinki, tarixning eng jirkanch, zimiston kunlari bo‘lmish sho‘ro zamonlaridan hikoya qiladi. Unda biyron tillarda xalq g‘amini yegan, uning manfaatlari himoyachisi bo‘lgan, amalda esa ayni xalqning so‘nggi burda nonini surbetlarcha tortib olib, o‘zlashtirgan kommunistik mafkura dohiysi “proletariat otasi” Vladimir Ilich Leninning kirdikorlari tarixiy faktlar asosida ochib beriladi.

“Fevral inqilobi”

1917 yilning 28 fevral kuni Rossiya imperiyasida yuz bergan inqilob 300 yildan ortiq vaqt mobaynida hukmronlik qilib kelayotgan Romanovlar sulolasini ag‘darib tashladi. 1917 yil 2 mart kuni podshoh Nikolay II o‘z ukasi Mixail foydasiga taxtdan voz kechadi. Ammo mamlakatda xalq noroziliklari kuchaygani sababli Mixail Romanov taxtni egallash borasidagi taklifni qabul qilmaydi. Mixail Faqatgina xalqning roziligi bilan taxtga vorislik qilishi mumkinligini bildiradi.

Mamlakatda inqilob natijasida ikki hokimiyatchilik qaror topdi. Birinchisi, burjua partiyalar vakillaridan iborat Aleksandr Kerenskiy boshchiligidagi Muvaqqat hukumat. Ikkinchisi, Petrograd (Rossiya imperiyasi poytaxti. Hozirgi Sankt-Peterburg) shahar ishchilari hamda dehqon, askarlar qo‘lidagi hokimiyat.

Dohiyning Shveysariyada tuzgan rejasi

Rossiyada alg‘ov-dalg‘ov boshlangan vaqtda “Bolshevik”lar dohiysi Lenin o‘zining jahon inqilobi haqidagi orzulariga berilib, Shveysariyada muhojirlikda yashar edi. Rossiyada boshlangan inqilobiy voqealar xususida gazetalar orqali xabar topib turgan Lenin qo‘zg‘olonchilarni politsiyaga qarata kislota sepishga, askarlar ustidan qaynoq suv to‘kishga da’vat etib, quyidagicha farmon yo‘llaydi: “Ommaviy terror uyushtirilsin. Askarlarga aroq ichirayotgan yuzlab buzuqilar, sobiq ofitserlar va shu kabilar shahar tashqarisiga olib chiqilib, otib tashlansin. Farmon ijrosi biror daqiqaga bo‘lsin, kechiktirilmasin”.

1917 yilning 3 aprel kuni kechqurun, Leninning o‘zi Rossiya imperiyasi poytaxti Petrograd shahriga yetib keladi. Rossiyaga kelgan zahoti u mavjud tuzumni “sotsialistik inqilob” yo‘li bilan ag‘darishga kirishadi.

Oshkorlik siyosati davrida “Oganyok” jurnali, “Literaturnaya” gazetasi, Markaziy televideniyening “Vzglyad” ko‘rsatuvlarida sobiq SSSR dohiysi Leninning 1917 yil fevral burjua inqilobidan keyin Rossiyaga qaytib kelishi to‘g‘risida ayrim faktlar berilgan.

Faktlarda, 1917 yil boshiga kelganda Germaniya ikki frontda jang olib borishga qiynalib qoladi. Germaniya imperatori Vilgelm II Rossiya imperiyasidagi xalq noroziligidan foydalanib, Rossiyani Birinchi jahon urushidan chiqarish rejasini tuza boshlaydi. Vilgelm II Rossiya imperiyasini urushdan chiqarish orqali faqatgina g‘arbiy frontda Angliya va Fransiyaga qarshi urush olib borishni ko‘zlagan edi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Lenin Shveysariyada yurgan vaqtida Germaniya maxsus xizmati va kontrrazvedkasi tomonidan Germaniya foydasiga og‘dirib olingan. Buning uchun Leninga 100 milliondan ortiq nemis markasi berilgan. Maxfiy kelishuvga ko‘ra, Lenin “bolshevik”lar partiyasining rahbari sifatida Rossiyaga kelib, hokimiyatni qo‘lga olishi va Rossiya imperiyasini Birinchi jahon urushidan chiqib ketishini ta’minlashi kerak edi.

Ayyor dohiy ham Germaniya hukumatiga o‘z talablarini qo‘ydi. Avvalo, Germaniya Rossiyadagi inqiloblarga harbiy tomondan yordam berishi, undan so‘ng, yangi o‘rnatiladigan cheklanmagan hokimiyatni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashi zarur edi.

Rossiya Imperiyasi Birinchi jahon urushida “Antanta” ittifoqi tomonida turib “Uchlar ittifoqiga” qarshi urush olib borayotgan edi. 1917 yil fevral voqealaridan so‘ng frontda urush harakatlari to‘xtab qoldi. Mamlakatda tuzilgan Muvaqqat burjua hukumati urushni davom ettirishga qaror qildi va 1917 yil iyul oyining boshida hujumga o‘tish haqida buyruq berdi. Ammo bu hujum yirik mag‘lubiyat bilan yakunlandi.

Bundan foydalangan Lenin Petrograd shahri aholisini ommaviy miting uyushtirishga undab, urushni davom ettirishga qarshilik bildirdi. 1917 yil 4 iyulida esa norozilik namoyishlari boshlanib ketdi. Unda 500 mingdan ortiq kishi qatnashdi. Namoyishchilar Muvaqqat hukumatning iste’foga chiqishini va hokimiyatni Sovetlar qo‘liga berilishini talab qildilar.

