Shavkat Mirziyoyev Toshkentdagi qurilish ishlari bilan tanishdi

Jamiyat

image

Xabaringiz bor, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 19-20 fevral kunlari tashrif bilan Turkiyada bo‘ldi.

Davlat rahbari Turkiyaga amalga oshirilgan samarali va sermahsul tashrifning ertasigayoq o‘z ish kunini har doimgidek qizg‘in faoliyat bilan boshladi. Bugun, 21 fevral kuni Shavkat Mirziyoyev joriy yil Toshkent shahrida amalga oshiriladigan qurilish va ijtimoiy loyihalar bilan tanishdi.

Prezident tashabbusi bilan aholiga munosib turmush sharoiti yaratish, odamlarning hayotdan roziligiga erishish, tibbiy xizmat va ta’lim sifatini oshirish borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda.

2020 yilda Toshkentda keng ko‘lamli bunyodkorlik loyihalari amalga oshirilishi rejalashtirilgan. 

Xususan, Bektemir tumanining “Majnuntol”,  “Bektemir”, “Oltin topgan”, “Binokor” mahallalari, Husayn Boyqaro, Ziroat ko‘chalari bo‘ylab umumiy uzunligi qariyb 18 ming pogon metr yangi ichimlik suvi quvurlari o‘rnatilishi mo‘ljallangan. Buning natijasida 6,8 mingdan ortiq aholi markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanadi, poytaxt bo‘ylab markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasi 100 foizga yetkaziladi.

Toshkent shahridagi “Bo‘zsu” va “Salar” suv tozalash inshootlarini quvvatini sutkasiga 200 ming metr kubga oshirish rejalashtirilgan. 

Toshkent shahrida bugungi kunda 1564 ko‘p qavatli uylarda aholiga 5001 ta lift xizmat ko‘rsatmoqda. Mavjud liftlarning 3343 tasi muddatini o‘tab bo‘lgan.  Oxirgi 4 yilda 572 ta lift yangilandi.

Prezidentning Uchtepa tumaniga tashrifi davomida bergan topshiriqlariga muvofiq 697 ta liftni yangilash ko‘zda tutilgan. Yiliga 700 tadan lift yangilansa, yaqin 5 yilda poytaxtdagi muddatini o‘tab bo‘lgan liftlarning barchasini almashtirishga erishiladi.

Joriy yilda Bektemir, Olmazor, Shayxontohur, Yashnobod tumanlarida yangi maktabgacha ta’lim muassasalari qurish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, Bektemir va Yashnobod tumanlarida maktab, Sergeli tumanida ko‘p tarmoqli shifoxona, Chilonzor va Yashnobod tumanlarida oilaviy poliklinika, Sergeli va Olmazor tumanlarida yangi madaniyat markazlari qurilishi belgilangan. Umumiy hisobda 1,047 ming kvadrat metr yo‘l ta’mirlanadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevga ana shu loyihalar haqida batafsil ma’lumot berildi.

Davlat rahbari loyihalarning samaradorligi va ijtimoiy ahamiyatiga alohida e’tibor qaratdi. Ularning belgilangan muddatlarda amalga oshirilishini ta’minlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

107

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing