Ko‘zbo‘yamachilik ortida kim bor? Turkiyadan Toshkentga qaytgan Mirsodiqova aeroportdagi boshboshdoqlik haqida bong urmoqda
Tahlil
−
19 yanvar 2022
33120Avvalroq, joriy yilning 15 yanvaridan boshlab O‘zbekistondagi barcha xalqaro aeroporlarda ekspress-test topshirish tizimi joriy etilgani, u 5 dollar qiymatida ekani haqida xabar bergan edik. Respublika maxsus komissiyasining qarori bilan yo‘lga qo‘yilgani ro‘kach qilinayotgan ushbu tizim qonunlarga zid ravishda faoliyat yuritayotgani bo‘yicha qator faktlar mavjud. Ma’lumki, Respublika maxsus komissiyasining qarorlari va yig‘ilish bayonnomalari Sog‘liqni saqlash vazirligi orqali Matbuotda yoritib boriladi. Biroq, “Uzbekistan Airports” AJ 11 yanvarda o‘tgan yig‘ilishda qabul qilingan qaror deb isbotlashga urinayotgan hujjat bo‘yicha hech qayerda rasmiy ma’lumot yo‘q.
Kuni kecha jurnalist Shoira Mirsodiqova Turkiyadan qaytdi va Islom Karimov nomidagi “Toshkent” xalqaro aeroportidagi tartibsizlik, boshboshdoqlikka o‘z ko‘zlari bilan guvoh bo‘ldi.
Jurnalistning ta’kidlashicha, test topshirish jarayonida na tibbiyot xodimlari va na aeroport mas’ullari sanitariya va karantin talablariga rioya qilgan. Ustiga-ustak aeroportda uchib kelgan yo‘lovchilarni karantin talablari doirasida qabul qilishga umuman sharoit yo‘q. Mirsodiqova samolyot trapidan to aeroport tashqarisigacha ko‘rgan-kechirganlarini bir lavhada jam qildi va YouTube’dagi sahifasiga joylashtirdi. U shunday deydi:
“2022 yilning 15 yanvar kun Istanbul – Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha uchib kelgan yo‘lovchilar qatorida men ham bor edim. Vaziyatni oydinlashtirish maqsadida voqeani boshidan, ya’ni samolyotdan tushganimizdan keyin boshlamoqchiman. Istanbul – Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha parvozni amalga oshirgan samolyot o‘z vaqtida “Toshkent” xalqaro aeroportiga kelib qo‘ndi. Sayohat va parvoz ko‘ngildagidek o‘tganidan xotirjam va yaxshi kayfiyatda edik. Lekin samolyotdan tushganimizdan keyin bizni pasport nazoratiga olib boruvchi avtobus mamlakatdagi karantin qoidalariga amal qilmay, yo‘lovchilar bilan zich to‘la ekanligidan ko‘nglimiz xira bo‘la boshladi. Chunki yo‘lovchilarning nafasi bir-biriga tegib turar edi. Bu aslida ko‘ngilsizliklarning boshlanishi ekan. Binoga kirib kelgach, karantin talab-qoidalarining amalda umuman ishlamayotganligiga guvoh bo‘lishingiz mumkin (tasvirlarda aks etgan)”, deydi jurnalist.
U so‘zida davom etarkan, hukumatning nega testni pullik qilgani va qo‘lida 48 soat davomida amal qiluvchi PZR testi natijasi borligiga qaramay, yana test topshirish majburiy qilinganidan hayronligini bildirdi.
“Aslida har bir yo‘lovchining qo‘lida PZR testi bo‘lishiga qaramasdan, yana test topshirishga majbur qilindik. To‘g‘ri, bu Hukumatning odamlar salomatligini asrash maqsadida qilayotgan sa’y-harakatidir. Lekin bunga aeroport hududida sharoit yaratilganligi bahsli masala (aeroportdagi odamlarning noroziligi aks etgan tasvirlar). Hukumatimiz xalqimiz salomatligiga shunchalik qayg‘urayotgan ekan, nega bu test pullik xizmat bo‘lishi kerak?”, deya qo‘shimcha qildi Shoira Mirsodiqova.
Barchamizga ma’lum xorijdan kelayotgan O‘zbekistonga kelayotganlar, avvalo, “Toshkent” xalqaro aeroportining mehmoni bo‘ladi. Ko‘p holatda ular aeroportdagi holatdan kelib chiqib, mamalakatdagi vaziyatga baho beradi. Jurnalist mana shu kabi bir qancha holatlarga ham to‘xtalib o‘tdi.
“Uchib kelgan yo‘lovchilar orasida turli davlatlar vakillarining ham bo‘lishi shubhasiz. Chunki aeroport mamalakatning darvozasi, u yerdagi munosabatga qarab davlatga baho beriladi. Qolaversa, yo‘lovchilarning qo‘lida o‘zbek so‘mi tugul, umuman pul bo‘lmasligi ham mumkin. Men ham qo‘limda o‘zbek so‘mi yo‘qligi va oxirgi 10 dollar qolgani bois navbatga turishga majbur bo‘ldim. Pul almashtirishga mas’ul bo‘lgan bank xodimi niqobsiz bo‘lib, go‘yo unga karatin talab va qoidalarining daxli yo‘qdek ko‘rinardi”, deydi Mirsodiqova.
Shuningdek, jurnalist ekspress-test olib, yuzlab odamlar bilan muloqot qilayotgan tibbiyot xodimlarining o‘zi ham karantin qoidalariga amal qilmayotganiga guvoh bo‘lganini aytadi. Qayd etishicha, tibbiyot xodimlari, hatto, bir martalik qo‘lqopni taqishni borasidagi talabni ham pisand qilmayapti. Bunga e’tiroz bildirgan jurnalistga esa, “agar qo‘lqop almashtirsak, bu yerdan 5 soatsiz chiqmaysiz”, deb javob qilgan.
“Test olayotgan tibbiyot xodimlari bir martalik tibbiy qo‘lqopni o‘zimiz esga solmagunimizcha almashtirishni xayoliga keltirmadi. Vaholanki, har bir yo‘lovchidan test uchun olinayotgan 5 dollar, ya’ni 50 ming so‘mdan ortiqroq mablag‘ni tashkil etadi. Qo‘lqopni almashtirmaslik, shuningdek sanitariya-epidemiologiya qoidalariga rioya etilmayotgani har qanday kishida vaziyatga nisbatan ishonchsizlikni uyg‘otadi”, deydi Shoira Mirsodiqova.
Mirsodiqova so‘zida davom etarkan, u topshirgan test natijasi dastlab manfiy, biroz o‘tib musbat chiqqanidan hayratdaligini bildirgan. Tibbiyot xodimlari uning koronavirusga chalinganini bilsa ham boshqalar qatori uyiga ketishiga izn bergan. Agar koronavirusga chalingan va chalinmagan bemorlarga teng munosabatda bo‘linsa, tezkor choralar ko‘rilmasa, PZR-test ortidan ekspress-test topshirgandan nima naf? Bunday ko‘zbo‘yamachilik kimga kerak? Maqsad cho‘ntakni qappaytirishmi?
“Nihoyat uzoq kutilgan navbatim ham keldi. Lekin test oluvchilar orasida niqobsiz mas’ullarni ko‘rgach, yana xunobimiz oshdi. Xullas, uzoq kutilgan testni topshirib, manfiy natijada ekanligimga ishonch hosil qilgach, aeroport binosidan tashqariga chiqdim. Bir payt ortimdan kimdir chaqirdi, qarasam test oluvchi xodimlardan biri ekan. U men topshirgan test musbat chiqqanini bildirish maqsadida, sekingina “siz kovidsiz” deya qulog‘imga shivirladi. Qaysi javobga ishonishni ham bilmay qoldim. Avval manfiy deyishdi, keyin musbatga aylandi. Demak, men 5 dollarni noaniq ma’lumot olganim uchun to‘labman-da. O‘zimni yaxshi his qilishimga qaramay, biroz sarosimaga tushib, endi nima qilay deb so‘radim. Shunda u hech qanday asoslovchi ma’lumot taqdim qilmay, “oilaviy poliklinikangizga murojaat qiling”, dedi. Bu, albatta, kishining ko‘nglida xavotir va tashvish uyg‘otishi tayin. Chunki oilamda uch nafar voyaga yetmagan bolam bor”.
Jurnalist uyiga qaytgach, qayta test topshirgan va bu safarga test javobi manfiy bo‘lib chiqqan.
Shoira Mirsodiqovaga ko‘ra, bir kunda Toshkent aeroportiga taxminan 20 tadan 30 tagacha samolyot kelib qo‘nadi va undagi yo‘lovchilarning soni 150 tadan 300 gachani tashkil qiladi. Demak, har bir yo‘lovchidan 5 dollardan olinsa, yig‘ilgan mablag‘ bir necha raqamdan iborat summani tashkil etishi aniq.
“Qulog‘imga kelib, kasalligimni shivirlab, pinhona aytgan xodim menga hech qanday asoslovchi ma’lumotnoma va yo‘riqnomani bermay, bemalol shaharga chiqarib yuborgandan keyin savol tug‘iladi: har qanday sa’y-harakat natija uchun xizmat qilmas ekan, har bir yo‘lovchidan test olishdan maqsad nima? Nazarimda, hukumat qarorlarining ijrosini bajarishda yuzakilikka yo‘l qo‘yilishi xuddi olomonga tomosha qo‘yilayotgandek tasavvur uyg‘otishi aniq”, deya hayratlandi voqealarning real ishtirokchisi bo‘lgan Mirsodiqova.
LiveBarchasi