Bolsheviklar partiyasi

Rossiya sotsial-demokrat ishchilar partiyasi 1903 yilda Londonda tashkil etilgan bo‘lib, partiya ikki, ya’ni “bolsheviklar” va “mensheviklar” guruhidan iborat edi. Birinchi guruh “Bolshevik” deb atalishiga sababi partiyaning nizomi va matbuot organi hamda markaziy boshqaruv organlarini tashkil etish uchun o‘tkazilgan saylovdagi ovoz berish natijasiga ko‘ra, “bolshevik”larning rahbari Vladimir Ilich Leninning tarafdorlari ko‘p ovoz olgan. Shu sababli ularning “bolshevik” – “ko‘p” yoki “ko‘pchilik” ma’nosini anglatuvchi qismi paydo bo‘ladi. O‘sha saylovda kam ovoz olganlar “menshevik”, ya’ni “kam” ovoz olganlar deb atala boshlandi.

Vanihoyat, 1917 yilning 25 oktyabrida Lenin boshchiligida “bolshevik”lar partiyasi hokimiyatni egallab oldilar. “Bolshevik”lar o‘zlari qurmoqchi bo‘lgan yangi jamiyatni kommunistik jamiyat deb atashdi. Ularning fikricha, bu jamiyat o‘z taraqqiyotida ikki bosqichni bosib o‘tishi kerak: birinchi bosqich – sotsializm, ikkinchi bosqich esa – kommunizm edi.

Brest sulhi

Lenin 1917 yilning 14 noyabrida Sovet hukumati xususiy zavod va fabrikalarda ishchi nazoratini o‘rnatish to‘g‘risida qaror chiqardi. Boshqaruvni asta-sekin o‘z qo‘liga ola boshlagan Lenin Germaniya hukmron doiralariga bergan va’dasini bajarishga kirishdi.

Dohiyning o‘z vallomatlariga minnatdorligi Brest sulhida o‘z aksini topdi. 1918 yil 3 martda Brest shahrida Germaniya bilan tinchlik shartnomasi imzolandi. Brest tinchlik shartnomasi aslida Germaniyaga taslim bo‘lish bilan barobar edi. Rossiya uchun Brest sulhi og‘ir va tahqirlovchi bo‘lsa-da, mamlakat  shu orqali uzoq kutilgan tinchlikka erishdi. Shartnomaga ko‘ra, Rossiyaning Kars, Ardaxan va Batumi hududlari Turkiyaga berildi. Ukraina va Finlyandiya mustaqil davlatlar, deb e’tirof etildi. Rossiya o‘zining 780 ming kv km hududini yo‘qotdi. Shshuningdek, butun armiyasini darhol tarqatib yuborish, flotini portlarga qaytarish va qurolsizlantirish shartini oldi.

Igor Bunich o‘zining “Partiyaning Oltinlari” kitobida shunday yozadi:

— O‘sha davrning aql egasi hisoblangan Berdyayev “Sotsializm – hasad mafkurasidir” deb xulosa chiqargan, lekin unga hech kim quloq solmagan. “Bolshevik”lar mol-mulklar hamma mehnatkashlarga teng barobar taqsimlab beriladi, degan bahona bilan zodagonlar boyliklarini tortib ola boshladilar. Bu ertakka ishonmaganlarni otishgan, suvga cho‘ktirishgan, yerto‘lalarda sudsiz, tergovsiz gaz bilan zaharlashgan. “Hech kimdan so‘rab o‘tirmay, ahmoqona daxmazalarga yo‘l qo‘ymay, otib tashlansin!”, deb buyurgan shaxsan buyuk Dohiy.

Bundan tashqari, Lenin o‘z tarafdorlariga “O‘rnak bo‘ladigan darajada shafqatsiz bo‘ling!”, deb qattiq ta’lim bergan.

Dohiyning bir sevimli iborasi bo‘lgan “Rossiyaga tupurganman. Chunki men “Bolshevik”man”. Bu ibora Leninning sheriklariga shior bo‘lib ketgan, ular bu iborani o‘rni bo‘lsa-bo‘lmasa takrorlashni yaxshi ko‘rishgan.

“Bolshevik”lar agar hokimiyatni egallab ololmasa, tortib olingan boyliklarni olib, Argentinaga qochib ketish rejasini tuzib qo‘yishgan edi.   

Tarixiy xujjatlarda “Proletariat dohiysi” Lenin umrining xotimasida aqldan ozib, qilgan gunohlari uchun o‘z yaqinlaridan uzr so‘rab, tortib olingan mol-mulklarni xalqqa qaytarib berishni so‘ragan xolatda 1924 yil 21 yanvar kuni o‘lim topgan ekan. Millionlab odamlar uchun dohiy, barkamol timsol bo‘lgan shaxs uchun g‘alati o‘lim emasmi?

Bu “dohiy”ning behisob kirdikorlarini siz aziz o‘quvchiga iloji boricha ixchamroq shaklda yetkazishga harakat qildik. Lenin hatto bizning o‘lkamizdagi boyliklarga ham ko‘z tikib qo‘ygan edi. Bu mavzu to‘g‘risida, albatta, keyingi maqolamizda ma’lumot berishga harakat qilamiz.

Sardor Ali Nurmatov


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

1019

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing